“Tug‘ilganimni eshitib, otam xafa bo‘lgan”. Oybekka turmushga chiqishni xohlamagan, bog‘chada enagalik qilgan, to‘rt farzandning onasi Nigora 38 yoshda

“Tug‘ilganimni eshitib, otam xafa bo‘lgan”. Oybekka turmushga chiqishni istamagan, bog‘chada enagalik qilgan, to‘rt farzandning onasi Nigora 38 yoshda
O‘zbek shou-biznesida uzoq yillar birga ijod qilgan duetlar ko‘p emas. Turli sabablar, kelishmovchiliklar yoki ijodiy qarashlardagi farqlar tufayli ko‘plab duetlar faoliyatini to‘xtatgan. Oybek va Nigora esa bu borada istisno. Ular 21 yildan buyon bir sahnada, bir oilada va to‘rt nafar farzand tarbiyasida hamnafas bo‘lib kelmoqda. Xonanda Nigora 12-sentyabr kuni 38 yoshni qarshiladi, shu munosabat bilan uning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar tashlaymiz.
“Otam o‘g‘il farzand ko‘rishni istagan”
Nigora Ismoilova 1988-yil 12-sentyabr kuni Toshkent shahrida ishchilar oilasida tug‘ilgan. U to‘rtinchi qiz farzand bo‘lib, uchta opasi va bir ukasi bor.
— Otam rahmatli avtobus haydovchisi bo‘lgan. Onam esa bolalar shifokori bo‘lib ishlagan. Ular katta daromadli sohada ishlashmagan bo‘lsa ham, besh farzandni birovdan kam qilmay katta qilishgan. Oilada to‘rtinchi qiz farzand bo‘lganman. Otam rahmatli har gal “Qiz tug‘iladi”, degan xabarni eshitganida ranjigan ekan. O‘g‘il farzand ko‘rishni judayam istagan ekan. Hatto mening ham qiz bola ekanligimni eshitib “Kasalxonadan olib chiqishga bormayman, o‘zing kelavergin”, deb gapirgan ekan. Ammo onam “Baribir ko‘ngli bo‘lmay, kasalxonaga kelgan, sizlarni yaxshi ko‘rardi”, derdi. Ammo ukam Zohidjon tug‘ilgan kunni opalarim juda yaxshi eslashadi. Quvonganlaridan “O‘g‘illi bo‘ldim”, deb emaklab uyga kirib kelgan ekan, deydi Nigora.
“Uch yoshimdan sahnaga intilganman”
Nigora Ismoilovaning oilasida san’atkorlar bo‘lmasa-da, u bolaligidan qo‘shiq aytishga qiziqqan. Uch yoshidan sahnaga intilganini quyidagicha eslaydi.
Maktabda juda a’lochi bo‘lmasam-da, bayram tadbirlarida qatnashishga juda qiziqar edim. O‘sha kezlarda mahallamizda Fotima va Zuhra Ziyomuhamedovalar boshchiligidagi noan’anaviy bolalar qo‘shiqchilik tanlovi o‘tkazildi. Tanlovning noan’anaviyligi shundaki, u yerda sog‘lom bolalar bilan bir qatorda, ko‘zi ojiz va nogiron bolalar ham o‘zlarining iste’dodlarini sinab ko‘rishlari mumkin edi. Tabiiyki, musiqaga qiziqishim kuchli bo‘lgani sababli tanlovda ishtirok etdim. Omadim kelibmi, tanlovda g‘olib bo‘ldim.
So‘ngra tanlab olingan bolalar jamoasidan xor tashkil qilindi va “Uzbell” deb nom berildi. Xor jamoada biz qo‘shiqchilik sirlarini o‘rgandik. Bu yerda men juda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Xonanda Ziyoda bilan ham aynan shu yerda tanishganman. U bo‘sh vaqtlarida “Tantana” guruhi haqida gapirib berar edi. O‘z-o‘zidan menda shu guruhning a’zosi bo‘lish istagi paydo bo‘ldi. Bir kuni xor jamoamiz noma’lum sabablarga ko‘ra yopildi. Juda hafa bo‘ldim, lekin Fotima va Zuhra opalar meni “Tantana” guruhiga taklif qilishganida o‘zimda yo‘q xursand bo‘lib ketdim, deydi xonanda.
“Bog‘chada ishlaganman”
Oybek va Nigora juftligidagi Nigora maktabni tamomlagandan so‘ng bir muddat bog‘chada enagalik qilgan.
— Oilamiz kamtarona hayot kechirgan. Otam rahmatli avtobus haydovchisi, onam esa bolalar shifokori bo‘lgan. Maktabni tamomlagach, bir muddat bog‘chada enagalik ham qilganman. Bolalar bilan tez til topishganim uchun qiynalmaganman. Birinchi maoshimni olganimda ota-onam rosa xursand bo‘lishgan. O‘zim ishlab topgan pulga osh masalliqlarini olib, oila a’zolarimni xursand qilgandim, deydi xonanda Nigora.
“Akfa Mediaga tanish-bilishsiz qabul qilinganmiz”
Nigora “Tantana” bolalar guruhi bilan ko‘plab konsert dasturlarida qatnashadi. Maktabni tamomlab ustozlarining tavsiyasi bilan musiqa kollejiga o‘qishga kiradi. Ikkinchi kursda o‘qiyotganida esa ustozlari unga prodyuserlik kompaniyasi o‘tkazayotgan kastingda ishtirok etishni taklif qilishadi.
O‘shanda Nigora ikkimiz darsdan chiqib, “Akfa” kompaniyasini izlab borganmiz. Avvaliga kasting haqida ota-onamga aytmaganman. Chunki ular qarshi bo‘lishlarini avvaldan taxmin qilgandim. Aksiga olib kasting topshiriladigan kun tomog‘im bo‘g‘ilib qolgan. O‘shanda Samandar Hamroqulov va kompaniya rahbarlari hay’at a’zosi bo‘lgandi. Nigora sinovdan o‘tgan, ammo meni qabul qilishmagan, deya eslaydi xonanda Ziyoda.
Nigora esa tanish-bilishsiz kastingdan o‘tganini va ovozi undan kuchli qizlar juda ko‘p bo‘lganini eslaydi.
— Ovozimning imkoniyatlari juda kam, buni yaxshi bilaman. Baland pardalarda kuylay olaman, deb maqtanolmayman. Kastingda iqtidorli qizlar ko‘p edi, ammo omad menga kulib boqqan. Hech qanday tanish-bilishsiz qabul qilinganman. Ammo menga Oybek bilan birga kuylash yoqmagan. Ilk bora Oybek bilan kuylagan “Izlayman” duet qo‘shig‘i ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shundan so‘ng rahbariyatimiz yana bir duet qo‘shiq yaratish taklifini bildirishdi va “Sen uchun” nomli qo‘shiq dunyoga keldi. Unga ham o‘z navbatida klip suratga olinib, xalqimizga taqdim qilindi. Qisqa vaqt ichida qo‘shiq ommalashib, hit-paradlarning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Shundan so‘ng men va Oybekni Oybek va Nigora duet guruhi sifatida taniy boshlashdi, deydi xonanda Nigora.
“Hamkorlik chiroyli yakunlanmadi”
Oybek va Nigora juftligi 2008-yili “Nihol” nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritishdi. Hit qo‘shiqlarning ham keti uzilmayotgandi. Ammo 2010-yil prodyuserlik kompaniyasi va unda ijod qiluvchi xonandalar o‘rtasiga sovuqchilik tushdi.
Chunki chiroyli yakun bo‘lmadi, qancha pul topayotganimizni bilardik. Yana qaytadan hammasini izga solish oson bo‘lgani yo‘q. O‘sha kungacha biz bilan hamkorlik qilib kelgan ijodkorlardan “Bo‘ldi, bularning puli yo‘q, ular bilan ishlash befoyda”, degan gaplarni eshitdik. Yangi qo‘shiqlar yaratardik, ammo ularga klip olib, ommaga taqdim etishga imkonimiz bo‘lmasdi. O‘sha paytda gina-kuduratlar bo‘lgan, hozir esa “Akfa Media”dan faqat minnatdormiz. Chunki ular sabab Oybek va Nigora juftligi paydo bo‘ldi va brendimiz odamlar orasida tanildi, deydi xonanda.
“Oybekka turmushga chiqmayman”
Nigora oila qurmasdan avval nima uchun jurnalistlarning “Oila qurasizlarmi?” degan savoliga rad javobini berganini quyidagicha izohladi.
— Oybek biror marta meni yolg‘iz qoldirmagan. Hamisha birga edik, uning e’tibor berishini sezardim. Ammo biror marta ko‘nglidagilarni ochiqchasiga aytmasdi. Shu bois jahlim chiqib, “Sizga turmushga chiqmayman, ko‘zimga ko‘rinmang”, derdim. Eng qizig‘i, bu gaplarimga ham e’tibor bermasdi. Oilamiz ham avvaldan yaqin munosabatda bo‘lgan, deydi Nigora.
“Yaxshi kelin bo‘lmaganman”
Xonanda Nigora ochiqchasiga yaxshi kelin bo‘lmagani va o‘g‘illari o‘zidek kelin bilan oila qurishlarini istamasligi haqida aytgan.
Yarim kechagacha xizmatda bo‘lardik, tabiiyki, keyin tushgacha uxlardik. Ammo to‘ydan keyin bir hafta kelinlik vazifalarimni bajarib, soat tonggi beshda ko‘cha-hovlilarni supurganman. Ko‘pchilik “Sizga havasim keladi, kelinim sizdek bo‘lsin”, desa, gapingizni qaytarib oling, deb kulaman. Hatto o‘g‘illarimga ham mendek kelin kelishini istamayman, deyman hazillashib, deydi Nigora.
“Erim bilan kelisholmay, onamnikiga ketganman”
— Birinchi farzandimdan keyin hamma onalar kabi menda ham uyqusiz kechalar, og‘riqlar va erga e’tiborsizlik bo‘lgan. Shu e’tiborsizlik er tarafidan tushunilmasa, tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Menda ham shu holat bo‘lgan. Homiladorlik davrim ham, farzandimni dunyoga keltishim ham ancha qiyinchilik bilan o‘tgan. Bolam ona sutini ham, bo‘tqalarni ham ichmasdi. Och qolib ketyapti deb, undan havotirlanardim. Qiynalib ketganimdan kechalari yig‘lab o‘tirardim. Butun badanim og‘rir edi. Xullas, tug‘ruqdan keyingi depressiyaga kirib ketganman. Erga e’tibor berish umuman yo‘q, xayolim faqat bolamda bo‘lib qolgandi. U ham faqat chaqaloqqa qarardi. Birga bo‘lishga harakat qilardig-u, ammo o‘rtamizda nimadir turgandek bo‘laverardi. Keyin bir-birimizdan dam olganmiz. Men ota uyimga ketganman. Voz kechib emas, dam olish, tiklanish uchun. Qaynonalarga ham kelinini tug‘ruqdan so‘ng onasinikiga yuborishlarini so‘rayman. O‘zimning boshimdan shu kunlar o‘tdi. O‘zimga kelganimdan so‘ng, uyimga qaytib borib, turmush o‘rtog‘im bilan oramiz isishni boshlagan, deya eslaydi Nigora ilk bor ona bo‘lgan yillarini.
Ular ijodda faol bo‘lsa-da, avvalgidek hit qo‘shiqlari kamaygan. Duetdoshlar chaqaloqlarni kutib olish marosimlarida faol ishtirok etishadi.

