Dunyo

Turkiyalik siyosatçi Rossiya nega TDTda kuzatuvçi bölolmasligini tuşuntirdi

Turkiy Davlatlar Taşkiloti qoidalariga muvofiq, u yoki bu davlat taşkilotda kuzatuvçi maqomini oliş uçun turkiy tillardan birini butun mamlakat miqyosida davlat tili yoki rasmiy til deb tan olgan bölişi kerak, deya maʼlum qildi Turkiyadagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi örinbosari Körşad Zorlu. TDT+ formatiga qabul qilişni esa aʼzolar strategik maqsadlari nuqtayi nazaridan körib çiqişi mumkin.

Turkiyalik siyosatchi Rossiya nega TDTda kuzatuvchi bo‘la olmasligini tushuntirdi

Rossiyani Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomida taklif etish tashkilotning ichki qoidalariga mos kelmaydi. Bu haqda Turkiyadagi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari, turkiy davlatlar bilan aloqalar uchun mas’ul Ko‘rshad Zorlu ma’lum qildi.

TDTning 30-oktabr kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan sammitida Qozog‘iston prezidenti To‘qayev Rossiyaga tashkilotda kuzatuvchi maqomini berish yoki TDT+ hamkorlik formatiga qo‘shishni taklif qilgan edi. Ko‘rshad Zorlu “Anadolu” agentligiga bergan izohida bu masalani “juda nozik va muhim masala” deb atadi.

Zorluning tushuntirishicha, 2021-yilgi Istanbul sammitida belgilangan qoidalarga ko‘ra, kuzatuvchi maqomini olishni istagan davlat turkiy yoki unga qarindosh tillardan birini butun mamlakat miqyosida davlat yoki rasmiy til sifatida tan olgan bo‘lishi kerak. Rossiyada tatar, boshqird va boshqa turkiy tillar ayrim respublikalarda rasmiy maqomga ega, ammo butun mamlakat bo‘yicha bunday maqom yo‘q.

Shu bilan birga, Rossiya uchun o‘tgan yili ta’sis etilgan TDT+ formati muqobil yo‘l bo‘lishi mumkin. Turkiyalik siyosatchiga ko‘ra, agar Rossiya rasmiy ariza bilan murojaat qilsa, uning taklifi tashkilotning strategik maqsadlari va umumiy manfaatlari nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi. Bunda barcha a’zolarning roziligi talab qilinadi.

“Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari so‘zining davomida Rossiya tarkibidagi turkiy xalqlar respublikalari bilan TÜRKSOY tashkiloti doirasidagi madaniy hamkorlikni qayta tiklash masalasini ko‘tarishni taklif qildi.

Ko‘rshad Zorluning so‘zlariga ko‘ra, 1993-yilda tashkil etilgan TÜRKSOY tashkiloti Rossiya va turkiy dunyo o‘rtasidagi madaniy aloqalar uchun asosiy platforma hisoblanadi. RF tarkibidagi Oltoy, Tuva, Chuvashiya, Boshqirdiston, Yakutiya va Tatariston respublikalari TÜRKSOY tashkilotida kuzatuvchi maqomida bo‘lgan, ammo Rossiyaning 2015-yildagi qarori bilan bu respublikalarning TÜRKSOY bilan hamkorligi amalda muzlatib qo‘yilgan, o‘shandan beri o‘zaro uchrashuvlar va qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmagan.

Avvalroq Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qozog‘iston rahbarining taklifiga munosabat bildirib, RFning TDTdagi ishtiroki “tushunarli va maqsadga muvofiq” bo‘lishini bildirgan, lekin hozircha Rossiya rasmiy taklif olmaganini ma’lum qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.