Rostov va Yaroslavlga ommaviy dron hujumlari uyushtirildi
17-sentabrga oʻtar kechasi Rossiyaning Rostov va Yaroslavl viloyatlariga dronlar hujum qildi. OSINT tahlillari va monitoring kanallariga koʻra, Rostov-Dondagi harbiy aerodrom hududida yongʻin chiqqan. Yaroslavlda esa «Slavneft-YANOS» neftni qayta ishlash zavodi shikastlanganini mahalliy gubernator tasdiqladi. Rossiya rasmiylari hujumlar oqibatida jabrlanganlar yoʻqligini bildirdi.

Rostov va Yaroslavlga ommaviy dron hujumlari uyushtirildi
17-sentabrga oʻtar kechasi Rossiyaning Rostov-Don shahri ommaviy dron hujumiga duch keldi. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusarning aytishicha, hujum oqibatlari yerda ham qayd etilgan va yongʻin chiqqan, keyinroq u tezda oʻchirilgan.
Gubernator bergan maʼlumotga koʻra, jabrlanganlar yoʻq.
Transformator podstansiyasiga yetgan zarar sabab Rostov-Donning Voroshilov, Lenin, Oktabr va Kirov tumanlarida elektr taʼminotida uzilishlar yuzaga kelgan.
Oltita xususiy uyning derazalari, tomi va oynalari, shuningdek, xoʻjalik binolari shikastlangan. Rostov hamda Myasnikovskiy tumanida turli joylardan dron parchalari topilgan.
Slyusarning bildirishicha, tun davomida Rostov viloyati hududida 50 dan ortiq dron urib tushirilgan. Ular Rostov, Bataysk, Kamensk-Shaxtinskiy, Taganrog va viloyatning oʻnta tumanida qayd etilgan.
Astra nashri OSINT tahliliga tayangan holda, Rostov-Dondagi «Rostov-na-Donu - Sentralnyy» harbiy aerodromi hududida yongʻin chiqqanini xabar qildi.
Ochiq manbalar asosidagi tahlilga koʻra, yongʻin harbiy samolyotlar va vertolyotlar joylashgan maydon atrofida yuz bergan boʻlishi mumkin.
Ukrainaning Exilenova+ monitoring kanali ham Ukraina dronlari harbiy aerodromga zarba bergani va uning hududida katta yongʻin chiqqanini daʼvo qildi. Kanalga koʻra, aviatsiya va harbiy baza infratuzilmasi zarba ostida qolgan.
Biroq bu maʼlumotlar Rossiya rasmiylari tomonidan tasdiqlanmagan. Rostov viloyati gubernatori hujumning aniq nishonlari haqida maʼlumot bermagan.
Xuddi shu kecha Yaroslavl shahri ham dronlar hujumiga uchradi. Telegram kanallari hujumning asosiy nishonlaridan biri «Slavneft-YANOS» neftni qayta ishlash zavodi boʻlganini xabar qildi.
Korxona Rossiyadagi beshta eng yirik neftni qayta ishlash zavodi qatoriga kiradi va mamlakat shimolidagi eng yirik NQZ sifatida qayd etiladi.
Zavod avtomobil benzini, Yevro-5 standartidagi dizel yonilgʻisi, aviatsiya kerosini va reaktiv dvigatellar uchun yoqilgʻi ishlab chiqaradi.

