Germaniyaga xorijiy sarmoya oqimi keskin oshdi
2025-yilda Germaniyaga kiritilgan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 50 foizga oshib, 86 milliard yevroga yetdi. AQSH kompaniyalari investitsiyalarni keskin qisqartirgan bir paytda, Britaniyadan kiritilgan sarmoya hajmi 284 foizga oʻsgan.

Germaniyaga chet el sarmoyasi oqimi sezilarli darajada koʻpaydi. Kyolndagi Germaniya iqtisodiyot instituti (IW) maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda xorijiy kompaniyalarning Germaniyaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari sezilarli darajada oshgan.
Yil davomida mamlakatga 86 milliard yevro miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu 2024-yildagi koʻrsatkichdan 50 foizga koʻpdir. Institut ekspertlari bunday oʻsishni baholashda 2024-yilda investitsiyalar hajmi keskin kamayganini ham hisobga olish zarurligini taʼkidlagan. Oʻsha yili Germaniyaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 32 foizga qisqargan edi.
Ekspertlarning qayd etishicha, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimi yildan yilga sezilarli oʻzgarishi mumkin. Ayrim yirik bitimlarning oʻzi ham umumiy koʻrsatkichga katta taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari, investitsiyalarga oid statistika keyinchalik yuqori yoki past tomonga qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Shunga qaramay, 2025-yilgi koʻrsatkich 2015–2024-yillardagi investitsiyalar medianasi bilan taqqoslanganda ham 11 foizga yuqori boʻlgan.
Ayni paytda, Germaniyaga sarmoya kiritayotgan davlatlar tarkibida jiddiy oʻzgarish kuzatilgan. Xususan, AQSH kompaniyalarining Germaniyaga investitsiyalari 2025-yilda 44 foizga qisqarib, 11,8 milliard yevroga tushgan. Natijada AQShning Germaniyaga kiritilgan jami xorijiy investitsiyalardagi ulushi 36 foizdan 14 foizga kamaygan. Buyuk Britaniya kompaniyalarining investitsiyalari esa, aksincha, 284 foizga oshib, 26 milliard yevroga yetgan. Bu Germaniyaga 2025-yilda kiritilgan jami xorijiy investitsiyalarning 31 foiziga teng.
Shuningdek, Xitoy, Chili va Saudiya Arabistonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi ham oshgan. Biroq IW maʼlumotlariga koʻra, ushbu mamlakatlarning Germaniyaga kiritilgan jami xorijiy sarmoyadagi ulushi hozircha nisbatan kichikligicha qolmoqda.
Germaniyaga xorijiy investitsiyalarning eng katta qismi Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan kirib kelgan. 2025-yilda YEI mamlakatlaridan investitsiyalar hajmi 2,7 foizga kamayib, 43 milliard yevroga tushgan. Shunga qaramay, bu Germaniyaga yil davomida kiritilgan barcha xorijiy investitsiyalarning qariyb yarmini tashkil etadi.

