Tramp saylovdan keyin Eron bilan tinchlik bitimi tuzilishini aytdi
Ikki davlat vakillari iyun oyidan beri birinchi marta uchrashgan.

Tramp saylovdan keyin Eron bilan tinchlik bitimi tuzilishini aytdi
AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida qilgan chiqishida Qoʻshma Shtatlar 3-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlardan keyin Eron bilan tinchlik shartnomasini imzolashi mumkinligini maʼlum qildi.
Tramp nutqida Ukrainadagi urush, Kuba taqdiri va Grenlandiya boʻyicha yangi kelishuv masalasiga ham toʻxtaldi, shuningdek, sunʼiy intellekt nomini oʻzgartirishni taklif qildi.
«Oʻylaymanki, biz [Eron bilan] kelishuvni saylovdan soʻng darhol tuzamiz, chunki ular buni tuzmasligidan maʼno yoʻq. Ular oraliq saylovlarda ishlarim qanday kechishini kutishmoqda», – dedi Tramp.
Uchrashuvda Vashingtondan Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner, Tehrondan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etdi. Muzokaralar avvalgidek vositachilar orqali olib borildi.
«Bugun BMT Bosh Assambleyasi doirasida kun davomida tomonlar oʻrtasida qatnagan vakillar vositachiligida Eron delegatsiyasi bilan uzoq muddatli muzokaralar oʻtkazdik. Muzokaralarning bu raundi muvaffaqiyatli yakunlandi va umid qilamizki, ular konstruktiv va istiqbolli boʻladi. Vositachilar oʻz ishlarini davom ettiradi», – deb yozdi Uitkoff keyinroq X ijtimoiy tarmogʻida.
Donald Tramp BMT minbaridan soʻzlagan nutqida muhim qaror qabul qilishi kerakligini aytdi: Eronni yoʻq qilish yoki u bilan kelishuv tuzish.
«Muhim qarorni qabul qilishim kerak. Eron bilan mamlakatni qayta qurish va uni har qachongidan ham buyukroq qilish imkonini beradigan kelishuv tuziladimi yoki ular boshqa odamlarni oʻldira olmasligi va mamlakatlarni vayron qila olmasligi uchun men Islom Respublikasini yoʻq qilishim kerakmi?» – degan AQSH prezidenti.
«Ularga omon qolishga hech qanday imkon qoldirmay, kelajakdagi buyuklikka va kelajak avlodlarga boʻlgan umiddan mahrum qilgan holda haqiqiy doʻzaxni koʻrsatish kerakmi? Ammo oʻylaymanki, biz saylovdan soʻng darhol kelishuvga erishamiz», – deya davom etgan Tramp.
Tramp dunyoning boshqa mamlakatlarini Eronga bosim oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi, shuningdek, AQSH Eronga qarshi urush boshlab, uning yadroviy qurolga ega boʻlishining oldini olganini yana bir bor taʼkidladi.

