TRAB va Ipoteka-bank Vades Group’ni 10 million dollarga qoʻllab-quvvatladi
Vades Group Toshkent viloyatida ishlab chiqarishni kengaytirish uchun TRTB va Ipoteka Bank’ning xavf-xatarlarni taqsimlash mexanizmi doirasida moliyalashtiriladi.

TRAB va Ipoteka-bank Vades Group’ni 10 mln dollarga qoʻllab-quvvatladi
Markaziy Osiyodagi yagona mikroprotsessorli kartalar ishlab chiqaruvchisi boʻlgan Vades Group Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (TRAB) hamda Ipoteka Bank OTP Group’ning xavf-xatarlarni taqsimlash mexanizmi doirasida moliyalashtiriladi.
Bitimning umumiy hajmi 10 mln dollarni tashkil etadi, shundan 5 mln dollari moliyalashtirish uchun tasdiqlab boʻlingan.
Bitim imzolangani haqida TRABning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori va rahbari Andi Aranitasi maʼlum qildi. Ushbu bitim TRAB va Ipoteka-bank oʻrtasidagi moliyalashtiriladigan xavf-xatarlarni taqsimlash dasturi doirasidagi birinchisi boʻldi.
Risk Sharing Facility (RSF) doirasida TRAB bitim boʻyicha kredit xavfining 50 foizini oʻz zimmasiga oladi. Bunday mexanizm Ipoteka-bankka mahalliy kompaniyalar va investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish imkoniyatini beradi.
Jalb qilingan mablagʻlarni Vades Group biznesni kengaytirish va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yangi ishlab chiqarish korxonasini qurishga yoʻnaltiradi.
Yangi zavod kompaniyaga bank kartalari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish imkonini beradi, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kompaniya, shuningdek, yangi ishlab chiqarish liniyalariga sarmoya kiritish va mahsulot turlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bank kartalari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari, gap SIM-kartalarni ishlab chiqarish haqida ham bormoqda.
Moliyaviy koʻmakdan tashqari, Vades Group TRABning maslahat koʻmagida korporativ boshqaruv va komplayens standartlarini kuchaytirish ustida ishlamoqda.
Kompaniya allaqachon ISO 37001 standartini joriy qilgan va GSMA SAS-UP akkreditatsiyasidan oʻtishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ushbu akkreditatsiyani olish Vades Group’ga yangi xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradi.
Vades Group uchun ushbu kelishuv taraqqiyot bankining yangi mijozi sifatida TRAB bilan hamkorlikning boshlanishi boʻldi.
Oʻz navbatida, Ipoteka Bank OTP Group va TRAB oʻrtasidagi Risk Sharing Facility mexanizmi uchun ushbu operatsiya birinchi subkredit boʻldi.
Moliyalashtirish Vades Group’ning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishni va Toshkent viloyatidagi yangi korxona loyihasini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashi kerak.

