Mahalliy

“Uni o‘ldirish niyatimiz bo‘lmagan”. Namanganda erini o‘ldirish uchun qotil yollagan ayol va uning jazmani 8,5 yilga qamaldi

“Uni o‘ldirish niyatimiz bo‘lmagan”. Namanganda erini o‘ldirish uchun qotil yollagan ayol va uning jazmani 8,5 yilga qamaldi

Namangan viloyatida erini o‘ldirish maqsadida qotil yollashga uringan ayol hamda uning jazmani 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Aniqlanishicha, 1989-yilda tug‘ilgan N.M. 2011-yildan beri M.B. bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelgan. Ular turmush davomida bir nafar qiz farzand ko‘rishgan.

2025-yil boshida N.M. stomatologiya shifoxonasida 1992-yilda tug‘ilgan X.T. bilan tanishib, keyinchalik u bilan yaqin munosabat o‘rnatgan. 2025-yil avgustida M.B. bundan xabar topgach, er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar boshlangan.

M.B. X.T.dan N.M. nomiga uy olib berishni talab qilgan, aks holda ularning munosabatini oilasiga aytib, sharmanda qilishini bildirgan. Shundan so‘ng X.T. N.M. nomiga xonadon olib berib, avvaliga 10 ming dollar to‘lagan. Keyin esa uy uchun oylik kredit to‘lovlarini ham o‘zi amalga oshirib borgan.

2026-yil fevralida N.M. tanishi T.Q. bilan bog‘lanib, undan eri M.B.ni o‘ldirish uchun odam topib berishni so‘ragan. Buning evaziga 6 ming dollar taklif qilingan va X.T. T.Q.ga avans sifatida dastlab 1 ming dollar bergan.

Biroq T.Q. buyurtmani bajarish o‘rniga ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. U o‘ziga berilgan 1 ming dollar hamda N.M. bilan bo‘lgan suhbatning audioyozuvini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan. Shundan keyin tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Sahnalashtirilgan “o‘lim”

2026-yil 4-mart kuni tadbir doirasida M.B. go‘yoki o‘ldirilgandek ko‘rsatilgan. Uning tanasida jarohatlar borligi tasvirlanib, “o‘ldirilgan” holatdagi foto va videolar tayyorlangan.

Tasvirlar N.M. va X.T.ga ko‘rsatilgan. Ular M.B. haqiqatan ham o‘ldirilganiga ishongan. Shundan so‘ng N.M. va X.T. T.Q.ga 5,5 ming dollar berayotgan paytda tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.

N.M.ning aytishicha, M.B. uni muntazam urib-kaltaklab kelgan. X.T. bilan munosabatidan xabar topgach esa janjallar yanada kuchaygan. Shu sababli u T.Q.dan erini o‘ldirishni emas, balki qattiqroq urib, qo‘rqitib qo‘yishni so‘raganini bildirgan.

“Erim meni muntazam urib-kaltaklardi. X.T. bilan telefonda gaplashib yurganimni bilib qolgach, janjallar yanada avjiga chiqdi. Shunda uni qattiqroq urib, qo‘rqitib qo‘yishni so‘ragandim”, degan N.M. suddagi ko‘rsatuvida.

N.M.ning aytishicha, qotillik taklifini dastlab T.Q.ning o‘zi bildirgan. U erini urib, qo‘rqitib qo‘yishni so‘raganida, T.Q. jabrlanuvchi keyinchalik IIBga murojaat qilishi va jinoyat fosh bo‘lishi mumkinligini aytgan. Shundan keyin uni butunlay “yo‘q qilish”ni taklif qilgan.

Sudda T.Q. ham guvoh sifatida ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, 2026-yil fevralida N.M. qo‘ng‘iroq qilib, bir muammoni hal qilishda yordam so‘ragan.

“Ular men bilan uchrashib, M.B.ni o‘ldirish uchun odam topib berishni so‘radi. Qotillik taklifi aynan ulardan, xususan, N.M.dan chiqqandi. Buning uchun 6 ming dollar berilishini aytishdi. Shundan so‘ng holat haqida ichki ishlar organlariga xabar berdim”, dedi o‘z ko‘rsatmasida T.Q.

M.B. sudda xotinining uni muntazam urib-do‘pposlagani haqidagi ko‘rsatmasini rad etgan. Uning aytishicha, u N.M.ni urmagan. Shu bilan birga, M.B. sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, 14 yoshli qizi ona mehriga muhtojligini aytib, N.M. va X.T.ga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi N.M. va X.T.ni Jinoyat kodeksining 25, 28-moddalari hamda 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan aybdor deb topgan. Ularning har biriga 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.