Uzbekistan GTL xususiylashtirish va IPO’ga tayyorlana boshlandi. Zavodning qarzlari haqida nimalar maʼlum?
Oʻzbekiston Davaktiv 3,42 milliard dollarga qurilgan Uzbekistan GTL’ni xususiylashtirishga tayyorgarlikni boshladi. Investorlar zavod IPO’siga qiziqish bildirishdi. Chet el kreditlari boʻyicha asosiy qarzning qoldigʻi 838 million dollarni tashkil etadi. Korxona, shuningdek, Amerikaning Air Products kompaniyasi bilan 1 milliard dollarlik 15 yillik bitim orqali bogʻlangan.

Uzbekistan GTL xususiylashtirish va IPO’ga tayyorlana boshlandi. Zavodning qarzlari haqida nimalar maʼlum?
Oʻzbekistonda qurilishiga kamida 3,42 mlrd dollar sarflangan Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirishga tayyorgarlik boshlandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) korxonaning IPO variantini ham oʻrganmoqda va xalqaro investorlar tomonidan qiziqish borligini maʼlum qilmoqda. Shu bilan birga, matbuot anjumanida zavodning moliyaviy koʻrsatkichlari ochiqlanmadi.
Xususiylashtirish jarayoni haqida 8 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida DABA rahbari Sohibjon Murodov korxonaning moliyaviy ahvoli va qarzdorlikni uzish boʻyicha berilgan savolga javob berarkan, gapirib berdi.
Murodovning soʻzlariga koʻra, Uzbekistan GTL uchun xususiylashtirish kontseptsiyasi tayyorlab boʻlingan. Hozirda dastlabki ishlar olib borilmoqda, bu moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini baholash, muammolarni aniqlash va mulkdorning oʻzgarishi mumkin boʻlgan oqibatlarini tahlil qilishni oʻz ichiga oladi.
«Muayyan maʼnoda xususiylashtirish bosqichi boshlandi. Ammo hujjatda xususiylashtirish muddati koʻrsatilgan boʻlsa, bu korxona shu vaqtgacha albatta sotiladi degani emas. Bu ushbu davrda xususiylashtirish boʻyicha ishlar boshlanishini anglatadi», — deya tushuntirdi agentlik rahbari.
U sotuvdan oldin audit oʻtkazish, ishlab chiqarish va korxonaning moliyaviy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan omillarni aniqlash va bartaraf etish zarurligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, xususiylashtirish iqtisodiyotga, xomashyo yetkazib beruvchilarga, hamkorlarga va zavod mahsulotlarini xaridorlariga qanday taʼsir qilishini baholash lozim boʻladi.
Prezidentning 2025 yil 21 apreldagi qaroriga muvofiq, «Oʻzbekneftgaz»ga tegishli boʻlgan Uzbekistan GTL’dagi 100 foiz ulush xususiylashtirilishi kerak. Tayyorgarlik tadbirlarining boshlanishi 2025 yilning uchinchi choragiga, ommaviy savdolarni eʼlon qilish esa 2026 yilning ikkinchi choragiga rejalashtirilgan edi.
Biroq, oktyabr oyiga kelib korxona hali sotuvga qoʻyilmagan edi.
Parallel ravishda DABA aktsiyalarni dastlabki ommaviy joylashtirishni (IPO) tayyorlashni boshladi.
«IPO’da ishtirok etishga qiziqish bildirgan yirik xalqaro tashkilotlar bor. Ular bizga murojaat qilib: „Qachon IPO oʻtkazasizlar? Biz ham ishtirok etmoqchimiz“, deb soʻrashdi. Biz uchun bu yaxshi signal. Agar IPO’ga chiqsak, GTL aktsiyalarining kichik paketlarini sotib olishni xohlovchilar ham topiladi», — dedi Murodov.
Shu bilan birga, boʻlajak xususiylashtirish parametrlari, investorlarga taklif qilinishi rejalashtirilgan ulush va IPO muddatlari hozircha ochiqlanmagan.
Zavodning joriy moliyaviy ahvoli va toʻlangan qarzdorlik miqdori haqidagi savolga DABA rahbari maʼlumot keltira olmadi.
«Rostini aytsam, hozir menda korxonaning moliyaviy koʻrsatkichlari haqida bevosita maʼlumot yoʻq. Ammo biz bu maʼlumotlarni taqdim etishga tayyormiz. Joriy moliyaviy koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotni ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarimiz orqali jamoatchilikka alohida yetkazamiz», — deb vaʼda berdi Murodov.
Uzbekistan GTL Qashqadaryo viloyatida, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi yaqinida joylashgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni 2021 yil dekabr oyida ishga tushirgan edi.
Korxona tabiiy gazni suyuq neft mahsulotlariga qayta ishlash imkonini beruvchi GTL (gas-to-liquids) texnologiyasi boʻyicha ishlaydi.
Zavodning loyihaviy quvvati yiliga 3,6 mlrd kub metr tabiiy gazni tashkil etadi. Ushbu xomashyodan korxona har yili 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 307 ming tonna aviakerosin, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyuqlantirilgan gaz ishlab chiqarishi kerak.
Qurilishning umumiy qiymati 3,42 mlrd dollarni tashkil etdi. Ushbu summaning qariyb 2,3 mlrd dollari davlat kafolati ostida xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirilgan.
Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya banklari va boshqa moliyaviy tashkilotlar kredit beruvchilar sifatida ishtirok etgan.
Natijada, toʻlovlar boshlanganidan beri qariyb 1,46 mlrd dollar yoki kreditlarning dastlabki summasining 63,6 foizi uzildi. Eng yirik kreditor boʻlib Xitoy Davlat taraqqiyot banki qolmoqda — dastlabki 1,2 mlrd dollardan 483,6 mln dollar qarzdorlik qolgan.
Koreya Eksport-import bankiga (KEXIM) 201,5 mln, Koreyaning K-SURE sugʻurta qoplamasi ostidagi kreditlarga — 112,8 mln, KEXIM kafolati ostidagi kreditlarga esa yana 40,3 mln dollar toʻgʻri keladi.
Rossiya banklarining kreditlari allaqachon toʻliq uzilgan. Xususan, Gazprombank oldidagi 120 mln dollarlik qarzdorlik 2023 yil 28 fevralda muddatidan oldin yopilgan. Ilgari Gazprombank sotib olgan Roseksimbankning 100 mln dollarlik krediti ham shu kuni toʻliq uzilgan.
Shu bilan birga, 2025 yilda kreditorlar tarkibi oʻzgardi. KEB Hana Bank’ning Singapur filiali KEXIM kafolati ostidagi qarzdorlikning bir qismini va K-SURE sugʻurta qoplamasi ostidagi 30 mln dollarlik kreditni sotib oldi. Yaponiyaning MUFG Bank london filiali keyinchalik UBS tarkibiga kirgan Shveytsariyaning Credit Suisse bankining qolgan talablarini sotib oldi.
Ushbu summa koʻrsatilgan kreditlar boʻyicha toʻlanmagan asosiy qarzni aks ettiradi, ammo foizlar va boshqa shartnomalarni oʻz ichiga olgan korxonaning barcha moliyaviy majburiyatlarini anglatmaydi.
Zavod qurilishining qiymatini ham uning joriy bozor bahosi yoki xususiylashtirishning taxminiy narxi deb hisoblamaslik kerak. Ushbu koʻrsatkichlar hozircha oshkor qilinmagan.
2026 yil iyul oyida Toshkentda «Oʻzbekneftgaz» boshqaruvining sobiq raisi Bahodirjon Sidiqov va yana sakkiz kishiga nisbatan sud jarayoni boshlandi.
Ishning epizodlaridan biri Uzbekistan GTL loyihasi doirasida kompaniyaning Amerikaning Air Products oldidagi majburiyatlari bilan bogʻliq.
U ularning 50 ga yaqinini kritik deb atadi. Ular uchta asosiy qurilmada, jumladan, havoni ajratish uskunasida aniqlangan.
Sobiq rahbarning soʻzlariga koʻra, texnologik muammolar sababli zavod quvvatining qariyb 72 foizida ishlagan.
Sidiqov kredit shartnomalarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlarning bajarilmagani qariyb 2,4 mlrd dollarni muddatidan oldin kaytarishni talab qilish xavfini tugʻdirganini taʼkidladi. Majburiyatlar davlat kafolati bilan taʼminlangani sababli moliyaviy yuk byudjetga tushishi mumkin edi.
Uning soʻzlariga koʻra, muammolarni hal qilish uchun Air Products jalb qilingan boʻlib, u kamchiliklarni bartaraf etishni moliyalashtirishga va keyinchalik xarajatlarni pudratchi Enter Engineering tomonidan qoplanishiga rozi boʻlgan.
Alohida nizo «Oʻzbekneftgaz» kafillik doirasida pudratchi Enter Engineering oʻrniga Air Products kompaniyasiga oʻtkazgan qariyb 21,4−21,8 mln dollarlik toʻlov atrofida kelib chiqdi.
Sidiqov Amerika kompaniyasi bilan hisob-kitoblar loyihani va xalqaro investorlarning ishonchini saqlab qalish uchun zarur boʻlganini taʼkidladi. Sudlanuvchilar aybiga iqror boʻlishmadi.
Avgust oyida ish boʻyicha sud majlisi yopiq rejimga oʻtkazildi.
2023 yil may oyida Oʻzbekiston hukumati va «Oʻzbekneftgaz» Amerikaning Air Products kompaniyasi bilan 1 mlrd dollarlik shartnoma imzolagan edi.
Kompaniya Uzbekistan GTL tarkibidagi sanoat gazlarini ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, havoni ajratish qurilmalari, sintez-gaz va vodorod ishlab chiqarish uskunalarini sotib oldi.
Air Products ushbu quvvatlardan foydalanishni taʼminlaydi va zavod ishi uchun zarur boʻlgan gazlarni yetkazib beradi.
Bitimning oʻziga xosligi uning moliyaviy tuzilmasidadir. Air Products hisobotiga koʻra, shartnoma 15 yilga moʻljallangan. Amerika kompaniyasi har oyda belgilangan toʻlovni oladi, u ishlab chiqarish quvvatlari uchun mukofot va ularni ekspluatatsiya qilish hamda texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini oʻz ichiga oladi.
Shu bilan birga, toʻlovlar «Oʻzbekneftgaz»ga mahsulotning butun hajmi kerak boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston tomoni shartnoma muddati tugagandan soʻng quvvatlarni qayta sotib olish huquqiga ega.
Shu sababli Air Products bitimni oʻz moliyaviy hisobotida oddiy aktivlar sotuvi sifatida emas, balki moliyaviy operatsiya sifatida aks ettiradi. 2025 yil 30 sentyabr holatiga koʻra, Amerika kompaniyasi hisobotidagi tegishli moliyaviy debitorlik qarzdorligi qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etgan.
Shunday qilib, Uzbekistan GTL xususiylashtirishga tayyorlanayotganda nafaqat ilgari jalb qilingan bank kreditlarini, balki ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq uzoq muddatli shartnomaviy majburiyatlarni ham hisobga olish zarur.
2025 yil dekabr oyida «Oʻzbekneftgaz» Uzbekistan GTL ishga tushirilganidan toʻrt yil oʻtib toʻliq quvvatga chiqqanini maʼlum qildi.
Yigʻilishda kompaniya boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov korxonaning koʻp yillik muammolarini tanqid qildi.
«Oʻzbekneftgaz» maʼlumotlariga koʻra, ushbu vaqtga kelib texnologik kamchiliklar hali toʻliq bartaraf etilmagan, avariyaviy toʻxtashlar esa davom etib, zavodning moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan edi.
Kompaniya rahbariyati rejadan tashqari toʻxtashlar sabablarini tahlil qilish, texnologik xavflarni bartaraf etish va 2026 yilda ishlab chiqarishni 15−20 foizga oshirish boʻyicha topshiriq berdi.
Bundan tashqari, korxona oldiga mamlakat ichidagi isteʼmolchilarga yetkazib berishni kamaytirmasdan, tabiiy gazning qoʻshimcha manbalarini topish vazifasi qoʻyildi.
Ilgari «Oʻzbekneftgaz»ning yuqori qarz yuki va GTL’ning loyihaviy quvvatidan past ishlashi xalqaro reyting agentliklarining eʼtiborini tortib boʻlgan edi. 2023 yil oxirida S&P davlat kompaniyasining kredit reytingini BB− dan B+ gacha tushirdi, ammo 2025 yilda reytingni yana yaxshiladi.
Mamlakatning eng qimmat sanoat obʼyektlaridan birini xususiylashtirish oldidan bir qator moliyaviy va ishlab chiqarish savollari ochiq qolmoqda: joriy foydalilik, majburiyatlarning toʻliq tuzilmasi, zavod ishining barqarorligi va boʻlajak investor korxonani sotib olishi mumkin boʻlgan shartlar.

