UEFA Infantinoni “taxtdan ag‘darish” fikridan voz kechdi — BBC

UEFA Infantinoni lavozimidan chetlatish fikridan qaytdi — BBC
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) hozirgi FIFA prezidenti Janni Infantinoni lavozimidan ozod etishni rejalashtirmayapti. Bu haqda BBC xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, rahbarni ishdan bo‘shatish uchun FIFAga a’zo tashkilotlarning to‘rtdan uch qismi, ya’ni 159 ta davlat qarshi ovoz berishi lozim. Hozirgi vaziyatda bunday miqdordagi ovozni to‘plash imkonsiz deb hisoblanmoqda. Shu sababli, UEFA endi asosiy e’tiborni 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentlik saylovlariga qaratadi. Ular ushbu saylovda Infantinoni mag‘lub eta oladigan va barcha yevropaliklarga birdek ma’qul keladigan yagona nomzodni izlamoqda. Saylovda ishtirok etish uchun arizalar joriy yilning 18-noyabriga qadar topshirilishi kerak. Saylovning o‘zi esa 2027-yil mart oyida Marokashda o‘tkaziladi.
Iyul oyida Infantino futbol bo‘yicha barcha yirik musobaqalarni yagona markazdan nazorat qiladigan alohida kompaniya tashkil etish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. Uning rejasiga ko‘ra, bu loyiha orqali tashkilotlar taxminan 4,2 milliard dollar daromad olishi kerak edi.
Biroq bu taklif butun dunyo futbol hamjamiyatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alarining futbol tashkilotlari Infantinoning bu g‘oyasini butunlay rad etdi. Hatto UEFA, agar FIFA bu loyihadan voz kechmasa, uning musobaqalarida umuman ishtirok etmasligini bildirdi.
The Telegraph nashrining yozishicha, voqealar boshlanishidan oldin Yevropadagi 55 ta davlatning 52 tasi (faqat Germaniya, Ruminiya va Norvegiya rozi bo‘lmagandi) Infantinoni qo‘llab-quvvatlab turgan edi. Biroq, mojaro yuzaga kelgach, Uels birinchi bo‘lib Infantinoni endi qo‘llab-quvvatlamasligini e’lon qildi. Keyinchalik boshqa davlatlar ham FIFAning amaldagi rahbariga ishonchsizlik bildirdi.
Shunga qaramay, hozirda Afrika futbol konfederatsiyasi, Argentina va boshqa bir qator davlatlar hali ham Infantino g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

