Layfstayl

Uy va to‘y uchun emas: odamlar endi bir necha oy ishlamaslik uchun pul yig‘moqda

**Uy va to‘y uchun emas: odamlar endi bir necha oy ishlamaslik uchun pul yig‘moqda**

Bugungi kunda mehnat bozori tobora shiddatli tus olmoqda. Ish yukining ortishi, doimiy bosim, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi chegaralarning xiralashishi hamda yashash xarajatlarining oshishi ko‘plab insonlarni ruhiy va jismoniy jihatdan toliqtirmoqda.

Shu sababli ayrim xodimlar noodatiy moliyaviy strategiyani qo‘llamoqda. Ular "Kuyish jamg‘armasi" (burn out fund) deb nomlanuvchi alohida mablag‘ni shakllantirmoqda. Keling, buni tushunarliroq qilib "kasbiy charchoq jamg‘armasi" deb ataymiz. Business Insider nashri hozirda trendga aylanayotgan mazkur holatga e’tibor qaratdi.

**Kasbiy charchoq jamg‘armasi nima?**

Kasbiy charchoq jamg‘armasi — inson ishi natijasida charchoq, kuchli stress yoki haddan tashqari holdan toyish sababli vaqtincha ishlamaslikka qaror qilsa, shu davrdagi xarajatlarini qoplash uchun yig‘iladigan puldir.

Ya’ni bu mablag‘ ishdan ayrilib qolish holatiga emas, balki o‘z xohishi bilan bir muddat tanaffus olishga moliyaviy imkon yaratish uchun mo‘ljallangan.

"Kasbiy toliqish fondi — bu, aslida, tanaffusga chiqish zaruratini oldindan bilgan holda amalga oshiradigan maqsadli jamg‘armangizdir", dedi Rockland Trust kompaniyasining moliyaviy ta’lim va rivojlanish strategiyasi bo‘yicha mutaxassisi Juli Bekhem Business Insider nashriga bergan intervyusida.

Masalan, xodim bir necha yil davomida har oy maoshidan ma’lum miqdorni ajratib boradi. Agar bir kun kelib "endi dam olishim kerak" degan xulosaga kelsa, bir necha oylik xarajatlarini aynan shu jamg‘arma hisobidan qoplashi mumkin.

**Nega bunday ehtiyoj paydo bo‘ldi?**

Bir qator so‘rovnomalar kasbiy charchoq holati keng tarqalganini ko‘rsatmoqda. Ruhiy kasalliklar bo‘yicha milliy alyans hamda Ipsos Workplace Mental Health kompaniyasi tomonidan shu yilning yanvar-fevral oylarida xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan kompaniyalarning 2153 nafar doimiy ishchisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ularning 53 foizi o‘z ishi tufayli professional charchoqni his qilgan. Bu barcha darajadagi xodimlarga ta’sir qiladi; so‘nggi paytlarda bir qator taniqli rahbarlar va texnologiya kompaniyalari asoschilari sog‘lig‘idagi muammolar va kasbiy charchoqni ishdan ketish sababi sifatida ko‘rsatdi.

Ilgari ish vaqti tugashi bilan xodimning ish kuni ham yakunlangan. Hozir esa smartfon, messenjer va elektron pochta sababli odam ish bilan deyarli doimiy aloqada bo‘lib qolmoqda.

Dam olish kunlari ham xabarlar, topshiriqlar va qo‘ng‘iroqlar kelishi mumkin. Ayrim kasblarda esa xodimdan doimiy ravishda yuqori natija ko‘rsatish talab qilinadi.

Buning ustiga, oziq-ovqat, uy-joy, transport va boshqa kundalik xarajatlarning oshishi sababli ishni tashlab, bir necha oy dam olish ko‘pchilik uchun katta moliyaviy xavf hisoblanadi. Kasbiy charchoq jamg‘armasi aynan shu muammoni hal qilishga qaratilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunday charchoqni tibbiy holat deb tasniflamasa-da, uni ish joyidagi surunkali stress natijasida yuzaga keladigan "kasbiy hodisa" deb tan oladi.

**Bu oddiy jamg‘armadan nimasi bilan farq qiladi?**

Aslida kasbiy charchoq jamg‘armasi favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan jamg‘armaga juda o‘xshaydi. Farqi — uning maqsadida.

Favqulodda jamg‘arma odatda ishdan ayrilish, kutilmagan xarajatlar yoki boshqa muammolar uchun saqlanadi.

Kasbiy charchoq jamg‘armasi esa insonning "men hozir ishlashni davom ettira olmayman, menga tanaffus kerak" degan qarorini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.

**Buning uchun qancha pul kerak?**

"Kasbiy charchoqqa qarshi fond uchun yagona miqdor mavjud emas", dedi Sietlda joylashgan Zetlmaier Wealth Management shirkatining moliyaviy maslahatchisi va asoschisi Jon Zetlmayer Business Insider nashriga.

Biroq bunday jamg‘arma yaratmoqchi bo‘lgan odam avvalo bir oyda qancha mablag‘ sarflashini hisoblab chiqishi kerak. Keyin ushbu summani kamida bir necha oyga ko‘paytirib, maqsad sifatida belgilaydi.

Masalan, oyiga 5 million so‘m sarflaydigan inson uch oylik tanaffus uchun kamida 15 million so‘mlik zaxira yaratishni maqsad qilishi lozim.

Muhimi, bu pul boshqa maqsadlarda ishlatilmaydi. Uning vazifasi — inson o‘zini yomon his qilgan paytda "agar bir necha oy ishlamasam, qanday yashayman?" degan xavotirdan xalos qilish.

**"Bir kun kelib menga ham kerak bo‘lishi mumkin"**

Kasbiy charchoq jamg‘armasi aslida zamonaviy mehnat hayotidagi yangi muammoni ko‘rsatadi.

Odamlar avvallari pulni asosan uy-joy, to‘y, farzandlar ta’limi yoki qarilik uchun yig‘gan. Endi esa ayrimlar o‘zining dam olish va tiklanish huquqini ham moliyaviy rejalashtirmoqda.

Chunki ba’zida insonning eng katta ehtiyoji yangi uy yoki qimmatbaho buyum emas, balki bir necha oy hech qayerga shoshilmasdan, ish haqida o‘ylamasdan yashash bo‘lishi mumkin.

Shu ma’noda kasbiy charchoq jamg‘armasi shunchaki pul yig‘ish emas. Bu — "agar charchab ketsam, o‘zimga yordam bera olaman" degan moliyaviy xavfsizlik yostig‘idir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.