Universitetlarga reyting boʻyicha mablagʻ: 2027-yildan yangi tizim taklif etilmoqda
Oʻzbekistonda oliy taʼlim tashkilotlarini milliy reyting natijalariga qarab moliyaviy ragʻbatlantirish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Loyihaga koʻra, har bir toifadagi OTM uch darajaga ajratiladi va reytingdagi oʻrniga muvofiq ragʻbatlantiriladi. Tizimni 2027-yil 1-yanvardan boshlash nazarda tutilgan.

Universitetlarga reyting asosida mablagʻ ajratish: 2027-yildan yangi tizim taklif qilinmoqda
Bu takliflar Oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish loyihasida bayon etilgan. Hujjat qabul qilinsa, nizom nomi ham milliy reytingni yuritish va ragʻbatlantirish tartibini qamrab oladigan tarzda oʻzgaradi.
Milliy reytingni yuritish prezident administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilanyapti.
Loyihaga koʻra, har bir toifa doirasidagi oliy taʼlim tashkilotlari reyting natijalariga asosan quyidagicha taqsimlanadi: yuqori natija koʻrsatgan 20 foizi — birinchi darajaga; keyingi 40 foizi — ikkinchi darajaga; qolgan 40 foizi — uchinchi darajaga.
Moliyaviy ragʻbatlantirishda davlat OTMning moliyalashtirish usuli inobatga olinadi. Moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlar uchun ragʻbat davlat granti asosida oʻqiyotgan bir nafar talabani moliyalashtirish miqdoriga nisbatan qoʻllanadi.
Anʼanaviy tartibda moliyalashtiriladigan davlat OTMlarda esa hisob-kitob xarajatlarni qoplash uchun ajratilgan davlat byudjeti mablagʻlariga nisbatan amalga oshiriladi. Taqdim etilgan loyiha matnida har bir daraja uchun ragʻbatlantirishning aniq foizi yoki summasi keltirilmagan.
Reytingning yakuniy natijalari eʼlon qilingach, Taʼlim va ilm-fan vazirligi ragʻbat mablagʻlarini oʻn besh ish kuni ichida tegishli OTMning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazishi nazarda tutilgan. Bu mablagʻlardan qanday foydalanish boʻyicha qarorni oliy taʼlim tashkilotining oʻzi qabul qiladi.
Loyihada reytingga kiritiladigan OTMlarga qoʻyiladigan talab ham aniqlashtirilmoqda. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tashkil etilganiga uch yil toʻlgan va bakalavr bitiruvchilari mavjud oliy taʼlim tashkilotlari baholanadi. Oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari bundan mustasno.
THE, QS va ARWU xalqaro reytinglarining umumiy «Top-1000» roʻyxatidan Oʻzbekiston nomidan oʻrin olgan OTM uchun milliy reyting alohida yuritilishi mumkin. Bu qoida sohalar boʻyicha tuziladigan xalqaro reytinglarga tatbiq etilmaydi.
OTMlar hisobot yiliga oid maʼlumotlarni keyingi yilning 1-iyuniga qadar maxsus platformaga kiritishi taklif qilinmoqda. Xalqaro obroʻni baholashda esa xorijiy hamkor universitetlar va ilmiy tashkilotlarning 200 nafargacha xodimini jalb etish nazarda tutilgan.

