Tramp Ukrainada Starshield ishini cheklashga buyruq berganini rad etdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina foydalanayotgan Starlink’ning harbiy xizmatlar paketi - Starshield ishini cheklash boʻyicha koʻrsatma bermaganini aytdi. U Ilon Mask ham bunday qaror qabul qilgan deb oʻylamasligini bildirdi. Biroq cheklovlar tashabbuskori haqida xalqaro OAV tarqatgan maʼlumotlar bir-biriga zid.

Tramp Ukrainada Starshield ishini cheklashga buyruq berganini inkor etdi
«Buni kimdir qilganmi, bilmayman. Bu men emas edim», - dedi AQSH prezidenti. U cheklovlar haqida ertalabki yangiliklardan xabar topganini, o‘zi bilgan ma’lumotlarga ko‘ra esa tizim avvalgidek ishlayotganini aytdi.
Ilon Mask 14-oktabr kuni Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorovning X ijtimoiy tarmog‘idagi postiga javoban, Starshield ishini cheklashga oid qarorlarni AQSH harbiylari, yakuniy hisobda esa prezident qabul qilishini ma’lum qilgan. Fedorov unga tizim faoliyati bosqichma-bosqich tiklanayotgani uchun minnatdorlik bildirgan edi.
The Telegraph gazetasi 16-oktabrda to‘rt manbaga tayangan holda, Ukrainada Starshield imkoniyatlarini cheklash g‘oyasini Trampga Mask taklif qilganini yozdi. Manbalardan birining iddao qilishicha, prezident bu taklifni ma’qullagan va shundan so‘ng Pentagon cheklovlarni joriy etgan.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, tizimdan harakatda foydalanish uchun tezlik chegarasi taxminan soatiga 160 kilometrni tashkil etadi. Bu internetning ma’lumot uzatish tezligi emas, terminal o‘rnatilgan qurilmaning harakat tezligiga oid cheklovdir. Nashr bunday chegara tez uchuvchi Rossiya reaktiv dronlari va raketalarini tutib qolishda qo‘llanadigan apparatlar imkoniyatini jiddiy cheklashini qayd etgan.
Biroq qaror kim tomonidan qabul qilingani haqidagi xabarlar turlicha. Reuters manbalari ko‘rsatma Oq uydan kelganini aytgan bo‘lsa, AFP suhbatlashgan amerikalik mansabdor Tramp bunday buyruq bermaganini bildirgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Starshield ishidagi cheklovlar 14-oktabrga o‘tar kechasi paydo bo‘lib, uchuvchisiz tizimlar faoliyati va logistikani qiyinlashtirgan. 15-oktabrda esa vazirlik dala sharoitida terminallar ishi tiklanganini xabar qilgan.
DW bilan ismini oshkor qilmaslik shartida suhbatlashgan yuqori martabali ukrainalik mansabdor Kiyev cheklovlar bo‘yicha AQSHdan izoh olmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bu holatni keyinchalik yana cheklovlar joriy etilishi mumkinligi haqidagi signal sifatida baholamoqda.

