Tramp Si Szinpindan Eronga yordam bermaslikni so‘radi

**Tramp Si Szinpindan Eronga yordam bermaslikni so‘radi**
AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Szinpindan Vashingtonga tashrifi vaqtida Eronga har qanday ko‘mak berishni to‘xtatishni so‘radi.
Xitoyning Eronni iqtisodiy, razvedka va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi Trampning urush davrida bu davlatni yakkalashga qaratilgan sa’y-harakatlarini zaiflashtirmoqda. AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy bosim kampaniyasini davom ettirmoqda, biroq Xitoy bilan hamkorlik bo‘lmasa, uning samarasi faqat qisman bo‘lib qoladi.
### Xitoyning Eronga yordami va AQSH xavotirlari
28-fevralda urush boshlanganidan beri Vashington Xitoy Eronga havo mudofaa tizimlari hamda dronlar ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlar yetkazib berayotganidan xavotirda. Rasmiylar so‘nggi haftalarda Eron Xitoyning tijorat sun’iy yo‘ldoshlaridan olingan yuqori aniqlikdagi suratlardan foydalanganini aytmoqda. Bu orqali mamlakat Yaqin Sharqdagi Amerika bazalari, shuningdek, Fors ko‘rfazi va Arab dengizidagi aviatashuvchilar hamda harbiy kemalarni nishonga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu holat AQSH harbiylarini Eronning harbiy kemalarni aniqlashi va nishonga olishini qiyinlashtirish uchun o‘z tezkor harakat tartibini o‘zgartirishga majbur qildi.
“Biz ularga haftalar oldin Eronga beriladigan har qanday yordam — xoh u to‘g‘ridan to‘g‘ri, xoh bilvosita, xoh razvedka, xoh ehtiyot qismlar yoki harbiy texnika bo‘lsin — mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini juda aniq tushuntirdik. Prezident Donald Tramp buni kecha yana bir bor qat’iy ta’kidladi”, dedi Devid Perdyu CNBC telekanaliga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, Vashington Xitoyga Eron masalasi Tayvanga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan alohida muammo ekanini bildirgan.
“Ular bizga quloq tutdi. Ular ayrim narsalarni to‘xtatdi. Prezident Tramp Eron haqida gapirganda, ular e’tibor berishiga ishonchimiz komil”, deya qo‘shimcha qildi Perdyu.
### Xitoy va Qatar pozitsiyasi
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Si Szinpin Trampni iyundagi o‘zaro anglashuv memorandumiga qaytish va yadroviy kelishuvga erishish orqali Eron bilan ziddiyatni yumshatishga chaqirgan.
“Xitoy tomonlarni tinch yo‘l bilan hal qilish va muzokaralar sur’atini saqlab qolishga sodiq qolishga chaqiradi”, dedi Xitoy raisi Trampga.
Tramp va Si Szinpin uchrashuvi AQSH elchilari Stiv Uitkof va Jared Kushner Nyu Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi doirasida Eron tashqi ishlar vaziri oAbbos Araqchi bilan yangi muzokaralar o‘tkazganidan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tdi. Manbalarga ko‘ra, muzokaralarda Qatar rasmiylari ham qatnashib, xabarlarni ikki tomon o‘rtasida yetkazib turgan.
Ta’kidlanishicha, Aroqchi Uitkof va Kushnerga Eronning Hormuz bo‘g‘ozini ochish va yadroviy muzokaralarni qayta boshlash shartlarini bildirgan. Eron agar AQSH joriy etgan dengiz blokadasi olib tashlansa, neft savdosiga qo‘yilgan sanksiyalar bekor qilinsa va mintaqadagi o‘t ochishni to‘xtatish rejasi tiklansa, bo‘g‘ozni ochish hamda yadroviy muzokaralarni bir hafta ichida qayta boshlashni taklif qilgan.
### Tramp javobi kutilmoqda
Vositachilik jarayonidan xabardor manbaning aytishicha, Qatar va Eron Trampning Tehron taklifiga javobini kutmoqda.
“Hali qayoqqa qarab ketayotganimizni bilish uchun erta, ammo ba’zi ijobiy harakatlar bor”, dedi manba.
Biroq Bild va Al Jazeera nashrlariga ko‘ra, Tramp Eronning yetti kunlik otashkesim taklifini rad etgan. Xususan, Vashington Tehronga embargo bekor qilinmasligini, jumladan, dengiz blokadasi olib tashlanmasligini bildirgan.

