Turk seriallari yulduzlarining sevimli taomlari: ular qaysi mahsulotlarga ko′proq e‘tibor qaratadi?
Burak O‘zchivit go‘shtli taomlar, ayniqsa, shishkabob va Adana kabobini xush ko‘radi.

Turk seriallari yulduzlarining sevimli taomlari: ular qaysi mahsulotlarga ko‘proq e’tibor beradi?
Muxlislarning yulduzlar hayotiga qiziqishi tabiiy. Inson hayotining ajralmas qismi bo‘lgan ovqatlanish ham shular jumlasidan. Aytishlaricha, odamning sevimli taomlariga qarab, uning fe’l-atvoridagi ayrim jihatlarni ham bilish mumkin. Hech bo‘lmaganda, o‘z didimizni sevimli aktyorimizning ta’bi bilan solishtirish imkonimiz bor.
Mashhur turk aktyorlari ham boshqa oddiy insonlar kabi mazali taomlarni yaxshi ko‘radi. Quyida turk seriallari yulduzlarining sevimli taomlari bilan tanishamiz.
1. Jan Yaman
“To‘rg‘ay”, “Qulupnay ifori” va “Janob xato” seriallari orqali tanilgan Jan Yaman muntazam sport bilan shug‘ullanadi va ovqatlanish tartibiga e’tibor beradi. Shunga qaramay, u milliy taomlardan ham voz kecha olmaydi.
Jan Yamanning sevimli taomlari orasida kabob, turlu (sabzavotli dimlama), borek (an’anaviy qatlama pirog), ko‘fte (kotletga o‘xshash go‘shtli taom) va do‘lma bor.
Bundan tashqari, aktyor Italiyada bir muddat yashagani sababli italyan oshxonasini ham yaxshi ko‘radi. Uning sevimli taomlari qatorida neapolitancha pitsa, amatrichana pastasi va qatlamali tiella zapekankasi bor.
2. Burak O‘zchivit
“Sevgi iztirobi”, “Choliqushi” va “Hukmdor Usmon” kabi seriallardagi rollari bilan dunyoga tanilgan Burak O‘zchivit ham ovqatlanish tartibiga e’tibor beradi. Biroq u ham turklarning to‘yimli nonushtasidan voz kecha olmaydi. Aktyordan turk oshxonasidagi qaysi taomni tatib ko‘rish kerakligi so‘ralganda, u birinchi navbatda aynan shu nonushtani tilga olgan.
Bundan tashqari, Burak boshqa ko‘plab erkaklar singari go‘shtli taomlarni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, shishkabob va Adana kabobini xush ko‘radi.
Aktyor rus oshxonasining ham muxlisi. Unga pirojki, borsh, chak-chak va Rossiya shirinliklari ma’qul kelgan. Albatta, Burak turmush o‘rtog‘i Fahriye Evjan pishirgan taomlarini ham juda yoqtiradi.
3. Hande Erchel
“Qalbim eshigini qoq” seriali yulduzi Hande Erchel ham turk oshxonasining turli mazali taomlariga qarshi turish uchun ancha iroda ko‘rsatishga majbur. Chunki aktrisa qomatini bir me’yorda saqlashi kerak.
Handening sevimli yeguligi — choy bilan simit. Bu kunjut sepib pishiriladigan, halqa shaklidagi turk noni. Aktrisa ko‘pincha dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni iste’mol qiladi. Xususan, midiya, krevetka va kalmarni yoqtiradi. 2019-yilda bergan intervyularidan birida esa sevimli nonushtasi makkajo‘xori yormalaridan tayyorlangan quruq nonushta va qahva ekanini, eng yaxshi ko‘radigan yeguligi esa chips bo‘lganini aytgan.
4. Afra Saracho‘g‘lu
“Qo‘rg‘on sirlari” seriali yulduzi Afra Saracho‘g‘lu taomlarga bo‘lgan didi haqida kamdan kam gapiradi. Ma’lum bo‘lishicha, u ovqatlanish ratsionidan glyuten va xamirturushni chiqarib tashlagan. Bunday cheklovlar bilan kunjutli simitdan qanday voz kechayotgani esa qiziq.
Afraning kundalik menyusi sog‘lom ovqatlanish tarafdorlariga manzur bo‘lishi mumkin: nonushtaga suli bo‘tqasi, tamaddiga yogurt, tushlikka sabzavotlar va kinoa bilan pishirilgan tovuq go‘shti, kechki ovqatga esa sabzavotlar bilan baliq. Shunga qaramay, aktrisa o‘zini qattiq cheklovlar ostida his qilmaslik uchun ba’zan shirinlik ham yeydi.
5. Aras Bulut Iynemli
“Daho”, “Otaturk” va “Chuqur” seriallaridagi rollari bilan tanilgan Aras Bulut Iynemli ham taomlarga bo‘lgan munosabati haqida ko‘p gapirmaydi. Aktyor vazn orttirishga moyil bo‘lgani uchun ovqatlanish tartibiga alohida e’tibor berishi kerak.
U go‘shtli taomlarni juda yaxshi ko‘radi. Turkiyada ham go‘shtni sabzavot va yormalar bilan uyg‘unlashtirib tayyorlanadigan taomlar keng tarqalgan. Mamlakatda ko‘proq mol, qo‘y va parranda go‘shtiga afzallik beriladi.
Aras aynan qaysi go‘shtli taomlarni yoqtirishini aytmagan. Biroq do‘lma va guruchni, ayniqsa, onasi tayyorlaganini yaxshi ko‘rishi ma’lum. Qahva ham uning sevimli ichimliklari orasida alohida o‘rin tutadi. Bundan tashqari, aktyor taom tayyorlashni, yangi retseptlar o‘ylab topishni yaxshi ko‘radi.
6. Burak Deniz
“Malikam endi qara”, “Tungi ertak” kabi seriallar yulduzi Burak Deniz ham taomlarga bo‘lgan didi haqida tez-tez gapirmaydi. Buning sababi u ovqat tanlamaydigan insonlardan biri ekanligi. Aktyor go‘sht, do‘lma va spagettini yaxshi ko‘radi.
Burakning muxlislari ba’zan uning uchun eng mazali taom oddiygina mehmonxona sho‘rvasi bo‘lishi mumkinligini ham biladi. Bir kuni aktyor mehmonxonasiga och holda qaytib kelib, ovqat buyurtma qilgan. Ammo oshpazlar ish vaqtini tugatgani sababli u oshxonaga kirib, xodimlar uchun tayyorlangan sho‘rvani olib ketgan.
Keyinchalik Burak buning uchun uzr so‘ragan va yetkazilgan zararni qoplashga tayyorligini bildirgan. U juda och qolgan va sho‘rva ham nihoyatda mazali bo‘lgan.
7. Nesrin Javadzade
“Go‘zal hayotim”, “Xavfli sevgi” seriallari yulduzi Nesrin Javadzade ham sevimli taomlari haqida ochiq gapirmagan. Ma’lum bo‘lishicha, aktrisa organik, tabiiy, o‘g‘it va qo‘shimchalarsiz yetishtirilgan mahsulotlarni afzal ko‘radi. Shuningdek, bug‘doy va boshqa don mahsulotlari tarkibidagi glyuten iste’molini cheklaydi. Biroq kunjutli simit ba’zan uning tamaddilari orasida ham uchrab turadi.
Ozarbayjonlik aktrisa vataniga borganida mahalliy taomlarni tatib ko‘rishga harakat qiladi. Ozarbayjon oshxonasi turk taomlariga ko‘p jihatdan o‘xshash: bu yerda ham kabob, do‘lma va paxlava keng tarqalgan. Ehtimol, ularning aksariyati Nesrinning ham sevimli taomlari qatoridan joy olgan.
8. Halit Ergench
Sulton Sulaymon obrazi bilan tomoshabinlar mehrini qozongan Halit Ergench ham sevimli taomlari haqida gapirishni xush ko‘radigan aktyorlardan emas. “Muhtasham yuz yil” seriali yulduzining turk oshxonasidagi qaysi taomlarni yoqtirishi hozircha noma’lum.
Aktyor turmush o‘rtog‘i Berguzar Korel mehr bilan tayyorlagan taomlarni sevib iste’mol qilishini taxmin qilish mumkin. Berguzar pazandachilikni yoqtiradi va yangi, organik mahsulotlardan tayyorlangan taomlarga alohida e’tibor beradi. Er-xotin Istanbulda kafe ham ochgan, uning menyusini ishlab chiqishda Berguzarning o‘zi ham qatnashgan. Ammo ochiq manbalarga ko‘ra, hozir bu maskan faoliyat yuritmaydi.
Juftlik Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tganidan keyin u yerda turk pishiriqlari va yengil tamaddilarga ixtisoslashgan novvoyxonalar tarmog‘ini ochgan. Bu esa ularning milliy pishiriqlarga bo‘lgan mehridan dalolat beradi.
Halitning ko‘nglidan alohida joy olgan taom esa borsh. Aktyor intervyularidan birida bu taomni Turkiyadagi uyida ham mamnuniyat bilan tayyorlashini aytgan.
9. Maryam Uzerli
“Muhtasham yuz yil” va “Tun malikasi” seriallari yulduzi Maryam Uzerli parhez va sog‘lom ovqatlanish haqida gapirishni yaxshi ko‘radi. Biroq parhezga unchalik mos kelmaydigan va sevimli taomlari haqida kamroq so‘zlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, aktrisa shirinliklardan ba’zan rohat lukum, holva va guruchli puding yeyishga o‘ziga ruxsat beradi. U ko‘pchilik band insonlar singari uyda pishgan taomlarni qadrlaydi. Uning kundalik menyusida ko‘pincha bulg‘ur va tovuq go‘shti, yasmiq hamda sabzavotli salatlar bo‘ladi. Maryam qomatini saqlash uchun me’yorni unutmaydi.
Xurram roliga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida undan 13 kilogramm vazn qo‘shish so‘ralgan. Ko‘p o‘tmay aktrisa homilador bo‘lib, yana bir necha kilogramm semirgan. Natijada u jami 20 kilogramm ortiqcha vazndan xalos bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan. Bunga esa sog‘lom ovqatlanish tartibi yordam bergan.
10. Kerem Bursin
“Qalbim eshigini qoq”, “Yurak urishi” seriallari yulduzi Kerem Bursin turk paxlavasini juda yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari, ko‘pchilik erkaklar singari, u ham kabobni xush ko‘radi.
Kerem ovqat tayyorlashni ham yoqtiradi. U uchun bu suratga olish ishlaridan keyin hordiq chiqarishning bir usuli. Ayniqsa, oshxonada yangi retseptlarni sinab ko‘rish va turli tajribalar o‘tkazish unga zavq bag‘ishlaydi.

