Yevropa Ittifoqi Ukraina mudofaasi uchun yana 6,1 mlrd yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida yana 6,1 milliard yevro miqdorida mablag‘ ajratishga rozilik berdi.
Yevrokomissiya tomonidan 24-avgust kuni tasdiqlangan ushbu mablag‘lar havo mudofaasi tizimlari, raketalar, o‘q-dorilar va radarlar kabi yangi mudofaa vositalarini sotib olishga yo‘naltiriladi.
Bu yangi paket avvalroq ma’qullangan 16 milliard yevrolik xarid rejasiga qo‘shimcha hisoblanadi. Shu kungacha ushbu mablag‘larning 8,35 milliard yevrosi Ukrainaga yetkazilgan.
Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Rossiya hujumlarini kuchaytirayotgan bir paytda Yevropa Ukrainaga o‘z hududi va aholisini himoya qilishda yordam berishda davom etadi.
Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Germaniya Kiyevga 65 milliard yevrodan ortiq yordam ko‘rsatganini ma’lum qilgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin Ukrainaning xavfsizligi, mudofaa sanoatini rivojlantirish va urushdan keyingi tiklanish jarayonidagi eng yirik hamkorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sibiga, shuningdek, Germaniya Ukraina hududida mudofaa sohasiga ixtisoslashgan qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan birinchi davlat ekanligini ham qayd etgan.

