Siyosat

Turkiyani ayblagan Isroil va Yevropada ushlangan ukrainalik diversant – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

**Turkiya va Isroil o‘rtasidagi keskinlik, Ukrain diversanti va boshqa xabarlar – kun dayjesti**

**Isroil Turkiyani ogohlantirdi**

Payshanba kuni Isroil mudofaa vaziri Israil Kats Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni "Turkiyani Suriyadagi xavfli sarguzashtlarga tortishda" aybladi. Katsning ta’kidlashicha, "Isroil hech qanday tuzilmaga o‘z xavfsizligiga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymaydi".

Bu bayonotlar Isroilning hafta boshida Suriyaning "Abu Duhur" aviabazasiga uyushtirgan havo hujumlaridan so‘ng yangradi. O‘shanda Isroil bu bazaga Turkiya qo‘shinlari joylashmoqchi ekanini da’vo qilgandi.

Keyinroq Turkiya mudofaa vazirligi Suriya aviabazasida hech qanday harbiy ishtiroki yo‘qligini ma’lum qildi. Vazirlik, shuningdek, Isroilning harakatlarini tanqid qilib, bu hujumlar "qabul qilib bo‘lmaydigan" va mintaqaviy tinchlikka tahdid solishini aytdi.

Turkiya rasmiysi "Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, uning barqaror va xavfsiz muhit o‘rnatishiga yordam berishda qat’iy davom etadi", dedi.

Shu kunlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Suriyani Turkiya ishtiroki haqida ogohlantirganini aytdi. "Bizning xabarimiz juda aniq edi. Unday qilmang, dedik. Menimcha, ular xabarni unchalik yaxshi tushunishmadi", dedi Netanyaxu.

Ayni paytda, Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Shayboniy hujumdan oldin turk kuchlarini joylashtirish rejasi yo‘qligini ochiq aytganini bildirdi. Shu sababli, "Isroilning bu bombardimoniga hech qanday qonuniy asos yo‘q".

Uning qo‘shimcha qilishicha, asosan bo‘sh turgan baza hali ishga tushirilmagan va undan Suriya kuchlari foydalanishi uchun qayta tiklanayotgan bo‘lgan.

U Isroil hujumidan bir necha kun oldin turk harbiy ofitserlari ob’yektga tashrif buyurganini tan oldi. Ammo bu "ta’lim va tajriba almashish sohalaridagi harbiy hamkorlik" uchun ekanligini alohida ta’kidladi.

Isroilning joriy haftada Suriyaga uyushtirgan hujumlari Turkiya va Isroil o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, Turkiya va Isroil o‘rtasida G‘azodagi urush bo‘yicha ham ixtiloflar mavjud.

**Ukrainalik diversant hibsga olindi**

Payshanba kuni Xorvatiya sudi "Shimoliy oqim" gaz quvurlaridagi portlashlarga aloqador ikkinchi shaxs – ukrainalik g‘avvosni hibsga olishga ruxsat berdi. Xorvatiya rasmiylari uning Germaniyaga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha so‘rovni ko‘rib chiqayotgan paytda u hibsda saqlanadi. Sud bu qarorini uning "qochib ketish xavfi" borligi bilan izohlagan.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, ukrainalik erkak amerikalik rejissyor ishlayotgan filmning suratga olish maydonchasida qo‘lga olingan. Film syujeti ham aynan "Shimoliy oqim"larning portlatilishi bilan bog‘liq real voqealarga asoslangani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan ukrainalik suratga olish guruhida maslahatchi sifatida ishlagan.

Birinchi gumondor ham ukrainalik Sergey ismli shaxs bo‘lib, u 2025-yil avgustda Italiyadan Germaniyaga ekstraditsiya qilingandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u diversantlar guruhiga rahbarlik qilgan.

Boltiq dengizi tubida tortilgan – Rossiya gazini Germaniyaga tashiydigan "Shimoliy oqim" va "Shimoliy oqim - 2" gaz quvurlarining uchtasi 2022-yil sentabrda portlatilgan. O‘sha paytda ularning hech biri orqali gaz tashilmayotgan bo‘lgan.

2026-yil iyulda Germaniya Federal prokuraturasi quvurlarning portlatilishi Ukraina davlat organlari buyrug‘i bilan tashkil etilgan, degan xulosaga keldi.

Ushbu ish Germaniya va Ukraina uchun siyosiy jihatdan noqulaydir, chunki Berlin Kiyevning Rossiyaga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlab keladi. Germaniya hukumati rasmiylari bu masala yuzasidan berilgan savollarga sud tizimining mustaqilligini ro‘kach qiladi.

Prezident Zelenskiy esa uning hukumati quvurlarni portlatish rejasi haqida hech narsa bilmaganini aytgan.

**AQShdan deportatsiya qilingan meksikaliklar**

Qo‘shma Shtatlar joriy yilda taxminan 2300 nafar meksikalikni Gvatemalaga deportatsiya qilib yubordi.

AQShdan deportatsiya qilingan meksikaliklar shu paytgacha asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z mamlakatiga qaytarilardi. Gvatemala prezidenti Bernardo Arevaloning aytishicha, "deportatsiya qilingan meksikaliklar 24 soat ichida o‘z vataniga o‘tkazilmoqda va transport xarajatlarini Meksika yoki AQSh qoplamoqda", dedi Bernardo.

Tramp ma’muriyatining o‘zgaruvchan ushbu amaliyotiga Meksika qarshi chiqmoqda.

"Hukumatimiz AQSh rasmiylariga ushbu amaliyotga qarshi ekanini bildirdi. Meksikaning har bir fuqarosi o‘z mamlakatiga kirish huquqiga ega ekani ta’kidlandi", deyiladi Meksika TIV bayonotida.

Aslida xalqaro kelishuvlarga ko‘ra, agar muhojirlarning vatanlari ularni qabul qilishdan bosh tortsa yoki ularni qaytarish xavfsiz bo‘lmasa, ular uchinchi davlatlarga jo‘natilishi mumkin. Aks holda, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z fuqaroligi bo‘lgan davlatga deportatsiya qilinishi kerak.

Tahlilchilarga ko‘ra, AQSh ularni o‘z chegarasidan uzoqlashtirish orqali o‘z hududiga qayta kirishini qiyinlashtirmoqchi. Xabarlarga ko‘ra, AQSh deportatsiya qilgan ba’zi meksikaliklar Gondurasga ham jo‘natilmoqda.

**Ruminiyada dengiz droni yo‘q qilindi**

Rossiyaning Ukrainadagi urushiga aloqador dronlar, minalar Ukraina bilan chegaradosh va NATO a’zosi bo‘lgan Ruminiya uchun tobora jiddiy muammoga aylanib bormoqda.

Xususan, payshanba kuni Ruminiya qirg‘og‘idagi "Neptun Deep" gaz loyihasidan bir necha yuz metr masofada dengiz droni paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng F-16 qiruvchilari havoga ko‘tarilgan.

Ruminiya mudofaa vaziri ushbu dron "portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan"ligini aytdi.

"Platformada ishlayotgan bir necha yuz kishining hayotini himoya qilish va infratuzilma xavfsizligini ta’minlash maqsadida uni yo‘q qilishga qaror qilindi", degan vazir. Uning aytishicha, Ukraina ushbu dron o‘z kuchlariga tegishli emasligini tasdiqlagan.

Alohida xabarda Ruminiya payshanba kuni erta tongda havo droni ham uning hududiga – aholi yashamaydigan hududga qulaganini ma’lum qildi.

Oy boshida Ruminiya harbiy g‘avvoslari xuddi shu iqtisodiy zonada suzib yurgan ikkita dengiz dronini yo‘q qilishgandi.

Ruminiya prezidenti payshanba kungi dron bilan bog‘liq hodisada Moskvani aybladi. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen esa Ittifoq "gibrid urush" kampaniyasiga duch kelayotganidan ogohlantirdi.

**Yevropa davlatlari Isroilga norozilik bildirdi**

Isroil bosib olingan G‘arbiy sohilning strategik jihatdan muhim hududida 1,2 mingga yaqin ko‘chmanchilar uylari qurilishi bo‘yicha tenderlar e’lon qilmoqchi. Bu reja yirik G‘arb davlatlari tomonidan yangi qoralash to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Kanada qo‘shma bayonotida ushbu qarorni "qabul qilib bo‘lmaydigan" deb atadi hamda Isroilni "rejalarni zudlik bilan bekor qilishga" chaqirdi.

"G‘arbiy sohilda jiddiy beqarorlik hukm surayotgan, ko‘chmanchilar tomonidan tinch aholiga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada zo‘ravonlik sodir etilayotgan va Falastin iqtisodiyotiga jiddiy cheklovlar qo‘yilgan bir paytda bu qaror yanada ko‘proq xavotir uyg‘otadi", deyiladi g‘arbliklar e’lon qilgan bayonotda.

Alohida bayonotda BMT Bosh kotibi ham ushbu reja Falastin davlati uchun "mavjudlikka tahdid" ekanligini ta’kidladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, barcha G‘arbiy sohildagi yahudiy aholi punktlari noqonuniy hisoblanadi. Xalqaro bosim ostida Isroil o‘nlab yillar davomida Quddus sharqidagi E1 hududida qurilish rejalarini to‘xtatib kelgan.

Isroilning ko‘plab ittifoqchilari va falastinliklar bu kabi qurilishlar "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyiliga jiddiy zarba berishi aytadi. Bu amalda G‘arbiy sohilni ikki qismga bo‘lib tashlash va Sharqiy Quddusni yakkalab qo‘yishni anglatadi.

Ushbu rejalar ilk bor e’lon qilingan paytda, o‘ta millatchi va radikal moliya vaziri Bezalel Smotrich Falastin davlati g‘oyasi "yo‘q qilinayotganini" aytgandi.

Avvalroq, Turkiya va arab davlatlari ham Isroilning bu rejasini qoralab, bayonot berdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.