Dunyo

Kongoda Eboladan o‘lim darajasi 46 foizga yetdi

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bezgagining hozirgi avj olishi mamlakat tarixida o‘limlar soni bo‘yicha eng yirigiga aylandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik 2325 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, tasdiqlangan yuqtirish holatlari esa 4945 taga yetgan.

Kongo Demokratik Respublikasida Eboladan vafot etish darajasi 46 foizga yetdi.

Kongo Demokratik Respublikasi Milliy sog‘liqni saqlash instituti 16-avgust kuni kechqurun e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ebolaning hozirgi avj olishi oqibatida halok bo‘lganlar soni mamlakatda avval kuzatilgan barcha epidemiyalar ko‘rsatkichidan oshib ketgan.

Hozirga qadar 4945 kishida virus yuqtirgani laboratoriya orqali tasdiqlangan, 2325 bemor esa vafot etgan. Bu 2018–2020-yillarda Kongoda kuzatilgan Ebola epidemiyasi ko‘rsatkichlaridan ham yuqori. O‘sha paytda mamlakatda qariyb 3500 ta kasallanish holati qayd etilgan va salkam 2300 kishi vafot etgan edi.

Ebola tarixida hozirgi Kongo epidemiyasidan ham yirikroq avj olish 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada kuzatilgan. Gvineya, Liberiya va Serra-Leoneda jami 28 616 kishi kasallangan va 11 310 kishi vafot etgan.

Hozirgi epidemiyaning eng xavotirli jihatlaridan biri - virus tarqalishining yuqori sur’ati. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2014–2016-yillardagi G‘arbiy Afrika epidemiyasida qurbonlar soni 1000 nafarga yetishi uchun taxminan besh oy vaqt ketgan. Kongodagi hozirgi avj olishda esa uch oydan ham kam vaqt ichida 2 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Kongo hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi boshida kasallanganlar orasida o‘lim darajasi taxminan 20 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 46 foizgacha ko‘tarilgan.

Mutaxassislarning fikricha, bunday o‘sish virusning o‘zi yanada xavfli bo‘lib qolganini anglatmasligi mumkin. Aksincha, bu mamlakatda infeksiya tarqalishini kuzatib borish tizimidagi kamchiliklar hamda bemorlarning tibbiy xizmatlardan o‘z vaqtida foydalana olmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kongodagi hozirgi Ebola avj olishi mamlakatda qayd etilgan 17-epidemiya hisoblanadi. Bu safar kasallikka Ebola virusining nisbatan kam uchraydigan Bundibugyo (Bundibudjio) varianti sabab bo‘lmoqda. Manbaga ko‘ra, ushbu variantga qarshi hozircha tasdiqlangan vaksina hamda maxsus davolash usuli mavjud emas.

Ebola virusi infeksiyalangan odamning qoni yoki boshqa biologik suyuqliklari bilan bevosita aloqa orqali yuqishi mumkin. Virus og‘ir gemorragik isitmani keltirib chiqaradi va ayrim holatlarda o‘limga olib keladi.

So‘nggi 50 yil davomida Afrikada Ebola bilan bog‘liq epidemiyalar oqibatida jami 15 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Hozirgi vaziyatda mutaxassislar Kongoda kasallikni erta aniqlash, infeksiya tarqalishini nazorat qilish va aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish muhimligini ta’kidlamoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.