Dunyo

Ukrainada Milliy panteon tashkil etiladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevda Ukraina milliy panteonini tashkil etishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Unda turli tarixiy davrlardagi davlat rahbarlari, harbiy qoʻmondonlar, fan, madaniyat va boshqa sohalarning taniqli vakillari xotirasini abadiylashtirish koʻzda tutilgan. Ayrim ekspertlar panteonda Ukraina isyonchilar armiyasi (UIA) aʼzolari xotirasining abadiylashtirilishi Polsha bilan munosabatlarda yangi kelishmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkinligini aytmoqda.

Ukrainada Milliy panteon tashkil etiladi.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina milliy panteonini tashkil etish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi. Ukraina Oliy Radasi saytidagi maʼlumotlarga koʻra, hujjat 22-avgust kuni davlat rahbari tomonidan imzolangan.

Zelenskiyning taʼkidlashicha, "Ukraina panteoni albatta boʻladi. Qahramonlarimiz kim ekanini faqat ukrainaliklarning oʻzi hal qiladi".

Qonun loyihasi 1-iyul kuni Oliy Radada birinchi oʻqishda 290 deputat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi. Keyinchalik hujjatni toʻliq qabul qilish uchun 287 deputat ovoz bergan.

Qonun Kiyevda Ukraina davlatchiligi anʼanalarining uzluksizligini ifodalovchi yagona milliy makon tashkil etishni nazarda tutadi. OAV maʼlumotlariga koʻra, panteon Kiyev Rusidan tortib hozirgi Ukrainagacha boʻlgan davlatchilik tarixini aks ettirishi rejalashtirilgan.

Memorial majmua Ukrainaning taniqli tarixiy shaxslarini qayta dafn etish joyi boʻlishi koʻzda tutilgan. Qoldiqlari mamlakatga qaytarish imkoni boʻlmagan shaxslar uchun esa ramziy qabrlar – kenotaflar oʻrnatilishi mumkin.

Shu bilan birga, panteon tarixiy xotirani saqlash, vatanparvarlik tarbiyasi va davlat marosimlarini oʻtkazish markazi vazifasini ham bajaradi.

Qonunga koʻra, panteonda Ukrainaning turli tarixiy davrlardagi davlat rahbarlari, mamlakat prezidentlari, ukrain harbiy tuzilmalari bosh qoʻmondonlari, shuningdek, fan, madaniyat, taʼlim, din va davlat qurilishi sohasidagi taniqli shaxslar xotirasi abadiylashtirilishi mumkin. Impichment tartibida lavozimidan chetlatilgan prezidentlar bundan mustasno boʻladi.

Ukraina bilan bogʻliq Nobel mukofoti sovrindorlarining xotirasini ham panteonda abadiylashtirish imkoniyati nazarda tutilgan.

Novini.LIVE nashrining yozishicha, panteonda kimlarni dafn etish yoki qayta dafn etish boʻyicha yakuniy qaror maxsus tashkil etiladigan davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Komissiya ishiga olimlar ham jalb etilishi koʻzda tutilgan.

Loyihaning bahsli jihatlaridan biri Ukraina isyonchilar armiyasi – UIA aʼzolari xotirasini panteonda abadiylashtirish imkoniyati bilan bogʻliq. Polshada UIA, avvalo, Ikkinchi jahon urushi yillarida Volinda polyak aholisining ommaviy oʻldirilishi bilan bogʻlanadi. Varshava mazkur voqealarni rasman genotsid deb tan olgan.

Shu sababli ekspertlar Milliy panteon loyihasi Kiyev va Varshava oʻrtasida tarixiy xotira masalasidagi kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Polsha tomoni loyihani avval ham keskin tanqid qilgan.

Soʻnggi vaqtlarda UIA masalasi Ukraina va Polsha oʻrtasidagi munosabatlarda yana bir bor bahs mavzusiga aylangan. Xususan, Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining boʻlinmalaridan biriga "UIA qahramonlari" nomini berishga qaror qilganidan soʻng Varshavada keskin munosabat bildirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.