Dunyo

Ukraina Patriot raketalari evaziga Rossiya NQZga zarbalarni 30 kunga toʻxtatishga tayyor

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH Patriot tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni yetkazib bersa, Kiyev Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni 30 kunga toʻxtatishga tayyorligini bildirdi. U Vashingtonni ittifoqchilar tomonidan puli toʻlangan raketalar taʼminotini kechiktirishda ham aybladi.

Ukraina Patriot raketalari evaziga Rossiyaning NQZlariga zarbalarni 30 kunga toʻxtatishga tayyor

Zelenskiy bu haqda 19-oktabr kuni AQSH senatorlari Richard Blumental va Tom Tillis bilan onlayn suhbatda maʼlum qilgan.

Ukraina prezidentining aytishicha, Pentagon PURL — Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari roʻyxati dasturi doirasida hamkorlar mablagʻ ajratgan raketalarni yetkazib berishni kechiktirmoqda. Joʻnatishga tayyor paketlardan biri AQSH mudofaa vaziri Pit Hegsetning imzosini kutmoqda.

Zelenskiy Yevropa davlatlaridagi zaxiralardan Ukrainaga Patriot uchun raketalar berish masalasi ham Vashington ruxsatiga bogʻliq boʻlib qolayotganini taʼkidlagan.

«Hamkorlarimiz, jumladan, Yevropadagilar ham oʻz zaxiralaridan bizga Patriot uchun tutib qoluvchi raketalarni yetkazib berishga AQSH ruxsat berishini kutmoqda. Bularning barchasi bizga koʻmakni sekinlashtirish boʻyicha qandaydir siyosiy qaror qabul qilinganini koʻrsatmoqda», - degan u.

Ukraina prezidenti harbiy yordamdan tashqari, axborot almashinuvi va aloqa tizimlari bilan bogʻliq muammolarni ham tilga olgan. Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi vaqtlarda Kiyev Rossiyaning ballistik raketa hujumlari haqida AQSHdan uch marta ogohlantirish olmagan.

Shuningdek, Zelenskiy Starlink’ning harbiy aloqa xizmatlari paketi — Starshield’dan foydalanishdagi cheklovlar yuzasidan ham toʻliq tushuntirish berilmaganini aytgan. U bu holatlarni «doʻstlar oʻrtasidagi munosabatlarda izohlash qiyin boʻlgan Amerika tomoni qarorlari» deb baholagan.

Zelenskiyning bildirishicha, Kiyev Donald Tramp talab qilayotganidek Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni 30 kunga toʻxtatishi mumkin. Biroq buning sharti — AQSH Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni taqdim etishi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.