Turkiya kompaniyasi “Andijon” klubini sudga bermoqchi — OAV

Turkiyaning DİLAHAN TURİZM kompaniyasi "Andijon" futbol klubini sudga berish niyatida ekanligi ma'lum bo'ldi. Bu haqda Fergana.news nashri xabar berdi. Kompaniya da'vo arizasini yaqin kunlarda kiritishni rejalashtirmoqda.
Nizoga sabab qilib, "Andijon" klubining Antaliyada o'tkazilgan uchta o'quv-mashg'ulot yig'ini uchun to'lovlarni to'liq amalga oshirmaganligi ko'rsatilmoqda. DİLAHAN TURİZM kompaniyasi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilgi mavsum oldidan tashkil etilgan ushbu yig'inlar uchun ko'rsatilgan xizmatlarning umumiy qiymati 280 141 yevroni tashkil etgan. Klub tomonidan 210 219 yevro to'langan bo'lsa-da, qolgan 69 922 yevro miqdoridagi mablag' haligacha qoplanmagan.
Shartnoma shartlariga ko'ra, to'lov kechiktirilgan har bir kun uchun qarz miqdorining 0,1 foizi hajmida penya undirilishi belgilangan. Turkiya tomoni 11-avgust holatiga ko'ra, ushbu muddat uchun 12 642 yevro jarima hisoblagan. Shu tariqa, kompaniya tomonidan talab qilinayotgan umumiy summa 82 564 yevroga yetgan. Qarz uchun penya hisoblash jarayoni davom etayotgani aytilmoqda.
DİLAHAN TURİZM klubga talabnoma yuborib, 15-20-avgust kunlari oralig'ida asosiy qarz va penyani to'lashni so'ragan. Kompaniya vakilining ta'kidlashicha, klub qarzni qoplamagan va endilikda Turkiya tomoni rasman sudga murojaat qilishni maqsad qilgan. Shuningdek, kompaniya sud xarajatlari va yuridik xizmatlar uchun ketgan 2,8 ming yevroni ham klubdan undirmoqchi.
Ta'kidlash joizki, yuqorida keltirilgan raqamlar va holatlar DİLAHAN TURİZM kompaniyasining iddaolariga asoslangan. Qarzning haqiqatda mavjudligi va uning aniq miqdori hozircha sud tomonidan tasdiqlanmagan. Hozirga qadar "Andijon" futbol klubi rahbariyati ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

