Vashington gubernatori O‘zbekistonning Sietldagi ilk bosh konsulxonasi ochilishi bilan tabrikladi

Vashington gubernatori O‘zbekistonning Sietldagi ilk bosh konsulxonasi ochilishi bilan tabrikladi
Vashington shtati gubernatori Bob Ferguson O‘zbekistonning Sietl shahridagi bosh konsulxonasi rasmiy ravishda ochilgani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. U Vashington shtati aholisi nomidan yangi diplomatik vakolatxona ochilganini olqishladi.
Gubernator ta’kidlashicha, Sietldagi bosh konsulxona O‘zbekistonning nafaqat Vashington shtatidagi, balki AQSHning butun G‘arbiy sohilidagi ilk konsulxonasi hisoblanadi. U Vashington shtatidagi birinchi bosh konsul Ahror Burhonovni ham tabriklab, unga va jamoasiga “Doimo yashil shtat”ga xush kelibsiz, deya murojaat qilgan.
Ferguson yangi diplomatik vakolatxona savdo va investitsiyalar, texnologiyalar, innovatsiyalar, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, madaniyat va turizm kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini qayd etgan.
“Gubernator sifatida kelgusidagi hamkorlikdagi ishlarimizni katta umid bilan kutaman. Bilishimcha, mamlakatlarimiz, shuningdek, Vashington shtati va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik uzoq vaqtdan buyon davom etib kelmoqda. Ushbu sheriklikning yanada rivojlanishini intiqlik bilan kutaman. Yana bir bor sizlarni ushbu nihoyatda muhim voqea bilan tabriklayman va Vashington shtatiga xush kelibsiz, deyman!” deyiladi tabrikda.
4-sentyabr kuni AQSHning Sietl shahrida O‘zbekiston bosh konsulxonasi rasman ochilgandi.

