Ukraina aholisi sirenalar uchun «haddan tashqari charchagan»
Uitcherch shahar kengashi aʼzosi Gregori Ebbs Ukrainaga insonparvarlik yordami bilan toʻldirilgan xayriya qilingan avtomobilni yetkazib berdi.

**Ukraina aholisi sirenalar sababli «haddan tashqari holdan toygan»**
Ukrainaga yordam olib borgan kengash aʼzosi u yerdagi odamlar «holdan toygani» va havo hujumi sirenalari juda tez-tez chalingani sababli endi ularga uygʻonmayotganini aytdi.
Shropshirdagi Janubiy Uitcherch okrugidan Liberal-demokratlar partiyasi kengash aʼzosi Gregori Ebbs xayriya qilingan avtomobil, shuningdek, tibbiy buyumlar, asbob-usgunalar va issiq kiyimlarni yetkazib berish uchun Lvov va Kiyevga safar qildi.
«Apprentice» realiti-shousining sobiq ishtirokchisining aytishicha, mahalliy aholi unga ballistik raketa xavfi eʼlon qilinmaguncha endi bomba boshpanalariga tushmasliklarini aytgan.
«Muayyan darajada holdan toyish kuzatilmoqda», — dedi u BBC’ga. «Odamlar hayron boʻlishmoqda — nega bu yerda ekaningizni soʻrashadi — koʻngillilar u yerga borayotgani ularga juda yoqadi... lekin ular shunchaki holdan toygan».
Avval shimoli-gʻarbiy Lvov shahriga safar qilgach, Ebbsning aytishicha, yordam PTAHA insonparvarlik tashkilotiga topshirilgan.
Uning taʼkidlashicha, shaharga urush «deyarli tegmagan», ammo insoniy yoʻqotishlar va talafotlar aniq koʻrinib turardi.
«Oyogʻi, qoʻli yoki koʻzidan ayrilgan odamlar bor edi — bu juda keng tarqalgan... lekin shaharning oʻziga zarar yetmagan», — dedi u.
Ebbsning qoʻshimcha qilishicha, birinchi kechada u toʻxtagan joydan besh milya atrofida beshta portlovchi dron qayd etilgan va «tun boʻyi sirenalar va ogohlantirishlar qayta-qayta chalingan».
Ebbsning aytishicha, urushning taʼsiri Kiyevda yaqqol koʻrinib turardi
Uning soʻzlariga koʻra, poytaxt Kiyevga yetib borishgach, vaziyat «jiddiylashgan».
«Shaharga kirmasinggizdanoq GPS ishlamay qoladi, internet oʻcha boshlaydi, har 15 daqiqada havo hujumi sirenalari chalinadi va atrofingizdagi vayronagarchiliklar juda yaqqol koʻrinadi», — dedi u.
«Koʻplab omborlar, binolar vayron qilingan... koʻpriklar portlatilgan».
Shaharda u xayriya qilingan Citroen Xsara avtomobilini olish uchun Odessadan kelgan tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi.
Ebbsning aytishicha, ularning oldingi transporti vayron boʻlgan va 70 kishilik jamoaga odamlarni tashish uchun faqat ikkita avtomobil qolgan edi.
U yerda boʻlganida, taksi haydovchisi sirenalar ovoziga juda oʻrganib qolgani sababli havo hujumi sirenasi chalinganda endi uygʻonmasligini aytgan.
Ebbs kelajakda «albatta» yana qaytib borishini aytdi
Shundan soʻng Ebbs poyezdda Lvovga toʻqqiz soatlik yoʻl bosdi va yoʻlda poyezddan evakuatsiya qilindi.
«Poyezd dala oʻrtasida toʻxtaydi va hamma undan tushadi», — dedi u.
«Hammamiz keksalar va yoshlarning eng yaqin oʻrmon chizigʻigacha piyoda borishiga yordam berdik.
«Bizga dron yaqinlashayotgani va agar u poyezdni portlatib yuborsa, undan uzoqda turishimiz muhimligi maʼlum qilindi», — tushuntirdi u.
Uyiga qaytgach, u koʻproq yordam yetkazib berish uchun mamlakatga «albatta» yana qaytib borishini aytdi.
«Bu transport vositalari, bu yordam soʻzning tomor maʼnosida insonlar hayotini saqlab qoladi», — dedi u.
«Bu juda muhim va agar ozgina boʻlsa ham yordam bera olsam, qoʻlimdan kelganini qilaman.
«Tinch aholiga yetkazilayotgan zarar taʼsiri faqat yomonlashib boradi», — deya qoʻshimcha qildi u.

