Sport

UEFA FIFA’ga shart qo‘ydi

UEFA FIFAga ultimatum qo‘ydi

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) boshqa konfederatsiyalar bilan birgalikda, agar Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino o‘z lavozimidan ketishdan bosh tortsa, o‘zining mustaqil xalqaro musobaqalarini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Times nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, UEFAning bu tashabbusi Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangan. Agar Infantino o‘z lavozimida qolsa, ushbu uchta tashkilot rahbarlari FIFA boshqaruv organlariga boykot e’lon qilishga tayyor ekanliklarini bildirmoqda.

Ehtimoliy choralar qatoriga FIFA kengashi va qo‘mitalari yig‘ilishlarida ishtirok etishdan, shuningdek, tashkilot qarorlarini tasdiqlashdan bosh tortish kiradi. Eslatib o‘tamiz, Infantino avvalroq 2027-yilda ham ushbu lavozimga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekanini ma’lum qilgan edi.

Iyul oyida FIFA o‘zining media va tijorat huquqlarini (jumladan, Jahon chempionatlari huquqlarini) o‘z ichiga olgan yangi tuzilmaning taxminan 20 foiz aksiyasini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish niyatida ekanini e’lon qilgan edi. Matbuot xabarlariga ko‘ra, bu aksiyalarni AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi — Joshua Kushnerga tegishli fond sotib olishi kutilayotgandi.

Shundan so‘ng, UEFA ushbu taklif to‘liq bekor qilinmaguncha barcha a’zolari bilan birgalikda FIFA turnirlarini boykot qilishini ma’lum qildi. Keskin kelishmovchiliklar fonida Infantino federatsiya tijorat huquqlarini sotish rejasidan voz kechganini bildirdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, agar ushbu tijoriy loyiha amalga oshganida, FIFA rahbarining yillik maoshi 3 million yevrodan 30 million yevrogacha keskin oshib ketar edi.

Infantino ushbu bahsli loyihadan voz kechganiga qaramay, UEFA maxsus bayonot bilan chiqib, tashkilot rahbariyatiga nisbatan ishonch butunlay yo‘qolganini va bu reja mualliflarini javobgarlikka tortish niyatida ekanini ta’kidladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.