Mahalliy

Buxoroda uch yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan bog‘cha rahbariga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda uch yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan bog‘cha rahbariga sud hukmi chiqarildi

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida ahvoli yomonlashgan 3 yoshli qizchaning vafotiga sabab bo‘lgan oilaviy bog‘cha rahbarining ozodligi 4 yilga cheklab qo‘yildi.

Voqea 2025-yil 20-iyun kuni tumandagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida yuz bergan. O‘sha kuni 2022-yilda tug‘ilgan S.ning ichi ketib, qorni og‘riy boshlagan. Biroq uni shifokor ko‘rigidan o‘tkazish yoki ota-onasiga xabar berish o‘rniga bog‘cha rahbari yosh bolalarga berish taqiqlangan va faqat shifokor retsepti bilan qo‘llanadigan “Siprofloksatsin” dorisini qizchaga berib yuborgan.

Bog‘cha rahbari D.E.ning so‘zlariga ko‘ra, bola ertalab soat 08:30 lar atrofida muassasaga kelgan. Kun davomida uning ichi ketgan, tarbiyachilar bir necha bor kiyimlarini almashtirgan. Keyin u boshqa bolalar bilan o‘ynagan va tushlik qilgan.

“Soat 13:15 atrofida qizcha yig‘lab uyg‘ondi. Uning ichi yana ketgan va qorni og‘riyotganini aytgandi. Tarbiyachi uni bir necha marta hojatxonaga olib bordi. Shundan keyin muzlatkichdan dori olib, tabletkaning bir qismini qizchaning tili ustiga qo‘ygandim va suv ichirgandim. Dori bolaga yordam beradi, deb o‘ylagandim”, deydi D.E. o‘z ko‘rsatmasida.

Oradan ko‘p o‘tmay bola qusmoqchi bo‘lib, rangi o‘zgargan. D.E. uning og‘zida qolgan dori bo‘lagini olib tashlagan. Shundan so‘ng qizchaning lablari ko‘karib, jag‘i qisila boshlagan. Keyin tez tibbiy yordam chaqirilgan. Tez yordam kelguniga qadar D.E. va uning turmush o‘rtog‘i bolaga yordam berishga uringan. So‘ng qizchani o‘z avtomashinasida poliklinikaga olib ketishgan. Yo‘lda tez yordam mashinasiga duch kelishgach, uni shifokorlarga topshirishgan.

Qizcha Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

O‘limga nafas yo‘llarining berkilishi sabab bo‘lgan

Sud-tibbiy ekspertizasi qizchaning o‘limiga qusuq massalari yuqori nafas yo‘llarini berkitib qo‘yishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘g‘ilish sabab bo‘lganini aniqlagan.

Ekspertlar marhumada o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklarning morfologik belgilari aniqlanmaganini ham qayd etgan. Mutaxassislar bolada kasallik belgilari paydo bo‘lgan paytda uni pediatr yoki infeksionistga ko‘rsatish, zarur tekshiruvlar o‘tkazilgandan keyingina shifokor tavsiya qilgan dorilarni berish kerak bo‘lganini bildirgan.

D.E. sudda aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini aytgan, marhumaning oila a’zolaridan kechirim so‘ragan va suddan yengillik berishni iltimos qilgan.

Qizchaning otasi bog‘cha rahbariga nisbatan moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligini bildirib, unga qonuniy jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud hukmiga ko‘ra, D.E. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilgan. Unga 2 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.