Dunyo

Ukraina va Polsha chegarasi yaqinidagi yoʻlovchi poyezdga zarba berildi

Shuningdek, Ukraina gʻarbida avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi va uning atrofida turgan yuk mashinalari yonib ketgan.

Ukraina va Polsha chegarasi yaqinidagi yoʻlovchi poyezdga hujum qilindi

Rossiya harbiylari Ukraina va Polsha chegarasidan bir necha kilometr uzoqlikdagi «Yagodino» nazorat-oʻtkazish punkti yonidagi yoqilgʻi quyish shoxobchasi hamda poyezdga dronlar bilan zarba berdi.

Ukraina nashrlari guvohlarning foto va videolariga tayangan holda xabar berishicha, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasida kuchli yongʻin chiqqan. Uning yonida turgan yuk mashinalari yonib ketgan. «Suspilne» maʼlumotiga koʻra, ikki haydovchi jarohat olgan. Shuningdek, supermarket binosi ham shikastlangan. «Yagodino» — Ukraina va Polsha oʻrtasidagi muhim avtomobil oʻtish nuqtalaridan biri hisoblanadi.

RF qoʻshini Polsha bilan chegaradan ikki kilometr masofadagi yoʻlovchi poyezd lokomotiviga ham zarba bergan. Ukraina temiryoʻllari matbuot xizmati maʼlum qilishicha, poyezd brigadasi zarba xavfi haqida oldindan ogohlantirilgan edi, shu sababli qurbonlar boʻlmagan.

Ukraina temiryoʻllari rahbari Oleksandr Persovskiy Rossiya qoʻshinlari ikkinchi kundirki temiryoʻl infratuzilmasiga — depolar, stansiyalar va vagonlarga tinimsiz hujum qilayotganini taʼkidladi.

Rossiya zarbalari sabab butun mamlakat boʻylab poyezdlar harakati jadvali izdan chiqqan. Ayrim yoʻnalishlar 18 soatdan ortiq kechikkan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiyaning Ukraina-Polsha chegarasi yaqinidagi zarbalarini «Putinning toʻgʻridan toʻgʻri Yevropa Ittifoqi va NATO eshiklarini „taqillatayotgan“ terrori» deb atadi. «Rossiya varvarlari allaqachon darvozalaringizda, qadrli hamkorlar», - dedi Sibiga. U Yevropa davlatlarini «oʻz sanksiyalarining butun kuchini Putinning tajovuzkor rejimiga qarshi» qoʻllashga, jumladan, toʻliq savdo embargosi va rossiyaliklarning kirishini toʻliq taqiqlashga chaqirdi.

Rossiya mudofaa vazirligi esa Ukrainaning gʻarbiy hududlarida «Yevropa mamlakatlaridan harbiy yuklarni tashishni taʼminlaydigan temiryoʻl infratuzilmasi obyektlari»ga zarbalar berilganini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.