Uchta davlat hududidan sezilmasdan oʻtgan Ebola bemori boʻyicha savollar ochiq qolmoqda
Yangi tafsilotlar 40 yoshli tadbirkorning ogʻir kasal boʻlaturib, qanday qilib uchgani va mintaqaviy chegaralarni kesib oʻtganini oshkor qildi.

Uchta davlat chegarasini sezilmasdan kesib oʻtgan Ebola bemori haqida savollar qolmoqda
Nayrobida 70 ga yaqin ehtimoliy muloqotda boʻlganlar karantinga olindi
Keniyalik tadbirkor Eboladan eng koʻp jabr koʻrgan hududlardan birida vaqt oʻtkazishga, soʻngra kasalligi aniqlangunga qadar yana ikkita davlat orqali sayohat qilishga muvaffaq boʻldi.
Nayrobidagi shifoxonaga ogʻir ahvolda olib kelinganidan keyingina ushbu havfli yuqumli kasallik tashxisi qoʻyilgan 40 yoshli erkak Keniyada roʻyxatga olingan birinchi tasdiqlangan holat boʻldi. U ikki kundan keyin, 5 oktyabr kuni vafot etdi.
Uning zararlangani Kongo Demokratik Respublikasidagi bir nechta tibbiyot muassasalarida, shuningdek, Uganda va Keniyadagi ikkita aeroport tibbiy koʻrigida eʼtibordan chetda qolgani yirik epidemiya davrida ushbu mamlakatlardagi bioxavfsizlik borasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqardi.
Joriy yilda Kongo DRda Eboladan 4000 dan ortiq odam vafot etdi, bu tarixdagi ikkinchi eng oʻlim kuzatilgan epidemiya hisoblanadi.
Qitʼaning yetakchi sogʻliqni saqlash agentligi boʻlmish Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Africa CDC) keniyalik bemorning qariyb olti hafta davomidagi harakatlanishini tikladi va bu uning kasalligini aniqlash hamda oʻnlab odamlarning havfli virus bilan zararlanishini oldini olish boʻyicha bir nechta boy berilgan imkoniyatlarni ochib berdi.
Agentlikning favqulodda vaziyatlar boʻyicha direktori doktor Vessam Mankula tomonidan taqdim etilgan maʼlumot tadbirkorning ahvoli borgan sari yomonlashib borgani holda qanday qilib minglab kilometr yoʻl bosib oʻtgani haqida eng aniq tasavvurni beradi.
Shaxsi oshkor etilmagan erkak Kongo DRda yetti yil yashagan va biznes ishlari bilan uning uchta provintsiyasi boʻylab sayohat qilgan.
Uning aynan qachon va qayerda Ebola yuqtirgani hali nomaʼlum — ammo Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, oktyabr oyi boshiga kelib virus u tashrif buyurgan barcha uchta provintsiyada mavjud boʻlgan.
U avgust oyining oxiri va sentyabr oyining boshini Bas-Uele provintsiyasida oʻtkazib, Buta, Aketi va Likati kabi shaharlarga tashrif buyurgan.
JSST avgust oyida, u tashrif buyurishidan oldin Butada Ebola holatini tasdiqlagan edi, garchi uning virusni aynan oʻsha yerda yuqtirgani haqida hech qanday dalil yoʻq boʻlsa-da.
Unda kasallik alomatlari ilk bor taxminan 15 sentyabrda paydo boʻlgan. Unga antibiotiklar berilib, uyiga yuborilgan.
Ikki kundan keyin u Bondodagi «Tongo Etandi» tibbiyot markaziga yotqizilgan va u yerda 19 sentyabrgacha qolgan.
Unda isitma va toshma boʻlishiga qaramay, unga teri infektsiyasi tashxisi qoʻyilgan.
Uning sayohati davomida hech bir bosqichda Ebolaga test oʻtkazilmagani sababli, uning aynan qachon zararlanganini aytish imkonsiz. Ushbu alomatlar kasallikning dastlabki bosqichiga toʻgʻri keladi, ammo ular mintaqada keng tarqalgan boshqa infektsiyalarga, masalan, bezgakka ham mos keladi.
20 sentyabr kuni u Kongo daryosi boʻyida joylashgan, taxminan 1,5 million aholiga ega Kisangani shahriga uchib ketdi va u yerda 10 kundan ortiq vaqt davomida tibbiy yordam izladi.
U yerda unga qaysi shifoxona yoki klinikalarda davo choralari koʻrilgani yoki qanday dorilar berilgani nomaʼlum. Kisangani — atigi 51 ta Ebola holati qayd etilgan Chopo provintsiyasining poytaxtidir.
Soʻngra, 1 oktyabr kuni, ilk bor kasal boʻlganidan ikki haftadan koʻproq vaqt oʻtgach, tadbirkor gavjum chegara shahri boʻlmish Kasindiga oʻtishdan oldin Beni shahriga navbatdagi ichki reys bilan uchdi.
Beni ham, Kasindi ham Shimoliy Kivuda joylashgan boʻlib, u yerda 1755 ta Ebola bilan zararlanish va 1000 dan ortiq oʻlim holatlari qayd etilgan, bu esa uni Kongoning kasallikdan eng koʻp jabr koʻrgan provintsiyalaridan biriga aylantiradi.
Biroq u u yerda uzoq qolmadi va oʻsha kuniyoq Uganda hududiga oʻtdi.
Uganda may oyida epidemiya boshlanganidan koʻp oʻtmay Kongo DR bilan chegaradosh hududlarida harakatlanish boʻyicha cheklovlar joriy qilgan edi.
Mamlakat bir nechta Ebola epidemiyalarini jilovlash, jumladan, nazorat qilish, muloqotda boʻlganlarni kuzatish va gumon qilinayotgan bemorlarni izolyatsiya qilish boʻyicha tajribaga ega. Bu yil u yerda baʼzi holatlar kuzatildi — asosan Kongo DRdan kelgan odamlar orasida — ammo avgust oyida mamlakat kasallikdan xoli deb eʼlon qilingan edi.
Biroq, ikki davlat oʻrtasidagi chegara chekka hududlar orqali yuzlab kilometrga choʻzilgan boʻlib, bu uni nazorat qilishni qiyinlashtiradi.
Tadbirkor chegarani kesib oʻtayotganda rasmiy tibbiy nazorat punktidan oʻtgan-oʻtmagani hali ham nomaʼlum.
Erkakning dafn marosimi qatʼiy xavfsizlik protokollari ostida oʻtkazildi
Chegarani kesib oʻtgach, u avtomobil yoʻli orqali poytaxt Kampalaga, soʻngra Entebbe xalqaro aeroportiga yoʻl oldi va u yerdan 3 oktyabr kuni Nayrobiga uchuvchi samolyotga oʻtirdi.
Uganda rasmiylarining bildirishicha, u aeroport nazoratidan oʻtayotganda tana harorati meʼyorda boʻlgan. Sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislarining taʼkidlashicha, ushbu holat faqat haroratni tekshirish va bemorning oʻz sogʻligʻi haqidagi maʼlumotlariga tayanishning cheklanganligini koʻrsatadi.
Mankulaning aytishicha, tadqiqotchilar erkak qabul qilgan dori-darmonlar uning tana haroratini pasaytirgan boʻlishi mumkinligini oʻrganmoqda. Shuningdek, u nazoratdan oʻtayotgan vaqtda shunchaki isitmasi boʻlmagan boʻlishi ham mumkin.
Shuningdek, u Nayrobining Jomo Keniata xalqaro aeroportiga yetib kelganida ham Ebolaga gumon qilingan bemor sifatida aniqlanmagan, u yerdan qarindoshi uni kutib olib, toʻgʻridan-toʻgʻri Keniya poytaxtidagi xususiy tibbiyot muassasasi — Nayrobi shifoxonasiga olib borgan.
Oʻsha vaqtga kelib unda isitma, qaltirash, mushaklardagi ogʻriq, tomoq ogʻrigʻi va qon ketishi kuzatilayotgan edi.
Laboratoriya tahlillari u Ebolaning Bundibugyo turini yuqtirganini tasdiqladi — bu Kongo DRdagi epidemiyaga sabab boʻlgan xuddi oʻsha shtammdir.
Ahvoli yomonlashgani sababli u izolyatsiya qilindi. U 5 oktyabr kuni vafot etdi va ertasi kuni infektsiyani nazorat qilishning qatʼiy choralari ostida dafn etildi.
Keniya hukumati u yetib kelganidan keyin u bilan muloqotda boʻlgan boʻlishi mumkin boʻlgan 66 kishini aniqlaganini maʼlum qildi. JSSTning bildirishicha, Uganda va Kongo DRda muloqotda boʻlganlarni qidirish ishlari davom etar ekan, bu raqam yana ortishi mumkin.
Karantin choralari, shuningdek, Nayrobi shifoxonasida bemorga qanday qaralgani haqidagi savollar fonida baʼzi tibbiyot xodimlari orasida xavotir uygʻotdi.
Keniya sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, 652 000 dan ortiq yoʻlovchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan va 5 000 ga yaqin tibbiyot xodimi Ebolaga qarshi kurashish uchun tayyorlangan, bemorlarni qabul qilish uchun beshta muassasa ajratilgan.
Ebola kasallik alomatlari paydo boʻlgan zararlangan odamning tana suyuqliklari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish yoki zararlangan materiallar orqali yuqadi.
Uning inkubatsion davri 2 kundan 21 kungacha davom etadi, bu esa virus bilan zararlangan odam bir necha haftadan keyingina kasal boʻlishi mumkinligini anglatadi.
Mankula Ebola alomatlarini his qilgan yoʻlovchilarni bu haqda xabar berishga chaqirdi va tibbiy yordamga erta murojaat qilish ularning omon qolish imkoniyatlarini oshirishini aytdi.
«Ebola bilan bogʻliq har qanday alomatlarni erta oshkor qilganingizda, siz nafaqat virusning boshqa mamlakatlarga tarqalishini oldini olasiz, balki birinchi navbatda oʻzingizni himoya qilasiz», dedi u.
JSST Ebola atrofidagi kamsitishlar (stigma) odamlarni alomatlar haqida xabar berishdan yoki tibbiy yordam soʻrashdan toʻxtatib qolishi mumkinligidan ogohlantirdi, bu esa virusning sezilmasdan tarqalishiga yoʻl ochishi mumkin.
Agentlik kasallik haqidagi qoʻrquv va notoʻgʻri maʼlumotlarni kamaytirish orqali bu boradagi harakatlarni kuchaytirayotganini aytmoqda — bu Kongo DRda jiddiy muammo boʻlib, u yerda baʼzi tibbiyot xodimlari Ebola mavjud emasligini daʼvo qiluvchi odamlar tomonidan hujumga uchragan.

