Siyosat

Ukrainaning qurol xaridlari YeIda kelishmovchilikka sabab boʻldi

Fransiya Ukrainaga Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan 90 mlrd yevrolik kredit mablagʻlarining YeIdan tashqarida ishlab chiqarilgan qurol-yarogʻ va harbiy komponentlarni xarid qilishga sarflanishidan norozi. Parij Yevropa komissiyasidan Kiyevning ushbu mablagʻlardan qanday foydalanayotgani ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilmoqda.

Ukrainaning qurol-yarogʻ xaridlari Yevropa Ittifoqida kelishmovchiliklarga sabab boʻlmoqda, chunki Fransiya Kiyevga ajratilgan kredit mablagʻlari imkon qadar Yevropa mudofaa sanoati buyurtmalariga yoʻnaltirilishini talab qilmoqda, deya xabar beradi Euronews.

Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga maʼqullangan 90 milliard yevrolik kredit, jumladan, mamlakatning mudofaa qobiliyatini qoʻllab-quvvatlash va qurol-yarogʻ xaridlarini moliyalashtirishga moʻljallangan. Kredit shartlariga koʻra, mudofaa mahsulotlarini xarid qilish uchun ajratilgan mablagʻlarning kamida 65 foizi yevropalik yetkazib beruvchilar mahsulotlariga sarflanishi kerak.

Biroq, Ukraina uchun istisno mexanizmi ham mavjud. Agar Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan qurol juda qimmat boʻlsa, Ukraina ehtiyojlariga javob bermasa yoki zarur miqdordagi mahsulotni belgilangan muddatda yetkazib berish imkoni boʻlmasa, Kiyev uchinchi davlatlardagi ishlab chiqaruvchilarga murojaat qilishi mumkin.

Ukraina hukumati bu imkoniyatdan hozirgacha kamida ikki holatda foydalangan: Xitoyda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlari uchun komponentlarni xarid qilish va AQShda ishlab chiqariladigan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar sotib olish. Yevropa Komissiyasi hozirgi sharoitda Yevropa Ittifoqi ushbu yoʻnalishlarda Ukrainaning ehtiyojlarini toʻliq taʼminlay olmasligini tan olgan va har ikki holatda ham uchinchi davlatlardan xarid qilishga ruxsat bergan.

Fransiya esa bunday istisnolar doimiy amaliyotga aylanib qolishini istamayapti. Parij Yevropa Komissiyasi tomonidan beriladigan bunday ruxsatlar vaqtinchalik boʻlishi kerakligini taʼkidlamoqda.

Fransiya Yevropadagi eng yirik mudofaa sanoatlaridan biriga ega. Mamlakat Italiya bilan hamkorlikda SAMP-T zenit-raketa majmuasini ishlab chiqaradi. MAMBA nomi bilan ham tanilgan ushbu tizim AQShning Patriot majmuasiga eng yaqin Yevropa muqobillaridan biri hisoblanadi va ballistik raketalarni urib tushirish imkoniyatiga ega. Ukraina uchun bunday tizimlar va ularga moʻljallangan raketalar taʼminoti ayniqsa muhim boʻlib qolmoqda.

Biroq, Yevropa hozircha SAMP-T tizimlarini Ukraina talab qilayotgan hajmda ishlab chiqara olmayapti. Reuters avvalroq majmualar nisbatan kam miqdorda ishlab chiqarilayotgani sababli mavjud taklif Kiyev ehtiyojini qondira olmasligini xabar qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.