Uç yillik taʼlim, 13 sertifikat va avtomobil: “Al-jabr ” xalqaro maktabining London universitetida öqiyotgan bitiruvçisi bilan suhbat

Uch yillik ta’lim, 13 sertifikat va avtomobil: “Al-jabr” xalqaro maktabining London universitetida o‘qiyotgan bitiruvchisi bilan suhbat
18 yoshli Jahongir Xalimov maktab davridayoq moliya va buxgalteriya hisobiga qiziqib, xalqaro ACCA dasturi bo‘yicha bilim olishni boshlagan. U ACCA’ning sakkizta imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan, shuningdek, xalqaro moliya sertifikati, IELTS, SAT va uchta milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan. Ushbu natijalar unga London universitetida (University of London) professional buxgalteriya hisobi yo‘nalishida tahsil olish imkonini berdi. Al-Jabr maktabi esa bitiruv kunida Jahongirga erishgan natijalari uchun avtomobil sovg‘a qildi.
Jahongir Al-Jabr maktabida 9-sinfdan 11-sinfgacha, uch yil davomida tahsil olgan. Uning aytishicha, maktabni tanlashda ota-onasi muhim rol o‘ynagan. Ular maktab haqida Instagram orqali bilib, farzandini shu yerda o‘qitishga qaror qilgan.
“Al-Jabr maktabiga kelganimda boshida biroz qiynalganman. Chunki darslar ko‘p edi, ertalab soat 9 dan kechki 6 gacha maktabda bo‘lardik. Lekin ustozlarim darslarni qiziqarli o‘tishi sabab asta-sekin o‘rganib ketdim”, – deydi Jahongir.
Uning fikricha, yaxshi natijalarga erishishda shaxsiy intilish bilan bir qatorda atrofdagi muhit ham muhim. Bir maqsad sari harakat qilayotgan, bilim olishga qiziqadigan tengdoshlar bilan birga o‘qish unda ham o‘z ustida ishlash istagini kuchaytirgan.
Jahongirning sertifikatlaridan sakkiztasi professional buxgalteriya va moliya sohasi bo‘yicha malaka dasturi hisoblangan ACCA’ga tegishli. Bundan tashqari, u xalqaro moliya sertifikati, IELTS va SAT natijalari, shuningdek, matematika, ona tili hamda buxgalteriya yo‘nalishlaridagi milliy sertifikatlarga ega.
ACCA dasturi moliyaviy hisob, hisobot tayyorlash, audit, soliqqa tortish va moliyaviy boshqaruv kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Respondentning aytishicha, dastlabki imtihonga tayyorlanish biroz qiyin kechgan. Maktabdagi ustozlarining qo‘shimcha mashg‘ulotlari va yordami unga ushbu bosqichdan o‘tishda ko‘maklashgan.
“Birinchi sertifikatni olish oson bo‘lmadi. Darslardan keyin ham ko‘p tayyorlanishimga to‘g‘ri kelardi. Ustozlarimiz dars tugagach qolib, bizga qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tishar, tushunmagan mavzularimizni qayta tushuntirishardi. Birinchi sertifikatni qo‘lga kiritish uchun ancha harakat qildim. Keyinchalik imtihonlardan o‘tish tartibini o‘rganib, samaraliroq natijalarga erishdim”,

