AQSH NATO ittifoqchilaridan Tramp siyosatiga sodiqligi haqida hisobot talab qildi

AQSH NATO ittifoqchilaridan Tramp siyosatiga sodiqligi haqida hisobot talab qildi
AQSH Yevropadagi harbiy ishtirokini qisqartirishi mumkin bo‘lgan bir paytda NATO mamlakatlariga so‘rovnoma yubordi. Unda mamlakatlar Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp siyosatini qo‘llab-quvvatlash darajasi haqida so‘raladi. Bu haqda tegishli hujjatdan xabardor manbalarga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlar AQSH tashqi siyosatiga “ochiqcha xayrixohlik bildirgani” haqidagi savolga javob berishi kerak. Shuningdek, ular AQSH harbiy bazalaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlar va Amerikaning mudofaa pudratchilaridan xaridlar haqida hisobot berishi lozim.
Vaziyatdan xabardor manbalarning agentlikka aytishicha, ittifoqchilar bu so‘rovnomani AQSH himoyasi evaziga g‘oyaviy yakdillikka majburlash deb qabul qilgan. Agentlikning qayd etishicha, so‘rovnoma Tramp administratsiyasining Yevropadagi AQSH harbiy ishtirokini olti oy ichida qayta ko‘rib chiqish jarayoni fonida tuzilgan. Tegishli jarayon dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Bloomberg keltirgan NATO Bosh kotibi Mark Ryutte so‘zlariga ko‘ra, AQSHning Yevropadagi harbiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqishi Yevropa va Kanadada mudofaa xarajatlari osayotgani fonida “mantiqiy va ijobiy” qaror hisoblanadi.
NATO vakili Bloomberg’ga alyans AQSH bilan birgalikda harbiy ishtirokni qayta ko‘rib chiqish ustida ishlayotganini tasdiqladi. Lekin u so‘rovnomaga izoh berishdan bosh tortdi. Iyul oyida CNN manbalari Tramp NATO mamlakatlariga “signal” sifatida AQSH harbiy ishtirokini uchdan bir qismga qisqartirishni ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan edi.

