Dunyo

«Uchuvchilar kreslosi boʻsh edi». Flydubai yoʻlovchisi samolyotni qanday qutqarib qolganini aytib berdi

30-sentabr kuni Dubaydan Tel-Avivga parvoz qilgan samolyot yoʻlovchisi ekipaj komandirini pichoqlagan va samolyotni qulatishga harakat qilgan ikkinchi uchuvchini qanday zararsizlantirgani haqida hikoya qildi. Bortda boʻlgan boshqa odamlar ham «oʻlimga tayyorgarlik koʻrilgan bu dahshatli soniyalar»ni qanday oʻtkazishganini tasvirlab berishgan.

«Uchuvchilar kreslosi boʻsh edi». Flydubai yoʻlovchisi samolyotni qanday qutqarib qolganini soʻzlab berdi

Flydubai aviakompaniyasining FZ1073 reysi yoʻlovchisi Yaniv Xayun zaxira borti bilan Tel-Avivga yetib borgach, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashdi. U shu paytda hamon qonga belangan futbolkasida edi.

Isroil hukumati bu voqeani «terrorchilik hujumini amalga oshirishga urinish» deb baholamoqda. Hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda, gumonlanuvchining motivlari haqida hozircha rasmiy bayonot berilmagan.

Flydubai esa tekshiruvlar yakuniga qadar Tel-Avivga parvozlarni toʻxtatdi.

Xayunning aytishicha, u ikkinchi uchuvchini zararsizlantirgach, samolyot ichidagi vaziyat barqarorlashgan. Bortga yoʻlovchi sifatida chiqqan yana ikki uchuvchi esa samolyotni Saudiya Arabistonining Tobuk shahridagi aeroportga favqulodda qoʻndirgan.

Kasbi santexnik boʻlgan Xayun bosh vazir bilan suhbatda samolyot birdan balandlikni yoʻqota boshlaganini va ikki daqiqadan kamroq vaqt ichida 5,2 ming metrga tushib ketganida nimadir notoʻgʻri ketganidan shubhalanganini aytdi.

«Kimdir qichqira boshladi, svet oʻchdi», – deydi Yaniv Xayun Isroil bosh vaziri eʼlon qilgan videoyozuvda.

Shundan soʻng u boshqa yoʻlovchilar bilan birga uchuvchilar kabinasi eshigini ochishga uringan, biroq bu oson boʻlmagan.

«Pichoqdan jarohatlangan uchuvchi eshikka yopishib turgandi, shuning uchun biz uni ochishga qiynaldik», – deydi Xayun.

Ammo uning soʻzlariga koʻra, yaralangan uchuvchi hushini yoʻqotishdan oldin eshikni ochishga ulgurgan.

«Men ichkariga kirganimda hujum qilgan uchuvchi boshqaruv paneli yonida, ikki kreslo oʻrtasida turganini koʻrdim… uchuvchilar kreslolarida hech kim yoʻq edi. Biri polda yotar, boshqasi boshqaruv paneli ustida edi. Ortimdan kabinaga yana bir yigit kirdi. Men hujum qilgan uchuvchiga tashlanib, boʻgʻish usulini qoʻlladim va tashqariga olib chiqdim», – degan Xayun.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.