Dunyo

Ukraina dronlari Rossiya boʻylab hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor

Ukraina dronlari Rossiya hududlariga hujum qildi. Qurbonlar bor

26-sentyabrga oʻtar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Rostov viloyati va Krasnodar oʻlkasiga zarba berdi.

Rostov viloyati rahbari Yuriy Slyusarning aytishicha, hudud ustida jami 30 ta dron urib tushirilgan, hujum natijasida sanoat obyektlari va turar joy binolari shikastlangan.

Dronlar Rostov-Don, Kamensk-Shaxtinskiy, Novoshaxtinsk, Taganrog va Azov shaharlari, shuningdek, Azov, Myasnikov va Neklinov tumanlarida qayd etilgan.

Azov shahrida koʻp qavatli va xususiy uylar, sanoat obyektlari, maktab, madaniyat saroyi hamda avtomobillar zarar koʻrgan. Toʻrt kishi jarohatlangan. Slyusar voqeaning boshqa tafsilotlarini ochiqlamadi.

Ukrainaning monitoring kanallari yozishicha, zarbalar nishoni mudofaa sanoati uchun mahsulot ishlab chiqaradigan Azov optik-mexanika zavodi boʻlishi mumkin.

Krasnodar oʻlkasida esa Ukraina dronlari hujumi oqibatida Severskiy tumanidagi ikkita korxonada yongʻin chiqqan. Bu haqda hudud rahbari Veniamin Kondratyev maʼlum qildi.

“Afsuski, halok boʻlganlar bor, — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda. Kondratyev qurbonlar soni va hodisaning boshqa tafsilotlarini keltirmadi. Keyinchalik operativ shtab uch kishi halok boʻlganini maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda dron hujumidan keyin Krasnodardagi Ilskiy neftni qayta ishlash zavodidan olov koʻtarilayotgani aks etgan suratlar tarqaldi.

25-sentyabr kuni Rossiya Kiyevning Solomyanskiy tumanidagi ofis binosiga dron bilan zarba bergandi. Hujumda kamida besh kishi, jumladan bir oʻsmir halok boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.