Vadim Rozenshteyn — FIDE prezidentligiga nega nomzodini qoʻyayotgani, shaxmatdagi siyosat, chiterlik va kibersport haqida
Samarqandda 26 sentyabr kuni Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. Nomzodlardan biri, WR Chess asoschisi Vadim Rozenshteyn «Gazeta»ga nima uchun saylovda qatnashayotgani, federatsiya faoliyatida nimalarni oʻzgartirmoqchi ekanligi haqida gapirib berdi, shuningdek, siyosat, chiterlik, kibersport va shaxmatning kelajagi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Vadim Rozenshteyn — nima uchun FIDE prezidentligiga nomzodini qoʻyayotgani, shaxmatdagi siyosat, chiterlik va kibersport haqida
Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi fonida FIDE Kongressi boʻlib oʻtmoqda, uning asosiy voqealaridan biri Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbariyati saylovi boʻladi. Prezident va uning oʻrinbosari uchun ovoz berish 26 sentyabr kuni Bosh assambleyada boʻlib oʻtadi.
Prezident va oʻrinbosar yagona tiket (juftlik) sifatida saylanadi, bunda Bosh assambleyada vakillik qiluvchi har bir milliy federatsiya bittadan ovozga ega boʻladi.
Saylovga uch juftlik nomzod qoʻyilgan: Yan Xenrik Byuttner va Malkolm Peyn, Vadim Rozenshteyn va Gordon Tang, Timur Turlov va Vishvanatan Anand.
2022 yilda FIDE prezidenti etib qayta saylangan Arkadiy Dvorkovich Yevropa Ittifoqining sanktsiyalar roʻyxatiga kiritilganidan soʻng, 23 iyul kuni oʻz vakolatlarini bajarishni ixtiyoriy ravishda vaqtincha toʻxtatdi. Prezidentning vaqtinchalik vazifalari Anandga oʻtdi, u ushbu saylovda Turlov bilan juftlikda prezident oʻrinbosari lavozimiga daʼvogarlik qilmoqda. Dvorkovich nomzodlar roʻyxatiga kirmadi.
«Gazeta» muxbiri Georgiy Shvanov prezidentlikka daʼvogarlardan biri — germaniyalik tadbirkor, WR Chess asoschisi va WR Group Holding raisi Vadim Rozenshteyn bilan suhbatlashdi.
U rapid va blits boʻyicha jamoaviy jahon chempionati tashabbuskorlaridan biri boʻlgan, WR Chess Masters turnirlarini tashkil etgan va WR Women’s Chess Tour seriyasini yoʻlga qoʻygan.
Intervyuda Rozenshteyn nima uchun saylovda ishtirok etishga qaror qilgani, FIDEda nimalarni oʻzgartirmoqchi ekani, shaxmatga yangi auditoriya va homiylarni qanday jalb qilmoqchiligi haqida gapirib berdi, shuningdek, sportdagi siyosat, chiterlik, kibersport va shaxmatning kelajagi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
Shaxmat mening sevimli xobbimga aylandi va hozirgacha shunday boʻlib qolmoqda. Oʻynashni menga bobom oʻrgatgan. Keyin, Germaniyada beshinchi sinfda oʻqib yurganimda, bizga shaxmat toʻgaragiga borishni taklif qilishdi. Oʻshandan beri shaxmatni juda yaxshi koʻrib qoldim, maktab musobaqalarida qatnashdim, keyin esa klubga kirdim va u bilan Germaniya chempionatida gʻolib chiqdik.
Men 30 yilga yaqin vaqtdan beri oʻynayman. Shaxmat — mening sevimli sport turim. Ular fikrlashni rivojlantirish uchun foydali deb hisoblayman: qaror qabul qilishga, taktik va strategik fikrlashga oʻrgatadi, intizomni rivojlantiradi. Va, albatta, koʻplab odamlarga katta zavq bagʻishlaydi.
Men shaxmatni juda yaxshi koʻraman, oʻzim ham turnir va musobaqalarda mamnuniyat bilan qatnashaman. Koʻplab shaxmatchilarni va ushbu oʻyinni yaxshi koʻradigan odamlarni taniyman. Afsuski, shaxmat olamida koʻrayotganlarim shaxmatni koʻrishni istagan darajamga toʻliq mos kelmaydi.
Men bu darajani koʻtarish juda oson deb hisoblayman va buni uddalay olaman deb oʻylayman. Shuning uchun men shaxmat boshqaruvi bilan shugʻullanishni va uni yangi darajaga olib chiqishni xohlayman.
— Birinchidan, men shaxmatning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishni, zamonaviy IT-yechimlarni va FIDE xodimlari uchun samaradorlik koʻrsatkichlarini joriy etishni istardim. Men kommunikatsiyani boshqacha tarzda yoʻlga qoʻygan boʻlardim. Men FIDE odamlarga foyda keltirishga qodir boʻlgan mustaqil, jiddiy va yanada professional tashkilotga aylanishini istayman.
Ikkinchidan, shaxmatga yangi odamlarni, homiylarni va turli sohalardagi kompaniyalarni jalb qilish muhim. Men FIDEda mablagʻ jalb qilish bilan shugʻullanadigan va kompaniyalarga marketing imkoniyatlarini taklif qiladigan boʻlim yaratmoqchiman. Shaxmat keng auditoriya eʼtiborini jalb qilishga qodir: hozirda u bilan 600 million kishi shugʻullanadi. Homiylar uchun bu oʻzlarini namoyon qilish imkoniyatidir. Shaxmat olamiga koʻproq kompaniyalarni jalb qilish — mening asosiy vazifalarimdan biri.
Uchinchidan, men shaxmat marketingini boshqa darajaga olib chiqqan boʻlardim. Shaxmat — bu juda zoʻr narsa ekanini koʻrsatmoqchiman, toki unda koʻproq odamlar oʻynashga intilsin. Hozir, aytganimdek, shaxmatni 600 million kishi oʻynaydi, Yer aholisi esa sakkiz milliardga yaqin. Bizda oʻsish uchun joy bor. Men sayyora aholisining kamida yarmi shaxmat oʻynashini istardim.
— Bu juda yaxshi savol. Shaxmat turli auditoriyalarni jalb qilishi mumkin. Idealda shaxmatchi smokingda chiroyli koʻrinadi: bu shaxmat intellektual sport turi ekanini va biz uning anʼanalarini hurmat qilishimizni taʼkidlaydi. Menga shaxmatda maʼlum bir nafosat darajasini saqlab qolish muhim tuyuladi.
Shu bilan birga, shaxmat hamma uchun ochiq boʻlishi kerak. Agar inson smoking sotib olishga qurbi yetmasa, bu u oʻynay olmaydi degani emas. Yoshlarda intilish mumkin boʻlgan maqsad — elita sporti boʻlishi muhim. Shaxmat, mening fikrimcha, aynan shunga tegishli. Shaxmatni ommalashtirish — alohida vazifa.
Men shaxmatni har qanday yoshdagi odamlar oʻynashi kerak deb hisoblayman. Bu yerda gap smokinglar haqida emas, balki hamjamiyat, oilaviy va iliq muhit haqida bormoqda. Shaxmat xalqlarni, oilalarni va doʻstlarni yaqinlashtiradi, muloqot qilish va turli mavzularni muhokama qilish imkoniyatini beradi.
— Bu juda muhim. Ishonchim komilki, biz shaxmatni olimpiya sport turiga aylantira olamiz. Mening jamoamda turli mamlakatlarning olimpiya qoʻmitalariga aʼzo boʻlgan koʻplab professionallar bor. Biz shu yoʻnalishda harakat qilishimiz kerak.
Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish nafaqat shaxmatni ommalashtirishga yordam beradi, balki turli mamlakatlarda shaxmatning davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlanishiga imkon beradi. Bu ularga foyda keltiradi deb hisoblayman.
— Shaxmat — xalqlarni birlashtirishi kerak boʻlgan sport turi. Men uni turli siyosiy va diniy qarashlarga ega boʻlgan davlatlar va odamlarni yaqinlashtirish uchun yaxshi vosita deb hisoblayman. Shaxmat — hamma gapira oladigan til. Ular ajratishi emas, birlashtirishi kerak.
Shu bilan birga, FIDE — xalqaro sport hamjamiyatining bir qismidir. Biz amal qilishimiz kerak boʻlgan sudlar, qonunlar va qoidalar mavjud. Bu mening shaxsiy talqinim masalasi emas. Agar biz amaldagi meʼyorlarga rioya qilishni toʻxtatsak, tartibsizlik yuzaga keladi. Afsuski, bugungi kunda biz bu qaror va qoidalarga, hatto qiyin boʻlsa ham, amal qilishga majburmiz.
Shu bilan birga, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi shaxmat va boshqa har qanday sport turi siyosatdan tashqarida boʻlishi kerakligini aniq aytdi. Biz ushbu tavsiyalarga amal qilishimiz kerak. Ishonchim komilki, shaxmat odamlarni ajratish emas, balki yaqinlashtirish uchun ajoyib imkoniyat beradi.
— Taqvim — shaxmat uchun eng muhim masalalardan biri, chunki u tadbirlarni va ularni tashkil etishni toʻgʻri rejalashtirish imkonini beradi. Baʼzi turnirlarni qoʻshish kerak — masalan, ayollar musobaqalarini: ular, afsuski, kam. Boshqa tomondan, ayrim turnirlarni birlashtirish mumkin.
Bu murakkab masala va koʻplab mavzularni shaxmat kengashida muhokama qilish kerak. Ammo umuman olganda, taqvimni oʻzgartirish kerak deb hisoblayman.
— Agar oflayn musobaqalar haqida gapiradigan boʻlsak, chiterlik holatlarini minimallashtirish uchun FIDEning Halol oʻyin komissiyasini tegishli uskunalar bilan taʼminlash kerak. Hamkasblarimiz bu ishni aʼlo darajada uddalashmoqda. Afsuski, bunday nazorat hali hamma joyda, hamma qitʼalarda ham mavjud emas. Biz buni koʻplab mamlakatlarda odatiy amaliyotga aylantirishimiz kerak va bu borada faol ish olib boramiz.
Onlayn musobaqalar bilan vaziyat murakkabroq. Shaxmat onlayn platformalari matematik hisob-kitoblar yordamida chiterlikni aniqlashga yordam beradigan mexanizmlarni ishlab chiqmoqda. Ammo muammo hali hal etilmagan va biz bu ustida ishlaymiz. Rasmiy onlayn musobaqalar uchun mumkin boʻlgan yechimlardan biri — partiyalarni hakamlar ishtirokida oʻtkazishdir.
Kibersportga kelsak, men buni ajoyib yoʻnalish deb hisoblayman. Shaxmat boʻyicha kibersport tadbirlari juda ajoyib: muhit futbol stadionini eslatadi, odamlarda koʻplab ijobiy hissiyotlar paydo boʻladi. Bu tomoshabop va agar shaxmat shu yoʻnalishda rivojlanishda davom etsa, xursand boʻlaman.
— Men shaxmatni tobora koʻproq odamlar oʻynashi uchun astoydil harakat qilaman. Menimcha, shaxmatning kelajagi tezroq formatlar bilan bogʻliq: ular oʻzgaradi va biz tezroq oʻynaymiz.
Shuningdek, FIDE juda koʻp odamlarni — gap millionlar haqida ketmoqda — jalb qila olishiga umid qilaman. Men uni eng koʻp aʼzoga ega tashkilot sifatida koʻrishni istardim.
Shaxmatni har qanday yoshda, har qanday darajada va istalgan joyda — samolyotda yoki taʼtilda oʻynash mumkin. Men ushbu sport turi imkon qadar koʻproq odamlarni birlashtirishi kerak deb hisoblayman.

