Uyqu va haqiqat oraligʻida. Bu yil Barsakelmesdagi Yonar installyatsiyalar koʻrgazmasidan nimalar kutish mumkin
Amerikaning Burning Man festivali analogi asosida yaratilgan Yonar installyatsiyalar koʻrgazmasi Qoraqalpogʻistondagi Barsakelmes shoʻrxokida boʻlib oʻtadi. Turli mamlakatlardan kelgan 40 ga yaqin ishtirokchi bu yerda lager qurib, bor-yoʻgʻi uch kun «yashaydigan» mavzuli art-obʼyektlarni yaratadi. Loyihaning oʻziga xos xususiyati — tomoshabinlarning yoʻqligidir.

Uyqu va haqiqat oraligʻida. Bu yil Barsakelmesdagi Yonar installyatsiyalar koʻrgazmasidan nimalar kutish mumkin
17-19 sentyabr kunlari Qoraqalpogʻistondagi Barsakelmes shoʻrxokida ikkinchi bor Yonar art-installyatsiyalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. U Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi koʻmagida «Stixiya» elektron musiqa, sanʼat va fan festivali asoschilari — Otabek Sulaymonov va Odil Muhamedov tomonidan tashkil etilmoqda. Bu yilgi mavzu — tushlar.
«Bizni tushlar, syurrealizm, gʻaroyib obrazlar, absurd va umuman haqiqat bilan tasavvur oraligʻidagi barcha narsalar qiziqtiradi. Nazarimizda, Barsakelmesning oʻzi buning uchun juda mos keladi», — dedi Otabek Sulaymonov.
2025 yilgi installyatsiya.
Toshkent, Nukus, Moʻynoq, Berlin, Vena, London, Moskva, Olmaota, Bishkek va boshqa shaharlardan kelgan 40 ga yaqin ishtirokchi kimsasiz hududda White Salt City (inglizchadan — «oq tuzli shahar») — koʻrgazma ishtirokchilari joylashadigan ijodiy qoʻnimgohni «barpo etishadi». Uch kun davomida ular bu yerda taom tayyorlashadi, musiqiy sessiyalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazishadi, shuningdek, berilgan mavzuda installyatsiyalar yaratishadi. Koʻrgazma yakunlangach, art-obʼyektlar, xuddi oʻtgan yilgidek, qismlarga ajratib olinadi. Bunday format Amerikaning Blek-Rok choʻlida har yili oʻtkaziladigan Burning Man festivalini eslatadi, aynan u tashkilotchilarni Oʻzbekistonda oʻz loyihalarini boshlashga ilhomlantirgan.
Bu yil tashkilotchilar ishtirok etish uchun 70 dan ortiq ariza qabul qilishdi.
«Bizda hakamlar hayʼati yoʻq. Butun jamoamiz bilan arizalarni koʻrib chiqamiz va deyarli hammani qabul qilishga harakat qilamiz. Bir qiziq narsani payqadik: Yonar’ga tasodifiy odamlar deyarli ariza topshirishmaydi — odatda inson qayerga va nima uchun ketayotganini oldindan anglab yetadi. Bu yil koʻplab arizalar juda puxta ishlab chiqilgan edi», — deya oʻrtoqlashdi Odil Muhamedov.
Uning soʻzlariga koʻra, saralashda insonning umumiy qoʻnimgohga qoʻshadigan hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
«Bu installyatsiya, musiqa, qurilishda yordam berish, taom tayyorlash, vorkshop yoki umuman boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishni istagan biror-bir gʻoya boʻlishi mumkin», — deya tushuntirdi Otabek Sulaymonov.
2025 yilgi installyatsiya.
Bu yil ham, xuddi oʻtgan yilgidek, Yonar’da tomoshabinlar boʻlmaydi. Har bir ishtirokchi qoʻnimgoh hayotining oʻz ulushi uchun javobgardir va oʻzini oʻzi taʼminlash sharti bilan keladi: yoʻl, turar joy va oziq-ovqatni oʻzi tashkillashtiradi, shuningdek, zarur buyumlar va asbob-uskunalarni oʻzi bilan olib keladi. Shu bilan birga, logistikaning bir qismi va bazaviy infratuzilmani yaratishni tashkilotchilar oʻz zimmalariga oladilar.
«Biz Nukus — Barsakelmes — Nukus transferini, koʻrpachalar, yostiqlar va choyshablar bilan jihozlangan oʻtovlarda joylashishni taʼminlaymiz. Vaqtinchalik sanuzellar, yuvinish joylari va umumiy oshxona quramiz, birgalikda taom tayyorlash uchun mahsulotlar, ichimlik va texnik suv sotib olamiz, lagerni elektr energiyasi bilan taʼminlaymiz», — deya davom etdi Otabek Sulaymonov.
Mualliflar uchun art-installyatsiyalarni amalga oshirish xarajatlari qoplanadi.
«Yonar’ning asosiy tamoyili oʻzgarishsiz qolmoqda: bu tomoshabinlar va siz uchun hamma narsani qilib beradigan tashkilotchilardan iborat festival emas. Shaharni ishtirokchilarning oʻzlari yaratishadi va har bir kishi uning maʼlum bir qismi uchun javobgar boʻladi», — dedi Odil Muhamedov.
Yonar hududida tijorat savdosi va brendlarning reklama ishtiroki boʻlmaydi. Festival yakunlangach, ishtirokchilar lager va art-obʼyektlarni qismlarga ajratib, «iz qoldirmaslik» tamoyiliga amal qilgan holda barcha chiqindilarni yigʻib, olib chiqib ketishadi. Shoʻrxok ular kelishidan oldin qanday boʻlsa, shunday holatda qolishi kerak.
Tashkilotchilarning bu yilgi festivaldan kutilayotgan natijalar haqidagi savolga javobi shunday boʻldi: ular ketish va qaytib kelish niyatidalar.

