Turizmdan eng katta iqtisodiy naf koʻrayotgan davlatlar maʼlum boʻldi
2025-yilda sayohat va turizmning AQSH iqtisodiyotiga qoʻshgan hissasi 2,63 trillion dollarni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich boʻyicha Xitoy ikkinchi, Germaniya esa uchinchi oʻrinni egallagan. Reyting faqat xorijiy sayyohlar sarflagan pulni emas, ichki sayohatlar va turizm bilan bogʻliq boshqa iqtisodiy faoliyatni ham qamrab oladi.

Turizmdan eng katta iqtisodiy foyda olayotgan davlatlar aniqlandi
.
Baholashda mehmonxonalar, restoranlar va transport kompaniyalari faoliyatidan tashqari, ularga tovar va xizmat yetkazib beruvchilar hamda soha xodimlarining xarajatlari orqali yuzaga keladigan iqtisodiy taʼsir ham inobatga olingan. Shu sababli bu roʻyxat eng koʻp xorijiy sayyoh qabul qilgan davlatlar reytingi bilan bir xil emas.
Birinchi uchlik quyidagicha:
AQSH - 2,63 trillion dollar;
Xitoy - 1,75 trillion dollar;
Germaniya - 566 milliard dollar.
AQSHning koʻrsatkichi Xitoynikidan qariyb 50 foiz yuqori. Ikki davlat orasidagi tafovut 880 milliard dollarga yetgan. Bu esa boshqa istalgan alohida mamlakatda turizmning iqtisodiyotga qoʻshgan hissasidan ham kattaroq.
Germaniya Yevropada yetakchiga aylanishga muvaffaq bo‘lib, Fransiya va Ispaniya kabi mashhur sayyohlik yoʻnalishlarini ortda qoldirgan. Bunda mamlakat ichki bozorining kattaligi muhim rol oʻynagan.
2025-yilda Germaniyada qayd etilgan tunab qolishlarning qariyb 83 foizi mamlakat aholisi hissasiga toʻgʻri kelgan. Xorijiy mehmonlar tunab qolishlari kamayganiga qaramay, ichki talab hisobiga joylashtirish muassasalarida yillik rekord natija qayd etilgan.
Yaponiya esa 2025-yilda rekord darajada - 42,7 million xorijiy sayyohni qabul qilgan. Bu 2024-yildagidan 15,8 foiz koʻp. Sakura gullashi va qishki sport turlari kabi mavsumiy yoʻnalishlar bilan birga, Osakada oʻtkazilgan Expo jahon koʻrgazmasi ham safarlarga qoʻshimcha turtki bergan.
Xitoyning turizm iqtisodiyoti 2025-yilda 9,9 foizga oʻsgan. Bu oʻrtacha jahon oʻsish surʼatidan ikki baravardan ham yuqori. Xorijiy sayyohlar soni 15,5 foizga oshib, 68 milliondan oshgan, ularning xarajatlari esa pandemiyadan oldingi darajadan yuqorilagan.
Mamlakatga kirish tartiblarining yengillashtirilishi ham sayyohlarni jalb etishga yordam bermoqda. Xitoy vizasiz kirish mumkin boʻlgan davlatlar roʻyxatini kengaytirib, tranzit yoʻlovchilar uchun ruxsat etilgan qolish muddatlarini uzaytirgan. Chegaradan oʻtish jarayonlari va raqamli toʻlov xizmatlarining qulaylashishi ham sayohatlarni osonlashtirmoqda.

