Dunyo

Ukraina mudofaa xaridlari sohasidagi korrupsiya tufayli kamida 1,2 milliard dollar yoʻqotdi

The New York Times jurnalistlari hukumat auditining maxfiylashtirilgan natijalaridan bilib olgan asosiy maʼlumotlar.

Ukraina mudofaa xaridlari sohasidagi korrupsiya sabab kamida 1,2 milliard dollar yoʻqotdi

Mudofaa xaridlari agentligi faoliyati davlat audit xizmati hamda Ukraina mudofaa vazirligining ichki audit boʻlimi tomonidan tekshirildi. Bungacha tekshiruv xulosalari oshkor etilmagandi. Maʼlum boʻlishicha, 2024-yilning oʻzida Ukraina firibgarlik, isrofgarchilik va mudofaa xaridlaridagi samarasiz boshqaruv oqibatida qariyb 1,2 milliard dollar yoʻqotgan.

Tekshiruv hujjatlariga koʻra, Ukraina hukumati xaridlar jarayonida xavotirli belgilarni eʼtiborsiz qoldirmoqda. Narxlarni oshiradigan yoki yetkazib berish majburiyatlarini bajarmaydigan pudratchilar uchun oqibatlar juda kam hollarda yuzaga keladi.

Kompaniyalar qurol yetkazib berishga qodirligini isbotlamasdan turib shartnomalar olgan. Ayrim holatlarda pudratchida bunday yetkazib berish uchun litsenziya ham boʻlmagan.

Ukrainaning eng yirik oʻnta harbiy pudratchisidan 7 tasi firibgarlik, avvalgi kelishuvlarni bajarmaslik yoki rahbarlari korrupsiya uchun hibsga olingani yuzasidan jinoiy ishlar ochilganiga qaramay, yangi buyurtmalar olgan.

Masalan, 2024-yilda Pavlograd kimyo zavodi harbiylarga yaroqsiz holatdagi minglab artilleriya minalarini yetkazib bergan. Uning rahbari Leonid Shiman korrupsiya ishidagi figurantga aylanganidan keyin ham mudofaa xaridlari agentligi ushbu korxona bilan yuz millionlab dollar qiymatidagi shartnomalarni tuzishda davom etgan.

Auditorlar Ukraina hukumati oldingi shartnomalar bajarilmaganiga qaramay, yangi kelishuvlar tuzgan 18 ta kompaniyani aniqlagan. Bu kompaniyalardan oltitasi umuman birorta shartnomani bajarmagan.

Kompaniyalardan biri vaʼda qilingan 600 ta maxsus drondan birortasini ham yetkazib bermagan, keyin esa yana 1950 ta dron yetkazib berish boʻyicha yangi shartnoma olgan. Kompaniya shundan faqat 50 tasini oʻz vaqtida yetkazib bergan.

Qulayroq takliflar rad etilgani va qimmatroq takliflar qabul qilingani sabab 126 million dollarga yaqin mablagʻ yoʻqotilgan. Shartnomalar yetarli huquqiy asoslarisiz tuzilgan. Bir holatda kompaniyalar barbod boʻlgan bitim boʻyicha kamida 100 million dollarlik avans toʻlovlarining taqdiri yuzasidan hanuz bahslashmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.