Uchtepada 21 yoshli ayol kesarcha kesish orqali tugʻuruqdan keyin komaga tushib qoldi
Maftuna Mirzarahimova 2026-yilning 24-aprelida Uchtepa tumanidagi 9-perinatal markazida kesarcha kesish amaliyotidan keyin koma holatiga tushgan. U 6 oydan beri ogʻir holatda. Ayol sogʻlom boʻlgan, homiladorlik davrini ham yaxshi oʻtkazgan. Unga qilingan epidural anesteziya reaksiya bergani aytilmoqda.

Uchtepada 21 yoshli ayol kesarcha kesishdan soʻng komaga tushib qoldi
Tahririyatga 6 oydan buyon farzandini hayotga qaytarish uchun kurashayotgan Nilufar Hakimova murojaat qildi. U sogʻlom yurgan, homiladorlik davrini ham yaxshi oʻtkazgan qizi tugʻuruqdan keyin juda ogʻir ahvolga tushib qolganini aytib, yordam soʻradi:
“2005-yilda tugʻilgan qizim Maftuna Mirzarahimova oʻz vaqtida dard tutib, Uchtepa tumanidagi 9-perinatal shifoxonaga oʻz oyogʻi bilan borgan. Kuyovim bilan borganda kesarcha kesishga koʻrsatma boʻlmagan. “Oʻzi tugʻadi” deb olib qolishgan. Kuyovim kutgan, orada juma namoziga borib qaytib kelganida esa “operatsiya qildik, Maftuna behush, komada” deyishgan. Men kelganimda qizimning ahvoli juda ogʻir edi. Bosh shifokor Ulugʻbek Bekjonovga murojaat qilib, uni boshqa shifoxonaga olib borishni iltimos qildim.
Qizimga nima boʻlganini soʻrasam, “epidural anesteziyada reaksiya berdi. Shuning uchun yuragi toʻxtab qoldi, shoshilinch operatsiya qildik” deyishdi”, deydi ona.
«25 kunda koʻzini ochdi»
5 oy davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolangan Maftunaning ahvoli yaxshilanmagan. Qizining holati va davolanish bilan bogʻliq uzluksiz xarajatlar ota-onani ham ruhiy, ham moliyaviy jihatdan ogʻir ahvolga solgan.
“27-aprel kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasiga oʻtkazdik. U yerda neyroreanimatsiyaga olishdi. 25 kunda koʻzini ochdi, “koma 2 holati” tashxisi qoʻyildi. Juda yomon ahvolda yotardi qizim, yuzlarini yopib qoʻyishgandi. Hozirgacha ogʻir ahvolda. Apallik sindrom degan diagnoz qoʻyishgan. Qoʻl-oyoqlari qiyshayib, falajlanib qolgan. Nahotki bitta tugʻishda shu darajaga kelib qolsa?
Hech kim tilxat yozmagan, operatsiyaga hech kimdan ruxsat olinmagan. Nega operatsiya qilindi, oʻzi tugʻishi kerak edi deganimizda “oʻzi soʻrab oldi” degan javobni aytishdi. Hamma aybni qizimga toʻnkashdi. Qizim bu holatida hech narsani tasdiqlay olmaydi. Besh oydan beri bitta “ona” degan soʻziga zorman. Koʻzini ochib yopadi, bir soʻz gapira olmaydi”.

