Tungi klublar yoʻqolib bormoqda - bu esa yoshlarga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda
Bir yosh yigit oʻz shahrida tүnki hayot boʻlmagani sababli "erkin nafas ola olmasligi va koʻngil ocha olmasligini" aytdi.

Tungi klublar yoʻqolmoqda - bu esa yoshlar hayotiga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda
30 yoshgacha boʻlgan bir kishi BBC’ga tinchroq joyda yashashni afzal koʻrishini aytdi
30 yoshgacha boʻlgan odamlar oʻzi yashaydigan joylarda tungi hayot "gʻaribona" va cheklangani sababli "erkin nafas olish va maroqli vaqt oʻtkazish" imkoniyatini boy berishayotganini aytishdi.
Henri Gennonning aytishicha, u Uoking shahrida oʻsib-ulgʻayayotgan paytda yoshlar uchrashishi va muloqot qilishi mumkin boʻlgan joylarning "yoʻq boʻlib borishiga" guvoh boʻlgan.
"Jamoat joylari shunchaki gʻoyib boʻlgandek tuyuladi", deya qoʻshimcha qildi u.
Bir vaqtlar Uokingda bir nechta tungi maskanlar boʻlgan, ammo hozirda shahar markazida birorta ham anʼanaviy ixtisoslashgan tungi klub qolmagan.
Gennonning taʼkidlashicha, bunga yashash qiymati inqirozi sababchi boʻlib, u 20 yoshdan oshgan odamlarning koʻchaga chiqishi va hordiq chiqarishiga "moliyaviy imkon bermayapti".
"Odatda qoʻshimcha daromadi koʻp boʻlmagan yoshlar uchun qilishga arzigulik hech narsa yoʻq", dedi u.
23 yoshli yigitning aytishicha, boshqa tanlovlar "Wetherspoons (pablar tarmogʻi), parkda oʻtirish yoki boshqa shahardan haddan tashqari qimmat taksida qaytish"dan iborat.
"Men oʻz yoshimga xos boʻlgan juda muhim narsani — erkin boʻlish, maroqli vaqt oʻtkazish va hayotdan zavq olish imkoniyatini boy berayotganimni his qilyapman.
Bayram kayfiyati yoʻq, hamma narsa biroz gʻaribona."
Tungi sanoat uyushmasi (NTIA) 2025 yilda Buyuk Britaniya shaharlarining chorak qismi oʻzlarining barcha tungi klublarini yoʻqotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, har oltita shahardan birida hozirda umuman tungi maskanlar yoʻqligi aytildi.
"Bu raqamlar Britaniya tungi hayot infratuzilmasining tizimli ravishda yemirilayotganidan jiddiy ogohlantirishdir", dedi NTIA bosh ijrochi direktori Maykl Kill.
"Biz milliy madaniy inqirozga duch kelmoqdamiz.
Biz koʻrib turganimizdek, yetkazilgan zararni ortga qaytarib boʻlmaydi. Bu maskanlar bir marta gʻoyib boʻlsa, kamdan-kam hollarda qayta tiklanadi."
Adamning aytishicha, Tonbrijdagi tungi hayot manzarasi — bu yerda oxirgi klub bir necha yil oldin yopilgan — "ancha cheklangan".
"Baʼzi yaxshi pablar va kichik barlar bor, lekin aksariyat joylar yarim kechasi atrofida yopiladi", dedi u.
Asli aQShdan boʻlgan 29 yoshli yigit Kent shahri uni "tinchroq va sokinroq" boʻlgani uchun jalb qilganini aytdi.
Shunday boʻlsa-da, Adamning soʻzlariga koʻra, tungi hayotning yoʻqligi yoshlarni hordiq chiqarish uchun boshqa joylarga borishga majbur qilmoqda, bu esa mahalliy iqtisodiyotga zarar yetkazmoqda.
"Bu, shubhasiz, qoʻldan boy berilgan imkoniyatdir", deya qoʻshimcha qildi u.
Adam tungi klublar odamlar bilan tanishish joyi boʻlishi mumkinligini aytish bilan birga, yoshlar koʻchaga chiqqanda kamroq spirtli ichimliklar ichish tendentsiyasini ham qayd etdi — bu ularning sogʻligʻi uchun foydaliroqdir.
Sport zalida vaqt oʻtkazayotgan yigirma yoshlilar
BBC avvalroq 30 yoshgacha boʻlgan, ichimlik madaniyatidan uzoqlashib, sport zalida "ijtimoiy ehtiyojlarini qondirayotgan" yoshlar haqida xabar bergan edi.
Ularning aytishicha, spirtli ichimliklarsiz muloqot qilish ularga kuch bagʻishlaydi, ertalabki bosh ogʻrigʻidan xalos qiladi va oʻxshash qiziqishlarga ega odamlar bilan tanishish imkonini beradi.
Boshqalar ham madaniy oʻzgarishlarni taʼkidlab, koʻproq odamlar klublardan koʻra ichkiliksiz ijtimoiy tadbirlarni tanlashayotganini aytishdi.
Gʻarbiy Sasseksdagi Chichesterlik Finn Eshkroftning aytishicha, Koviddan beri "odamlarga koʻchaga chiqish va muloqot qilish qiyinlashgan".
Biroq, u 30 yoshgacha boʻlgan koʻplab yoshlar klublarsiz ham "eplab kun kechirayotganini" va buning oʻrniga oʻz tadbirlarini tashkil qilayotganini taʼkidlash muhimligini aytdi.
Eshkroft odamlarni oʻzlari yashaydigan joyda tungi hayot koʻproq boʻlishini xohlashsa, bu haqda ochiq gapirishga chaqirdi.
Chichesterning anʼanaviy tungi klublari yopilgan boʻlsa-da, Eshkroftning aytishicha, shaharda hali ham musiqa va raqs uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan joylar koʻp.
U BBC’ga ushbu joylarda "mahalliy darajada musiqani rivojlantirish" uchun C-Side Sounds va Strictly Grooves tadbir kompaniyalariga asos solganini aytdi.
"Talabalar boradigan joy topish uchun juda intilishgan edi", dedi u.
"Biz, shubhasiz, shahardagi tungi hayotni rivojlantirishga yordam berdik."
22 yoshli yigitning aytishicha, oʻzlari yashaydigan joyda tungi hayot koʻproq boʻlishini xohlaydigan odamlar uchun "eng muhim narsa" — "bu haqda ochiq gapirishdir".
"Ular mahalliy kengashlar va boshqaruv organlarini odamlar birgalikda xotiralar qoldirishi uchun... joylar boʻlishini taʼminlashga [undash] kuchiga ega."

