“Tramvay hayotimning bir qismiga aylangan”. Samarqandlik mashinist ayol hikoyasi
22 yil uy bekasi bo‘lgan Dilorom Obloqulova 2020-yilda hayotida yangi sahifa ochib, Samarqandda tramvay haydovchisi sifatida ish boshladi. Olti yildan beri yuzlab yo‘lovchilarni manziliga yetkazib kelayotgan ayol mashinist uchun tramvay boshqarish hayotining bir qismiga aylangan. Gazeta u bilan suhbatlashdi.

“Tramvay hayotimning bir qismiga aylangan”. Samarqandlik mashinist ayol hikoyasi
Samarqand shahrida tramvay haydovchisi sifatida ishlayotgan Dilorom Obloqulova olti yildan buyon har kuni yuzlab yo‘lovchilarni manziliga eltib keladi. Bungacha u 22 yil davomida uy bekasi bo‘lgan. 2019-yilda tramvay boshqarayotgan ayolni ko‘rib, o‘zi ham shu kasbni o‘rganishga qaror qilgan.
Turmush o‘rtog‘i va yaqinlarining ko‘magi bilan 2020-yilda ish boshlagan Dilorom opa bugun o‘z kasbi bilan faxrlanadi.
Dilorom Obloqulova 2012-yilda yengil avtomobil boshqarishni o‘rganish uchun avtomaktabda tahsil olib, haydovchilik guvohnomasini olgan. Ammo oilaviy sharoit sabab mashina sotib olish imkoniyati bo‘lmagani uchun rulga o‘tirmagan. Shu bois uy-ro‘zg‘or ishlari va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullangan.
2019-yilda Samarqand ko‘chalarida tramvay boshqarayotgan ayolni ko‘rib qolishi uning hayotida yangi sahifa ochilishiga turtki bo‘ldi.
“O‘zimga: „Nega men ham shu kasbni o‘rganmasligim kerak?“ degan savolni berdim. Yonimda turmush o‘rtog‘im bor edi. Unga tramvay haydashni o‘rganish istagimni aytdim. U meni qo‘llab-quvvatladi va birgalikda tramvay deposiga bordik”, — deydi Obloqulova.
O‘sha paytda depoda atigi uch nafar ayol tramvay haydovchisi bo‘lib ishlardi. Depodagi Sanobar ismli xodim ham uning qarorini qo‘llab-quvvatlab, o‘qishga undaydi. Shunga qaramay, yangi kasbni egallash oson kechmagan. Dilorom opa avvaliga odamlarning munosabati va ko‘chada hammaning e’tiborida bo‘lishidan uyalgan. Bundan tashqari, og‘ir transport vositasini boshqarish mas’uliyati ham uni biroz cho‘chitgan.
“Boshida qo‘rqqanman. Tramvayni boshqarish oson emas. Unda o‘zingizdan tashqari, vagondagi yuzlab yo‘lovchilar uchun ham javobgar bo‘lasiz. Shuning uchun o‘qishga kirishdan oldin ikkilanganman”, — deydi u.
Dilorom opa 2019-yilda tramvay haydovchilarini tayyorlash kursida to‘rt yarim oy tahsil oldi. Keyin uch oy tajribali haydovchilar bilan amaliyot o‘tadi. 2020-yil fevral oyida esa mustaqil ish boshladi.
Bu jarayonda turmush o‘rtog‘ining yordami muhim bo‘lgan. Dilorom Obloqulova ba’zan kasbni uddalay olmasligidan xavotirlanib, hatto o‘qishni tashlash haqida ham o‘ylagan. Lekin umr yo‘ldoshi uni doim ruhlantirgan. Ish boshlagan dastlabki davrda unga yordam berish uchun tramvayda konduktor bo‘lib ham ishlagan. Buni yo‘lovchilardan yashirgan, faqat hamkasblari ularning er-xotinligini bilgan.
Ukasi ham opasining qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Xorijda yurgan paytlarda boshqa mamlakatlarda ayollarning turli kasblarda ishlayotganini ko‘rgan ukasi Dilorom Obloqulovaga o‘z kuchiga ishonishni maslahat bergan.
“Ukamga: „O‘qishga kirdim, lekin qo‘rqyapman, odamlar ko‘radi, uyalaman“, degandim. U esa: „Opa, o‘zingizga ishonasizmi? Qiling. Boshqa davlatlarda ayollar qanday ishlayotganini bilmaysizmi? Nimadan uyalasiz?“ degan. Shu gaplar ham menga kuch bergan”, — deydi u.
Dastlab yo‘lovchilarning hayrat bilan qarashi va ko‘chadagi odamlarning e’tiboriga ko‘nikish qiyin bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan Dilorom opa bu holatni oddiy qabul qila boshlagan.
“Avvaliga ko‘chada hamma ko‘radi, deb uyalardim. Chunki bizda ayollar bunday ishlarda ko‘p ishlamagan, bunga odatlanmaganmiz. Hozir esa aksincha, ishimdan faxrlanib yuraman. Ko‘pchilik havas bilan qaraydi”, — deydi mashinist.
Samarqandda tramvay ikki yo‘nalishda: temir yo‘l vokzalidan Sartepagacha hamda vokzaldan Siyob bozorigacha harakatlanadi. Dilorom opa asosan birinchi yo‘nalishda ishlaydi. Vokzaldan Sartepagacha bo‘lgan olti kilometrlik masofani tramvay taxminan 21 daqiqada bosib o‘tadi.
Tramvaylar ertalab soat 6:00 dan kechki 23:00 gacha harakatlanadi. Dilorom Obloqulovaning ish kuni davomida yo‘lovchilar oqimi ham o‘zgarib turadi: ertalab ishga shoshayotganlar va o‘quvchilar ko‘payadi. Tushlik paytida maktabdan qaytayotgan bolalar, kunning ikkinchi yarmida esa farzandlarini bog‘chadan olib ketayotgan ota-onalar tramvaydan foydalanadi.
Uning kuzatishicha, tramvayga faqat ish yoki o‘qishga borayotganlar emas, shaharni aylanishni istagan keksalar ham chiqadi. Ayrimlar uchun tramvayda yurish kundalik tashvishlardan biroz chalg‘ish imkonidir.
“Bir kuni yoshi katta ayol chiqdi. O‘sha paytda elektr o‘chgani uchun tramvay to‘xtab turgandi. U kishiga avtobusda ketishni taklif qildim. „Yo‘q, mening zarur ishim yo‘q, shunchaki uyda zerikdim, tramvayda bir aylanib kelay, deb chiqqandim“, dedi. Shunday yo‘lovchilar ham bor”, — deydi Dilorom opa.
Tramvaydan xorijlik sayyohlar ham ko‘p foydalanadi. Ayniqsa, vokzalga kelgan turistlar taksi o‘rniga jamoat transportini tanlaydi. Ular haydovchilardan tramvayning qaysi manzillarga borishini so‘raydi. Dilorom opaning aytishicha, ikkinchi yo‘nalishda, xususan, Islom Karimov maqbarasi va Siyob bozori tomon boradigan sayyohlar ko‘p uchraydi.
Tramvay salonining kengligi bolali oilalar uchun ham qulay. Yo‘l haqi naqd pulda 3 ming so‘m, plastik karta orqali esa 2 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq tramvay boshqarish tashqaridan ko‘ringanidek oson emas. Haydovchi doimo yo‘lni, boshqa transport vositalari va piyodalar harakatini kuzatib borishi kerak. Ayniqsa, Samarqandning ayrim tor ko‘chalarida harakatlanish alohida e’tibor talab qiladi.
Dilorom Obloqulovaning ta’kidlashicha, ba’zi avtomobil haydovchilari tramvay yo‘liga chiqib qoladi. Telefonga chalg‘ib, yaqinlashayotgan tramvayni sezmaydigan piyodalar ham uchraydi. Bunday holatlar mashinistdan doimiy hushyorlikni talab qiladi.
“E’tiborimiz faqat yo‘lda bo‘lishi kerak. Odamlarga ham, mashinalarga ham qarab borish lozim. Ayrim haydovchilar yo‘limizga chiqib qoladi, telefonga qarab ketayotgan piyodalar esa tramvayning qo‘ng‘irog‘ini ham eshitmaydi. Shuning uchun doim hushyor bo‘lishimiz kerak”, — deydi u.
Olti yillik ish faoliyati davomida Dilorom opa yo‘lovchilar yoki erkaklar tomonidan noo‘rin munosabatga duch kelmagan. Aksincha, ko‘pchilik ayol haydovchini ko‘rib hayratlanadi, kasbi haqida so‘raydi va havasini bildiradi. Yo‘lovchilarning minnatdorchiligi esa unga ishidan qoniqish hissini beradi.
“Yo‘lovchilar tushayotganda „Rahmat, opajon, sog‘ bo‘ling“, deyishsa, juda xursand bo‘laman. Demak, ularning uzog‘ini yaqin qildik, manziliga yetib olishiga yordam berdik, deb o‘ylayman. Shu payt kasbimdan yanada ko‘proq faxrlanaman”, — deydi Dilorom Obloqulova.
Olti yil davomida tramvay Dilorom opa uchun oddiy ish joyidan ko‘ra ko‘proq ma’no kasb etgan. Farzandlari unga ishga chiqmay, uyda dam olishini aytsa-da, u o‘z xohishi bilan faoliyatini davom ettirmoqda.
“O‘g‘illarim ba’zan: „Aya, endi ishga chiqmang, uyda o‘tiring, o‘zimiz oylik beramiz“, deyishadi. Lekin men bu ishga faqat maosh uchun chiqmayman. Kasbimni yaxshi ko‘raman, o‘rganib qolganman. Tramvayda har xil odamlarni ko‘rasiz, yo‘lovchilar bilan muloqot qilasiz. Uyda o‘tirgandan ko‘ra ishlaganim yaxshi”, — deydi u.
Ish Dilorom Obloqulovaga yangi ko‘nikmalar ham bergan. Yo‘lovchilar bilan doimiy muloqot natijasida u o‘zbek va rus tillarida erkin gaplashishni o‘rgandi. Endi sayyohlar bilan muloqot qilish uchun ingliz tilini ham o‘zlashtirmoqchi. Bu istagini turmush o‘rtog‘i ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Dilorom opa Samarqandda tug‘ilgani va shaharda tramvay borligidan faxrlanadi. Uning fikricha, tramvay nafaqat qulay jamoat transporti, balki shahar manzaralarini tomosha qilish uchun ham yaxshi vosita. Katta oynalar orqali yo‘lovchilar shaharni bemalol kuzatishi mumkin. U tramvaylar O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham yo‘lga qo‘yilishini istaydi.
Bir paytlar yangi kasbni egallashdan ikkilangan Dilorom opa bugun o‘zi kabi uy bekalari va boshqa ayollarni ham o‘z kuchiga ishonishga chaqiradi.
“Menga havas qiladigan qizlar va uy bekalariga maslahatim — o‘qishsin, izlanishsin, harakat qilishsin. Hech qachon kech emas. O‘zingizga ishonsangiz, ko‘p narsaga erishish mumkin. O‘zbekistonlik ayollar kuchli, mehnatdan qo‘rqmaydi. Hammaning qo‘lidan keladi”, — deydi u.

