Tramp Folklend orollari bo‘yicha AQSH pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilayotganini aytdi

**Tramp Folklend orollari bo‘yicha AQSH pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi**
AQSH prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniya boshqaruvidagi Folklend orollari bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqayotganini e’lon qildi. Bu haqda Reuters va The Guardian nashrlari xabar berdi.
Oval kabinetda orollarning suvereniteti haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp shunday dedi: "Men har doim har bir pozitsiyani ko‘rib chiqaman. Bu ko‘plab masalalardan faqatgina bittasi xolos."
Tramp ushbu ko‘rib chiqish AQSHning suverenitet borasidagi yondashuvini o‘zgartirish-o‘zgartirmasligiga aniqlik kiritmadi. Vashington 1982-yildan beri bu masalada neytral pozitsiyani egallab keladi. Trampning ittifoqchisi, Argentina prezidenti Xaver Miley boshqarayotgan Argentina ham bu orollar ustidan suverenitet da’vo qiladi.
Trampning bu bayonotlari AQSH ma’muriyati mazkur nizodan Britaniyaning yangi bosh vaziri Endi Bernem hukumatiga nisbatan bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishga tayyorligini ko‘rsatdi. Maqsad Londondan mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qilishdir.
Ushbu bayonot o‘tgan haftada ismi oshkor etilmagan AQSH rasmiysining Telegraph nashriga bergan intervyusidan so‘ng yangradi. O‘shanda rasmiy Vashington Britaniya mudofaa xarajatlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasa, orollar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinligini aytgan edi.
Bundan oldin Britaniya g‘aznachisi Jon Hili 28-oktyabr kuni o‘zining birinchi byudjetini taqdim etganda mudofaa xarajatlarini 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning 3 foiziga yetkazish haqidagi avvalgi majburiyatdan voz kechishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
"AQSH pozitsiyasining o‘zgarishi Britaniyaning Folklend ustidan suverenitetiga ma’naviy va ruhiy zarba bo‘ladi", deyiladi xabarda.
1982-yilda Argentina orollarga bostirib kirganidan so‘ng, Margaret Tetcher hukumati harbiy-dengiz kuchlarini yuborishga qaror qilgan edi. Yakunda orollarning qaytarib olinishi sobiq amerikalik prezident Ronald Reyganning qat’iy diplomatik qo‘llab-quvvatlovi bilan kuchaygan. Vashington Argentinaning hukmron harbiy xuntasi bilan ham ittifoqchi bo‘lishiga qaramay, u Britaniya tomonida turgan edi.
1982-yilning iyun oyida Argentina kuchlari taslim bo‘lgunga qadar janglarda taxminan 649 nafar argentinalik va 255 nafar britaniyalik harbiy halok bo‘lgan. Bu voqea siyosiy ittifoqchi va g‘oyaviy maslakdosh bo‘lgan Tetcher hamda Reygan o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashda markaziy rol o‘ynagan edi.
Oxirgi vaqtlarda Tramp Argentinaning populist prezidenti Xaver Miley bilan yaqinlashgan. Miley 2025-yilning yanvar oyida Trampning ikkinchi inauguratsiya marosimida qatnashgandi.
Miley Argentinaning orollarga bo‘lgan da’vosini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq 2013-yildagi so‘rovnomada ovoz bergan 1517 nafar Folklend aholisining 1513 nafari ushbu hudud Britaniya tarkibida qolishini istashini bildirgan.
AQSH pozitsiyasini o‘zgartirish imkoniyati 2026-yil boshida Pentagonda ko‘rib chiqilgan variantlar qatoriga kiritilgan edi. Bu chora Eron bilan urushdagi AQSH harbiy operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlamadi deb hisoblangan NATO ittifoqchilariga bosim o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq Argentinada mamlakatni tanqid qilgan xorijliklar deportatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. JCH-2026 turniridan so‘ng Argentina termasiga yog‘ilgan ayblovlar ortidan Xaver Miley mamlakat sha’nini himoya qilishga kirishgan. Prezident imzolagan yangi qarorga ko‘ra, Argentinani tanqid qilgan xorijliklar mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

