“Tuzilmalar emas, boshqaruv uslubi va niyati muhim”. Ta’lim qanday boshqarilishi kerak?
O‘zbekistonda ta’lim vazirliklari birlashtirilib, yagona tashkilotga aylantirildi. O‘zi ta’lim tizimi qanday boshqarilishi kerak? Bu borada xorij tajribasi qanday? Nimalar qilinishi kerak? Gazeta 'Ta’lim 360' podkastida mutaxassislar bilan mavzuni muhokama qildi.

“Tuzilmalar emas, boshqaruv uslubi va niyati muhim”. Ta’lim qanday boshqarilishi kerak?
Ta’lim tizimi deganda, dunyo bo‘ylab bog‘chadan boshlab oliygoh va undan keyingi bosqichlargacha bo‘lgan jarayonlar tushuniladi. Ammo gap uning boshqaruviga kelganda-chi? U nimalarni qamrab oladi? Ideal sharoitda bu soha qanday boshqarilishi kerak? Vakolatlar qanday taqsimlanadi, sifat nazorati qay tarzda olib boriladi?
Gazeta “Ta’lim 360” podkastining 4-sonini aynan shu mavzuga bag‘ishladi. Unda doimiy ekspert Komil Jalilov hamda ta’lim masalalari bo‘yicha mutaxassis Azamat Akbarov qatnashdi.
— Ta’lim tizimi deyilganda bog‘chadan boshlab oliygohgacha va ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimi nazarda tutiladi. Lekin sohaning boshqaruvi deganda nimani tushunish kerak? Shu haqda boshlasak.
— Komil Jalilov:
Ta’limni boshqarish — juda o‘ziga xos jarayon. Ya’ni ta’lim tizimini boshqarish zavod yoki korxonani boshqarish emas. Chunki zavodni boshqarsangiz, KPI’ingiz aniq bo‘ladi. Nechta mahsulot ishlab chiqariladi, nechtasi sotiladi, nechtasidan foyda olinadi — shunga o‘xshash aniq ko‘rsatkichlar belgilanadi.
Yoki, masalan, viloyatni boshqarsangiz, u yerda ham ko‘rsatkichlar nisbatan aniq bo‘ladi. O‘sha viloyatda qancha odam ish bilan ta’minlangan, iqtisodiy ko‘rsatkichlari qanday — kabi. Ta’limda esa vaziyat boshqacharoq. Nega? Chunki ta’lim shunday soha-ki, uning natijasini bugun yoki ertaga ko‘rib bo‘lmaydi.
Ayniqsa umumiy o‘rta ta’lim tizimida natijani 11 yildan keyin ko‘rish mumkin. Bu bir avlod maktabni tugatib, oliygohlarga kirganda yoki mehnat bozoriga qo‘shilganda namoyon bo‘ladi. Ya’ni ta’limda bugun bir ish qilib, natijasini bugunning o‘zida yoki ertaga ko‘raman, degan fikr o‘tmaydi. Shu sababli unda an’anaviy KPI’lar va ko‘rsatkichlar ishlamasligi mumkin.
Menimcha, ta’limni boshqarishda falsafa biroz boshqacha bo‘lishi kerak. Ya’ni ta’lim tizimida maqsad nima — shu belgilab olinishi lozim. Yakuniy bosqichda biz kimni ko‘rmoqchimiz? Esingizda bo‘lsa, podkastning birinchi sonida ta’lim falsafasi haqida gaplashgandik. Ya’ni ta’limda aynan qanday insonni ko‘rmoqchimiz, degan savolni qo‘ygan edik. Xohlaymizmi yoki yo‘q, boshqaruv shu falsafaga borib taqaladi. Avvalo shu savolga javob berish kerak. Boshqaruv falsafasi shundan kelib chiqib shakllantiriladi.
To‘g‘ri, tizimni boshqarishda, masalan, nechta maktab qurilgani, nechta bog‘cha ishlayotgani, qancha bolani qabul qila olayotgani ham muhim. Lekin bugun yoki ertaga o‘lchab bo‘lmaydigan jihatlar ham bor. Boshqaruvda ana shular hisobga olinishi kerak. Aks holda, ta’limni boshqarish xuddi zavod boshqaruviga o‘xshab qoladi. Bu kutilgan natijani bermasligi mumkin.
— Demak, sizningcha, boshqaruv avvalo ta’lim falsafasini aniqlashdan boshlanadi. Tushunarli. Azamat aka, bu borada sizning fikringiz qanday?
— Azamat Akbarov:
Boshqaruvning asosiy natijasi aslida millionlab hujjatlarning aylanishida emas, balki o‘qituvchining salohiyatini oshirishda bo‘ladi. Xalqaro tajribaga tayansak, Buyuk Britaniyada 2001-yilda, ya’ni bosh vazirlik iyerarxiyasida Delivery Unit degan tashkilot ochilgan. Bu tashkilot har bir strategiyani pilot dasturdan o‘tkazib, aniq maqsadlar bilan isbotlagandan keyin universitetlar va maktablarga tatbiq etadi. Bu tajriba hozir juda ko‘plab davlatlarda ham ishlaydi.
Hozir Singapur yoki Finlandiya tajribasi haqida ko‘p gapiramiz. Masalan, Finlandiyada ham boshqaruv falsafasi ikkiga bo‘lingan. Ya’ni biri hisobot, resurs va soat boshqaruvi bo‘lsa, ikkinchisi undan chiqadigan natija talaba va o‘qituvchiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganini o‘lchaydi. Bu juda muhim. Chunki ta’lim boshqaruvi aslida talabaning savodxonligi, dunyoqarashi, kreativ fikrlash mezonlarini boshqarishdir.
Ba’zan maktablarni qog‘ozda chiroyli ko‘rsatishga urinadilar. Bu ham aslida bir boshqaruv tizimi. Ya’ni aynan qog‘ozda chiroyli ko‘rinishi uchun millionlab instrumentlar sarflanadi. Lekin aslida talabaning savodxonligi soyada qoladi. Boshqaruv uslublaridagi chalkashlik insonni asl natijadan uzoqlashtiradi. Shuning uchun Finlandiya va Britaniya misolida olsak, bu yerda asosiy boshqaruv usuli sinfxonalarga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganiga qaratiladi.
Finlandiyada tizim boshqaruvi ko‘proq ishonchga tayanadi. Masalan, hududlarga erkinlik berilishi ham ishonch bilan bog‘liq. Singapur modeli ham shunday qurilgan. Ularda ham maktablarni nazorat qiladigan inspeksiyada o‘ta katta ta’sir kuchi yo‘q. Nima uchun? Chunki bu ishonchga bog‘liq. Demak, boshqaruvning asosiy tamoyillaridan biri — o‘zaro ishonch. O‘zaro ishonch bo‘lmagan tizimda boshqaruv o‘ta byurokratik, og‘ir mexanizmga aylanadi.
Maktab yoki biror viloyat, shaharni boshqarish uchun ko‘proq odam ishga olasiz, ko‘proq keraksiz hujjatlarni imzolaysiz va har kuni ustma-ust yangi qonunlar ishlab chiqasiz. Menimcha, bu ta’lim tizimida eng oxirgi hisoblangan ta’sirni, ya’ni sifatga ta’sirni kamaytiradi.
— Ya’ni tizimda qancha strukturaviy o‘zgarish qilinmasin, agar u bevosita joylarda sezilmasa, hammasi bekor, demoqchimiz. Shunday xulosaga kelsak bo‘ladi, demak.
Xo‘p, keyingi savol. Bevosita tizim boshqaruviga o‘tsak, yuqorida aytdik, ta’lim tizimi deganda bog‘chadan boshlab oliygohgacha va unga qo‘shimcha ravishda ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimi nazarda tutiladi.
Shularning hammasi bir tizimda jamlansa, u qanchalik samarali hisoblanadi? O‘zi bitta qilib boshqarish to‘g‘rimi yoki alohida boshqarilishi kerakmi?
— Komil Jalilov:
Juda qiziq savol. Lekin yagona to‘g‘ri javob yo‘q. Chunki xalqaro tajribaga qarasangiz, butun tizimni ham bitta vazirlik, ham alohida tuzilmalar boshqaradi. Ya’ni unisi to‘g‘ri, bunisi noto‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Turli modellar bor. Ammo bu yerda juda muhim nuqta bor. Butun tizimni bir vazirlik qo‘lida jamlash bir nechta xavflarni yuzaga keltirishi mumkin.
Juda katta tizimning paydo bo‘lishi samarasiz ishlaydigan va faqat mavjudligini isbotlash uchun har kuni buyruqlar chiqaradigan tizimni yuzaga keltirish ehtimolini oshiradi. Bu yerda katta savol tug‘iladi: katta tizimning qaysi nuqtalariga vazirlikning qaysi tuzilmalari javob beradi? Bir vazirlik bog‘chadan, maktabgacha va oliy ta’limgacha boshqaradigan tizimlarda ham, masalan, oliy ta’lim tizimi ko‘p hollarda baribir avtonom hisoblanadi.
Ya’ni ular oliy ta’limga aralashmaydi. Umuman olganda, oliy ta’lim mustaqil fikrlaydigan, tahlil qila oladigan mutaxassisni yetishtirib chiqarishi kerak, buning uchun OTM mustaqil bo‘lishi lozim. Tizimning o‘zi, universitetlar mustaqil bo‘lmasa, mustaqil shaxsni qanday yetishtirib chiqarish mumkin?!
Endi bog‘cha-maktablarga kelsak, menimcha, ayrim vakolatlarni ishonch asosida ularga ham berish kerak. Vazirlik hamma narsani markazdan turib boshqaraman desa, bu yaxshi natijalarga olib bormaydi. Xalqaro tadqiqotlarda ham bu isbotlangan. Masalan, maktablarga avtonomiya berish bilan ta’lim sifati o‘rtasida korrelyatsiya bormi, degan tadqiqotlar o‘tkazilgan. Hammamiz biladigan PISA natijalariga qarasangiz ham shunday.
Bu haqda PISA asoschisi Shlayxer ham “Jahon miqyosidagi ta’lim. XXI asr maktab tizimini qanday barpo etmoq kerak?” degan katta kitobida aytgan. Ya’ni “samarali ta’lim tizimlari maktabga ishonch, ko‘proq avtonomiya berish ustiga qurilgan”. Bundan tashqari, Erik Alan Xanushek degan iqtisodchi olimning Jahon banki e’lon qilgan tadqiqotlari bor. Ularda ham shu korrelyatsiya ko‘rilgan. Ya’ni maktablarga ko‘proq avtonomiya berilgan ta’lim tizimlari haqiqatan samaraliroq ishlashi isbotlangan.
Yaqinda bir turk olimining xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolasini ko‘rib qoldim. U Turkiya misolida tahlil qilmoqda. Ya’ni Turkiya OECD (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) davlatlari ichida PISA natijalari nisbatan past, ya’ni ta’lim tizimi natijalari unchalik yaxshi bo‘lmagan davlatlar qatoriga kiradi va o‘sha olim buning sabablarini tahlil qilmoqda. Xulosaga ko‘ra, buning sabablaridan biri Turkiya ta’lim tizimining o‘ta markazlashgani bilan bog‘liq.
Bitta vazirlik hamma narsani boshqaradi, maktablarda avtonomiya deyarli yo‘q. Hozirgi Turkiya siyosati universitetlardan ham akademik mustaqillikni olib tashlash yo‘nalishida ketmoqda. Rektorlikka sodiq odamlar markaziy hukumat tomonidan tayinlanadi. Ya’ni butun ta’lim tizimi boshdan-oyoq qattiq vertikal asosida boshqariladi.
Aytmoqchimanki, boshqaruv usuli va modeli yakuniy natijada ta’lim sifatiga ta’sir qilishi ilmiy tadqiqotlarda isbotlanyapti. Bu shunchaki mavhum narsa emas. U xohlaysizmi yoki yo‘q, bevosita sifatga ta’sir qiladi.
— Tushunarli. O‘zi xarajatlarni tejash, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan katta tizimni yagona boshqaruvchiga berish va umuman reforma o‘tkazish salbiy baholanmaydi. Azamat aka, Komil akaning fikricha, bu yerda ma’muriy buyruqbozlik vertikali yaratilmasligi kerak, xolos. Sizningcha, bu qanday bo‘lishi kerak?
— Azamat Akbarov:
Aslida tuzilmalar muhim emas, ya’ni vazirliklar birlashadimi yoki alohida faoliyat yuritadimi — bu yerda boshqaruv uslubi va niyati juda muhim. Dunyoda 3 xil boshqaruv uslubi bor: yagona vazirlikka birlashtirib boshqarish, ikkiga ajratib boshqarish hamda hududlarga taqsimlab boshqarish. Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlandiyada bog‘cha va maktablarni boshqaruvchi vazirlik bilan oliygohlarniki bitta. Lekin Finlandiyada ikki xil boshqaruv uslubi bor. Chunki ularda maktablar 2009-yildan boshlab vazirlik ishlab chiqqan yagona milliy o‘quv dasturiga bo‘ysunadi, universitetlarga esa yuridik avtonom maqom berilgan.
Ikkinchi boshqaruv uslubini Rossiya misolida aytsak, 2018-yilga kelib ularda vazirliklar ikkiga bo‘lindi. Masalan, Hindistonda buning aksi bo‘ldi, 2020-yilga borib butun tizim yagona ta’lim vazirligiga birlashtirildi. Bu yerda davlatning har bir hududdan olib borgan tadqiqotlari juda muhim.
Uchinchisi — federal taqsimot bilan boshqarish. Aytaylik, Germaniya, AQSh, Kanadada maktablar hududlarga biriktiriladi. Umuman vazirlikka bo‘ysunmaydi, vazirlik faqat strategik va asosiy tadqiqotlarni olib boradigan kichik markazga aylanadi. Bu juda muhim. Davlatning kelajagi, unga qanday inson resurslari kerakligi va kelajakdagi ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi korrelyatsiya bo‘yicha tahlillar qilinadi. Ya’ni bizga ishsizlar kerakmi, fan kerakmi, dunyo qayerga qarab ketyapti, kosmosni zabt etamizmi, yo‘qmi — degan savollar ko‘riladi.
Men o‘ylaymanki, bizda ham, ya’ni dunyodagi tendensiyaga qarasak, boshqaruv uslubining niyatlari juda muhim. Agar sizda tadqiqot va strategiya bo‘lmasa, bir yili vazirliklarni birlashtirishingiz, ikkinchi yil ajratishingiz ham mumkin. Bundan nima naf bo‘lishi mumkin? Bu katta savol bo‘lib turadi. Shuning uchun vazirlikni o‘ta katta monolit tizimga aylantirmasdan turib, dunyo keyslarini ko‘ryapmiz.
Universitetlar YIMga hissa qo‘sha boshlashi kerak. Malayziyada bu hissa 5 foizni tashkil etadi, Amerikada 10 foiz. Universitetlarga avtonom maqom berilmasa, kelajakka investitsiya qila olish mentaliteti bo‘lmasa, ularni maktabdan farqi qolmaydi.
— Komil Jalilov:
Bog‘cha, maktab, universitetlar ta’lim dasturlari o‘rtasida uzilish bo‘lmasin, hammasi birgalikda, hamjihatlikda ishlasin, degan yaxshi niyat bo‘lishi mumkin. Faqat bu yerda yana bir katta xavf yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Maktablarda boshqaruv modeli baribir nisbatan boshqacha. U yerda hali yosh avlod tarbiyalanadi. Misol uchun, butun dunyoda voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bahsi ketmoqda. Yoki kiyinishga ma’lum talablar qo‘yiladi, to‘g‘rimi?
Azamat aka universitetlar YIMga hissa qo‘shishi kerakligini, tadqiqot markaziga aylanishi lozimligini aytyaptilar. Endi tasavvur qiling, yagona vazirlik ertalab bog‘chaga borib ovqat ratsionini tekshirsa, tushda maktabda forma masalasini ko‘tarsa, undan keyin universitetda talabaga qanday kiyinishni ham o‘rgatsa, hammasiga bir xil yondashuvni qo‘llasa, bu juda katta xavf bo‘ladi.
Chunki maktab va universitetning falsafasi boshqa. Ular boshqa muhit. Universitetda erkin akademik muhit bo‘lishi kerak. Ya’ni hamma qaror ham markazdan tushishi shart emas va ma’muriy buyruqbozlik vertikaliga aylanmasligi kerak.
— Aynan bog‘cha va maktab holatida qaysi qarorlar markaz tomonidan qabul qilinishi kerak deb hisoblaysiz? Qaysi qarorlarni avtonomiya asosida ta’lim muassasasiga berish lozim?
— Komil Jalilov:
Bu haqda oldingi sonlarimizda ham aytganmiz, ya’ni yagona maqsad va falsafa kerak. 11 yildan keyin maktabni bitiradigan inson qanday bo‘lishi kerak? Bunga erishish uchun qaysi yo‘ldan boriladi? Shularni aniqlab olish yaxshi.
Bu — vazirlik darajasida belgilanadigan masala. Kerak bo‘lsa, ilmiy tadqiqot institutlari va jamoatchilik bilan birga yakuniy qarorga kelish zarur.
Pedagog yakuniy maqsadni bilsa, qaysi sinfda qanday metodikalar asosida bolaga qanday dars o‘tishni ham biladi. Bu qarorlarni hududdagi o‘qituvchilar bevosita joyida qabul qilishi kerak. Ya’ni umumiy strategiyani belgilash vazirlikning ishi, strategiyani esa joylarda amalga oshirish mumkin.
Ya’ni o‘quv dasturlari, metodologiya, darsliklar, qo‘shimcha resurslar bo‘ladimi — ularning hammasi belgilangan umumiy maqsad doirasida maktablar tomonidan hal qilinishi kerak. Vakolatlar taqsimotida maktabga ko‘proq ishonch berilsa va umumiy strategiyadan kelib chiqib bu strategiya bevosita joyida hal qilinsa, sifatliroq natija bo‘ladi. Bu ilmiy isbotlangan. Butun markaz respublikadagi minglab maktabning sharoitini ichiga kirib chiqa olmaydi. Bu imkonsiz.
— Tushunarli. Azamat aka, oliygohlar misolida manzarani qanday ko‘rasiz?
— Azamat Akbarov:
Maktablar bo‘yicha qo‘shimcha qilmoqchi edim. Haqiqatan ham xalqaro tajribada darsliklar yoki dars metodikasi, materiallarni muassasaning o‘zi belgilaydi. Biz har bir muassasaga avtonomiya, erkinlik berilsin deymiz. Lekin bunga erishish ham oson emas.
Chet mamlakatlarida erkinlikning 2 ta asosiy sharti bor: sifat va shaffoflik. Masalan, agar maktablar o‘z salohiyatini oshirib boraversa, buni natijalari bilan ko‘rsata olsa, vazirlik tomonidan unga erkinlik, avtonomiya foizlari oshirib borilar ekan. Har qanday yangi maktabga avtonomiya to‘liq berib qo‘yilmaydi.
Finlandiyada 1991-yildan beri maktab inspeksiyasi yo‘q.
Chunki tizim to‘laligicha ishonchga qurilgan. Niderlandiyani oladigan bo‘lsak, maktablarga davlat teng budjet ajratadi, ya’ni “elitniy” maktablar yo‘q. Rotterdamning eng chekka qishlog‘ida ham Amsterdamning eng markazidagi maktabga teng budjet ajratiladi va buni mustaqil inspeksiya kuzatib boradi. Mana shu — shaffoflik. Bu juda muhim narsalar.
Singapurda esa qiziq: ularda detsentralizatsiya klasterlar orqali ketadi. Maktablar aslida mustaqil emas, lekin bir hududdagi 7–8 ta maktab birlashib, birgalikda kuchga aylanadi va vazirlik aynan ularga dastur ishlab chiqib berishi mumkin.
Endi universitetlarga kelsak, universitetlar avtonom.
Chunki universitetlar maktabdan farqli ravishda, joylashgan hududi va davlatning kelajak salohiyatini belgilab beruvchi hamda davlatni 4.0–5.0 sanoatga olib chiqadigan drayver hisoblanadi. Janubiy Koreya 1980-yil oxirlarigacha Misrdan loviyani gumanitar yordam sifatida olgan, lekin qisqa davrda Osiyo yo‘lbarsiga aylandi. Bunga aynan universitetlardagi nou-hau sabab bo‘ldi.

