Uydan chiqarib yuborilgan ispaniyalik pensioner oʻz uyiga qaytishi mumkin, deydi advokat
87 yoshli Marikarmen Abaskalning uyidan koʻchirib yuborilishi butun Ispaniya boʻylab keng koʻlamli norozilik namoyishlariga sabab boʻldi.

Uyidan chiqarib yuborilgan ispaniyalik pensioner ayol oʻz uyiga qaytishi mumkin, deydi advokat
Marikarmen Abaskalning uyidan chiqarib yuborilishi butun Ispaniya boʻylab yirik norozilik namoyishlariga sabab boʻldi.
Ispaniyadagi uy-joy inqirozi ramziga aylangan keksa yoshli nogiron ayolga Madriddagi uyiga qaytishga ruxsat beriladi, dedi uning advokati.
87 yoshli Marikarmen Abaskal 23 sentyabr kuni 70 yildan ortiq yashagan xonadonidan zambilda majburiy olib chiqib ketilgan edi. U uyidan chiqarib yuborilganidan keyin shifoxonaga yotqizilgan.
Bu holat butun mamlakat boʻylab gʻazabga sabab boʻldi va Bosh vazir Pedro Sanches seshanba kuni Vazirlar Mahkamasi yigʻilishida uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha yordam choralarini koʻrishga vaʼda berdi.
Abaskalning advokati Beatris Duro matbuot anjumanida «har ikki tomondan ham xayrixohlik» boʻlganini va Abaskal yangi shartnoma boʻyicha keskin oshirishlarsiz, avvalgiga oʻxshash ijara haqini toʻlashini aytdi.
Abaskalning otasi ushbu mulkni ilk bor 1956 yilda ijaraga olgan va ota-onasi vafot etganidan keyin u ijarachi boʻlib qolgan, bu davrda ijara haqi cheklangan edi.
Mulkni 2018 yilda sotib olgan «Urbagestión» investitsiya firmasi ijara haqini oyiga 500 yevrodan (428 funt sterling; 572 dollar) 2650 yevroga (2280 funt sterling; 3020 dollar) oshirgan.
Keyinchalik kompaniya uni 1650 yevrogacha tushirishni taklif qilgan, biroq u 1350 yevrolik oylik pensiyasi bilan buni baribir toʻlay olmas edi.
Uni uydan chiqarib yuborish boʻyicha avvalgi uchta urinish sudlar tomonidan toʻxtatib qolingan.
Uning ishi butun mamlakat boʻylab norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi va shanba kuni oʻn minglab odamlar uy-joy taqchilligi va ijara haqining oshishi fonida uydan chiqarib yuborishga qarshi chiqish hamda ijarachilar huquqlarini kuchliroq himoya qilishni talab qilib, Ispaniya poytaxti koʻchalari boʻylab yurish qilishdi.
Duroning aytishicha, hali imzolanmagan ushbu kelishuv «ijtimoiy safarbarlik natijasi»dir.
Uning qoʻshimcha qilishicha, hozirda charchoq tufayli davolanayotgan Abaskal oʻzini yaxshi his qilganidan keyin shartnomani imzolaydi.
Uning tarafdorlari buni gʻalaba deb atashdi, biroq bu kabi uydan chiqarib yuborishlarni toʻxtatish va arzonroq uy-joylar uchun kurashni davom ettirishlarini bildirishdi.
Ispaniya Banki hisob-kitoblariga koʻra, talab va yangi qurilishlar oʻrtasidagi farqdan kelib chiqib, mamlakatda 700 000 ta uy-joy yetishmayapti.
Parlamentda koʻpchilik oʻringa ega boʻlmagan Pedro Sanchesning Sotsialistik partiyasi jamoatchilik gʻazabini bosish uchun qonun qabul qilishga umid qilmoqda.

