Vengriya 10 nafar rossiyalik diplomatni haydab yubordi

Vengriya 10 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi
Vengriya 8-sentyabr kuni 10 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan haydaganini ma’lum qildi. Rasmiylar ularning xatti-harakatlari diplomatik maqomiga mos kelmasligini bildirdi. Bu sobiq bosh vazir Viktor Orbanning Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi siyosati yakunlanganini anglatmoqda.
Interfaks agentligining yozishicha, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunga javobsiz qolmasligini va javob Vengriya uchun og‘riqli bo‘lishini aytgan.
Viktor Orban 16 yillik boshqaruvdan keyin aprel oyida hokimiyatdan ketgan. U 2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan edi.
Orbanning rahbarligi davrida Vengriya Rossiyadan neft va gaz xarid qilishda davom etdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini kechiktirdi hamda Ukrainaga ajratiladigan 90 milliard yevrolik (97 milliard dollar) kreditni to‘xtatib turdi.
Urush boshlanganidan beri ko‘plab Yevropa davlatlari o‘nlab rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborgan. Vengriya esa birortasini ham haydamagan edi. Mamlakat 2018-yildan beri hech kimni ochiqchasiga ortiga qaytarmagan.
Vengriya tashqi ishlar vaziri Anita Orban (u sobiq bosh vazirga qarindosh emas) bayonot berdi. Uning aytishicha, chiqarib yuborilayotgan diplomatlar Vena konvensiyasiga zid faoliyat yuritgan.
“Bu qaror Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzishni anglatmaydi. Vengriya zarur muloqotni davom ettirmoqchi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Yangi bosh vazir Peter Madyar va uning o‘ng-markazchi hukumati muntazam ravishda mamlakatning asosiy ittifoqchilari Yevropa Ittifoqi hamda NATO ekanini ta’kidlab kelmoqda. Yangi hukumat Viktor Orban davrida yo‘qolgan ishonchli munosabatlarni qayta tiklashni istaydi.
May oyidagi parlament eshituvida Anita Orban Rossiya hamkor bo‘lib qolishini aytgan edi. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, munosabatlar bir tomonlama qaramlikka asoslanmasligi kerak. Shuningdek, u Rossiya siyosati Vengriya va Yevropa xavfsizligiga xavf tug‘dirishini qo‘shimcha qilgan.
Avgust oyida Vengriya qonun chiqaruvchilari Oliy sudning sobiq rahbari Andras Bakani mamlakatning yangi davlat rahbari etib tasdiqlagani haqida xabar berilgandi. U sobiq bosh vazir Viktor Orban davrida lavozimidan bo‘shatilgan va uning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. Bu orqali hukumat Orbanning davlat idoralaridagi ta’sirini kamaytirishni ko‘zlagan.

