«Ular toʻyda uranni boyitmayotgandi» – AQSH hujumi Erondagi toʻyni fojiaga aylantirdi
Hammasi Eron janubidagi anʼanaviy toʻy kabi boshlangandi: ayollar qoʻllariga xina chizgan, bolalar hovlida oʻynashardi. AQShning kuchlari otgan bomba bayram oqshomini qonga belangan gilamlar uyumiga aylantirganda, buning barchasi nihoyasiga yetdi.

«Ular toʻyda uranni boyitmayotgandi» – AQSH hujumi Erondagi toʻyni fojiaga aylantirdi
Guvohlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, oʻnlab mehmonlar yosh kelin-kuyovni tabriklash uchun Eron janubidagi Kuhestak shahriga, Malahiylar oilasining uyiga allaqachon yetib kelishgan edi.
Seshanba kuni soat 21:30 lar atrofida toʻy ustiga bomba tashlandi.
Bu bomba Amerika harbiylari tomonidan Eron janubida olib borilayotgan kuchli hujumlar doirasida tashlangan. Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining maʼlum qilishicha, toʻyda kamida besh kishi, jumladan 6 yoshli bola halok boʻlgan va kamida yana 67 kishi yaralangan.
Mehmonlar orasida NYT tomonidan shaxsi tasdiqlangan Mutahhara ismli ayol ham bor edi. Toʻy oqshomida u bir kun oldin boʻlib oʻtgan ayollar xina oqshomidan olingan selfisini Instagramʼga joylagan edi.
Hujumdan keyin bir soat ichida yuklangan keyingi postida Mutahhara «toʻy motamga aylandi va shirin tun mangu achchiq boʻlib qoldi», deb yozdi.
Zarbadan keyingi ilk holat aks etgan videoda mahalliy aholining vayron boʻlgan binolar orasida shoshilib yugurayotgani, tibbiy yordam xodimlari esa hududga shlang orqali suv sepib oʻchirishga urinayotgani tasvirlangan tartibsiz manzara koʻrinadi.
Nashr videoning qayerda suratga olinganini aniq tasdiqladi. Xususan, hududning sunʼiy yoʻldosh tasvirlariga mos keladigan belgilari videoning haqiqatan ham seshanba oqshomida tasvirga olinganini isbotladi.
Guvohlar nima deydi?
Eron janubidagi kichik shaharchalarda toʻylar anʼanaviy tarzda odamlarning uylarida oʻtkaziladi, Malahiylar oilasida ham xuddi shunday boʻlgan edi. Toʻylar butun bir mahalla tadbiriga aylanib, erkaklar va ayollar alohida uylarda yigʻilishadi. Aftidan, zarbalar toʻy boʻlib oʻtayotgan binolardan biriga tushgan.

