Urganch aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri Xivaga poyezdda ketish mumkin boʻladi

Urganch aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri Xivaga poyezdda ketish mumkin boʻladi
Urganch xalqaro aeroportining yangi terminali temir yoʻl orqali toʻgʻridan-toʻgʻri Xiva bilan bogʻlanadi. Yoʻlovchilar uchib kelgandan soʻng poyezdga oʻtirib, Xorazmning turistik markaziga yoʻllarini davom ettirishlari mumkin boʻladi.
Bu haqda Podrobno.uz muxbiri ishtirok etgan havo bandargohiga press-tur yakunlari boʻyicha maʼlum boʻldi.
Urganch aeroporti direktori Oybek Matkarimovning maʼlum qilishicha, boʻlajak terminal yaqinidagi temir yoʻl tarmogʻi allaqachon qurib bitkazilgan.
«Rejamizga koʻra, ushbu temir yoʻl tarmogʻi terminaldan temir yoʻlga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishni taʼminlaydi. Terminaldan tashqariga chiqmasdan, birgina yoʻnalish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri Xivaga yetib olish mumkin boʻladi», — dedi u.
Yangi terminal oldida, shuningdek, kirish va piyodalar yoʻlaklariga ega boʻlgan, maydoni qariyb 20 ming kvadrat metrlik obodonlashtirilgan vokzal oldi hududi barpo etiladi. Avtoturargoh taxminan mingta avtomobilga moʻljallangan boʻladi.
Bundan tashqari, 9 sentyabrdan boshlab Xiva va Buxoro oʻrtasida yangi tezyurar elektropoyezdlar qatnay boshladi. Poyezdlar 415 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan boʻlib, ikki shahar oʻrtasidagi safar taxminan toʻrt yarim soat davom etadi.

