Uyqudan uyg‘onish bilanoq telefondan foydalanish nima uchun zararli?

**Uyqudan uyg‘ongach telefondan foydalanish nega zararli?**
Ertalab ko‘z ochishi bilan telefonni tekshirish, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni o‘qish ko‘pchilik uchun odatiy odatga aylangan. Ammo shifokorlar uyg‘ongandan keyingi ilk daqiqalarda miyaga katta miqdorda axborot yuklash asab tizimiga salbiy ta’sir qilishini aytmoqda.
Inson uyg‘onganida uning organizmi uyqu holatidan asta-sekin faol tetiklik holatiga o‘tadi. Agar shu jarayonda ijtimoiy tarmoqlar yoki kundalik xabarlar o‘qilsa, miya me’yoridan ortiq stimulyatsiyani qabul qiladi.
“Uyg‘ongandan keyin asab tizimi uyqu holatidan faol tetiklik bosqichiga o‘tadi. Inson ushbu jarayonda yangiliklar, ish xabarlari yoki ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ishi natijasida organizm asab tizimining xotirjam faollashuviga to‘sqinlik qiluvchi ko‘plab tashqi stimullarni qabul qiladi. Kunni tashvishli yoki ziddiyatli kontent bilan boshlash ushbu holatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deydi mutaxassislar.
Smartfondan uyg‘onish bilanoq foydalanish gipertoniya (qon bosimi oshishi) yoki infarkt kabi og‘ir kasalliklarni bevosita keltirib chiqarmaydi. Biroq telefon sabab odam to‘shakda uzoqroq qolib ketishi, natijada nonushtani o‘tkazib yuborishi va jismoniy faollik kamayishi mumkin.
Surunkali uyqu yetishmasligi, kamharakat turmush tarzi va ertalabki axborot bosimi birgalikda yurak-qon tomir tizimiga qo‘shimcha yuk bo‘ladi.
“Uyg‘ongandan so‘ng birinnchi bo‘lib telefondan foydalanish to‘g‘ridan to‘g‘r gipertoniya, infarkt yoki boshqa og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarmaydi. Ammo agar bu odat surunkali uyqu yetishmasligi, doimiy stress va kamharakatlilik bilan birga kechsa, holat o‘zgaradi. Qon bosimi yuqori bo‘lgan insonlar uchun kunni kuchli hissiy zo‘riqish keltirib chiqaradigan axborot bilan boshlash tavsiya etilmaydi”.
O‘tkazilgan statistik tadqiqotlarga ko‘ra, uyg‘ongandan keyin ijtimoiy tarmoqlarni faol kuzatadigan odamlarda tushkunlikka tushish ko‘rsatkichi telefondan minimal darajada foydalanadiganlarga qaraganda ikki baravar yuqori bo‘lishi mumkin. Bu odat depressiyani bevosita qo‘zg‘atuvchi asosiy sabab bo‘lmasa-da, insonning umumiy psixologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biri sanaladi.
Miyadagi axborot yuklamasini kamaytirish uchun mutaxassislar quyidagi oddiy qoidalarga amal qilishni tavsiya etadi: uyg‘ongandan keyingi dastlabki 10–15 daqiqa davomida telefonni qo‘lga olmaslik.
Bu vaqtni oddiy yumushlarga sarflash: o‘rindan turish, yuvinish, bir stakan suv ichish, xonani shamollatish.
Faqat shundan keyin xabarlar va bildirishnomalarni tekshirishga o‘tish.
Bunday sodda kundalik odat kunning ilk daqiqalarini bezovtaliksiz va tartibli boshlashga yordam beradi.

