Dunyo

Turkiyada LGBTQ+ faollariga qarshi taʼqiblar davomida oʻnlab kishilar hibsga olindi

Bu hibslar Turkiya hukumatining LGBTK+ hamjamiyati va faollariga qarshi qaratilgan kampaniyasi yanada kuchayganidan dalolat beradi.

Turkiyada LGBTQ+ faollariga qarshi taʼqiblar doirasida oʻnlab kishilar hibsga olindi

Turkiya politsiyasi hukumatning LGBTQ+ faollari va muassasalariga qarshi navbatdagi taʼqiblari fonida oʻnlab odamlarni hibsga oldi.

Namoyishchilar seshanba kuni Istanbul bosh sudi binosi oldida toʻplangan vaqtda qoʻlga olingan.

Ular oʻtgan dam olish kunlari gey-barlar va faollarning uylarida oʻtkazilgan bir qator reydlar davomida hibsga olingan boshqa bir guruh LGBTQ+ faollarini ozod qilishni talab qilishgan.

Turkiya hukumati oilaviy qadriyatlarni himoya qilishga qaratilgani aytilayotgan "Oilam xavfsizlikda" deb nomlangan kampaniya doirasida LGBTQ+ hamjamiyati aʼzolari va faollarini hibsga olmoqda.

Seshanba kungi namoyishda odamlar "Yashasin ozodlik uchun kurash!" deb hayqirishgan va hibsga olingan faollarni ozod qilishga chaqirishgan, deb xabar berdi AFP axborot agentligi. Baʼzi namoyishchilar "LGBTQ boʻlish jinoyat emas" degan bannerni yoyishganidan keyin politsiya bir necha kishini hibsga olgan.

"Hozir koʻrayotganlarimiz juda tashvishli", dedi namoyishchilardan biri AFP agentligiga.

Huquqbon tashkilotlar ushbu kampaniyani LGBTQ+ hamjamiyatiga qarshi kengayib borayotgan taʼqib sifatida tavsiflashdi. Oʻtgan hafta davomida rasmiylar bir nechta viloyatlarda uyushmalar idoralarida reydlar oʻtkazdi, veb-saytlarni blokladi va hibsga olishlarni amalga oshirdi.

Human Rights Watch nodavlat tashkilotining postiga koʻra, hukumat oʻnlab LGBT, OAV va huquqbon tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va veb-saytlariga kirishni ham bloklagan yoki cheklagan.

Turkiyada bir jinsli munosabatlar noqonuniy emas, lekin gomofobiya keng tarqalgan va Prezident Rejep Tayyip Erdogan LGBTQ vakillarini tugʻilish darajasi pasayishida aybdor boʻlgan "buzuqlar" deb atagan.

Yevropa Kengashining Inson huquqlari boʻyicha komissari Maykl O'Flaerti hibsga olishlardan xavotir bildirdi.

"Men Turkiya boʻylab LGBTI fuqarolik jamiyati va inson huquqlari himoyachilarini nishonga olgan bir qator hibsga olishlar, reydlar hamda veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar bloklangani haqidagi xabarlardan xavotirdaman", dedi u.

O'Flaerti bayonotida aytilishicha, Turkiya Adliya vaziri ushbu operatsiya bir nechta Bosh prokuraturalar muvofiqlashtiruvi ostida 15 ta viloyatda 162 nafar jismoniy shaxs, toʻqqizta uyushma va 13 ta korxonaga qarshi amalga oshirilayotganini maʼlum qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.