Dunyo

Seutadagi 500 nafar migrant bola Ispaniyaga ko‘chiriladi

Ispaniya hukumati Seutadagi 500 nafar voyaga yetmagan migrant bolani mamlakatning materik qismiga ko‘chirishga ruxsat berish orqali noqonuniy migrantlar borasidagi avvalgi qarorini kutilmaganda o‘zgartirdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Avvalroq, 30-iyul kuni Shimoliy Afrikadagi Ispaniya hududi bo‘lmish Seutaga o‘tgan taxminan 70 ming kishining aksariyati Marokashga qaytarilgan edi. Biroq, Ispaniya qonunlariga ko‘ra, davlat qarovchisiz qolgan yosh migrantlarni 18 yoshga to‘lgunga qadar o‘z qaramog‘iga olishi shart.

Ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska 13-avgust kuni Seuta yoki Melillaga noqonuniy kirgan har bir kishi ortga qaytarilishini va ularning Ispaniyaga ham, Yevropa qit’asiga ham yetib bormasligini ta’kidlagan edi.

Bolalarni Ispaniya materikiga ko‘chirish siyosiy jihatdan nozik masala bo‘lib, konservativ Xalq partiyasi va o‘ng qanotdagi Vox partiyasi boshqaradigan bir qancha hududlar ularni qabul qilishga qarshilik ko‘rsatmoqda.

Nizolarni kamaytirish maqsadida Yoshlar vazirligi Seuta hukumati bilan shoshilinch reja tuzmoqda. Unga ko‘ra, Nodavlat tashkilotlar va bolalarni himoya qilish agentliklari eng xavf ostidagi bolalarni, ayniqsa qizlarni o‘z qaramog‘iga oladi. Bunda vasiylik Ispaniyaning mintaqaviy hukumatlariga o‘tkazilmaydi.

Bolalar masalalari bo‘yicha davlat kotibi Ruben Peres Korrea 16-avgust kunidan beri Seutada bo‘lib, yuzlab bolalarning ko‘chada yashayotgani va aholi bergan ehsonlar evaziga kun kechirayotgani bilan bog‘liq vaziyatni hal qilishga urinmoqda.

Hukumatning bu rejasi Yevropa Komissiyasi bayonotidan bir necha soat o‘tib paydo bo‘ldi. Yevropa Komissiyasi Yevroittifoq qonunchiligiga ko‘ra, barcha migrantlar, jumladan voyaga yetmaganlar ham Marokashga qaytarilishi kerakligini bildirgandi. Ichki ishlar bo‘yicha komissiya vakili Markus Lammert barcha noqonuniy migrantlar ortga qaytarilishi shartligini ta’kidlagan edi.

Bunday qarama-qarshi xabarlar Yevroittifoqning migratsiya bo‘yicha so‘nggi bitimi Ispaniya qonunchiligiga hali kiritilmagani bilan bog‘liq. Shu sababli Ispaniyaning voyaga yetmaganlar bo‘yicha o‘z qonunlari amalda qolmoqda.

Ispaniya Integratsiya va migratsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida 16 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan 21 104 kishi davlat qaramog‘ida bo‘lgan. Ulardan 3500 nafari 17 yoshdan kichik bo‘lgan. Ularning taxminan 50 foizini Marokashdan kelganlar, 8 foizini esa qizlar tashkil etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.