Tramp u rejalashtirgan zafar arkasi oʻq-dorilarni saqlash uchun harbiy kompleks vazifasini ham bajarishini aytdi
Tramp yangilangan rejalar AQSh harbiylarining iltimosiga binoan va milliy xavfsizlik maqsadlarida amalga oshirilganini aytdi.

Tramp u rejalashtirgan zafar arkasi oʻq-dorilarni saqlash uchun harbiy majmua boʻlib ham xizmat qilishini aytdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp u taklif qilgan zafar arkasi harbiy texnikalarni saqlash majmuasi sifatida ham faoliyat yuritishini, u yerda merganlar (snayperlar) va dronlarni joylashtirish imkoniyati boʻlishini aytdi.
Yakshanba kuni ertalab eʼlon qilgan postida Tramp AQSh harbiylarining «qatʼiy talabi» va «milliy xavfsizlik maqsadlarida» rejalarni qayta koʻrib chiqayotganini maʼlum qildi.
«Yuqori toifali» harbiy majmua va arka «tom va maydon hududlarida koʻp sonli dronlar, shuningdek, merganlarni joylashtiradi, saqlaydi va ulardan tezkor foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi, bundan tashqari, omborda katta miqdordagi merganlik oʻq-dorilarini saqlaydi», dedi u.
U qurilish rejalari yoki muddatlari haqida batafsil maʼlumot bermadi va ushbu obʼyekt uchun unga biror bir qoʻshimcha ruxsat talab qilinishi yoki qilinmasligi nomaʼlum.
«Dunyoning hech bir joyida bunday inshoot boʻlmaydi», deb yozdi Tramp oʻzining Truth Social platformasida. U qaysi shaharlarni nazarda tutganini aytmasdan, «59 ta eng yirik shahar va poytaxtlar» orasida Vashington «dunyoda zafar arkasi boʻlmagan yagona shahar» ekanini qoʻshimcha qildi.
Trampning Vashingtondan Potomak daryosining narigi tomonida, Arlington milliy qabristonining shundoqqina tashqarisida qurilishi rejalashtirilgan 250 futlik (76 metr) arkasining qurilishi shu oyda boshlanishi kutilayotgan edi.
Shu yil boshidagi dizayn loyihasida arka tepasida oltin rangli, qanotli Ozodlik maʼbudasi tasvirlangan boʻlib, uning ikki tomonida ikkita oltin burgut joylashgan, inshootning har ikki tomonida esa oltin harflar bilan «Xudo panohidagi yagona millat» va «Barcha uchun ozodlik va adolat» degan iboralar yozilgan. U poydevoridan oltin rangli maʼbuda haykalining tepasigacha 250 fut (76 metr) balandlikka koʻtariladi.
Bu balandlikda inshoot yaqin atrofdagi 99 futlik Linkoln memorialidan ancha baland boʻladi va Vashington monumenti balandligining yarmiga yetadi.
Arkaning shu yil boshidagi rejalarida uning tepasida ikkita oltin burgut bilan oʻralgan oltin rangli, qanotli Ozodlik maʼbudasi tasvirlangan.
Tramp oʻzining ikkinchi muddatida AQSh poytaxti qiyofasini oʻzgartirish uchun bir qator qurilish loyihalarini ilgari surdi, jumladan, Oval kabinetni oltin bilan bezatish, taxminiy qiymati 400 million dollar boʻlgan Oq uy bazm zalini qurish, Oq uyning Atirgullar bogʻini asfaltlash va Linkoln memorialining Aks etuvchi havzasini taʼmirlash.
Zafar arkasi Tramp maqsad qilgan eng yirik loyihalardan biridir.

