Ukraina dengiz dronlari Sochi sohiliga hujum qildi, 30 ga yaqin kishi yaralangan
Bu vaqtda sohilda konsert boʻlayotgandi.

Ukraina dengiz dronlari Sochi qirg‘og‘iga zarba berdi, qariyb 30 kishi jarohat oldi
9-sentabr kuni kechqurun Sochining sohil zonasiga Ukraina dengiz dronlari hujum qildi (RF mudofaa vazirligi ularni «ekipajsiz katerlar» deb atagan). Krasnodar o‘lkasi operativ shtabining xabar berishicha, buning oqibatida 28 kishi, jumladan, ikki bola jarohatlangan. Jarohat olganlarning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, katta yoshli uch kishi va bir bola shifoxonada qolmoqda.
Hujum haqida mahalliy vaqt bilan soat 9 lar atrofida ma’lum bo‘ldi. Aynan shu paytda sohilda joylashgan «Festivalniy» madaniyat saroyida qo‘shiqchi Tatyana Bulanovaning konserti bo‘lib o‘tayotgandi. Tadbir to‘xtatildi, tomoshabinlar evakuatsiya qilindi.
«Turmush o‘rtog‘im konsertda edi. Evakuatsiya e’lon qilinganida odamlar yiqilib, vahimaga tushib qochishni boshlagan. Atrofda portlash ovozlari eshitilardi. U mashinaga yugurayotib yiqilgan. Uni zarba to‘lqini yiqitgan. Har bir portlashdan keyin zarba to‘lqini sezilgan. Portlashlar juda yaqin joyda ro‘y bergan», – deydi voqea haqida mahalliy aholi vakillaridan biri.
Dam oluvchilar avvaliga bunga uncha e’tibor bermagan va faqat portlashlardan keyin har tomonga yugura boshlagan.
«Portlashlar juda yaqin ro‘y berayotganidagina hamma yugura boshladi. Dastlab hamma qarab turdi, chunki Sochi uchun bu odatiy holat. Ammo bizdan 300 metr narida portlash bo‘ldi – va shundagina hamma qochishni boshladi. Aql bovar qilmas xaos yuzaga keldi. Hamma baqirar, bolalar yig‘lardi. Hamma chopib borar, atrofda portlashlar bo‘lardi. Qayerga ketayotganimizni bilmasdan yugurardik, chunki hech qayerda bombapanagoh yo‘q edi. Amallab yerosti o‘tish joyigacha yetib bordik», – deya hikoya qiladi guvohlardan biri.
Hujumdan so‘ng sohilda yong‘in chiqqan, biroq mahalliy rasmiylar shikastlanish jiddiy emasligini bildirgan. «Oynalar va fasad elementlarini tiklash zarur. Ishonchim komilki, biz buni tezda uddalaymiz», – deb yozdi shahar meri Andrey Proshunin telegram-kanalida. U, shuningdek, hujum oqibatlari to‘liq bartaraf etilmaguncha plyajlar tashrif buyuruvchilar uchun yopiq qolishini ma’lum qildi. «Sochining qolgan qismida vaziyat barqaror», – deya qo‘shimcha qildi Proshunin.

