“Bank to‘laydi”: Ipoteka bank OTP Group 35 ta mikroqarzni o‘z hisobidan so‘ndiradi
Ipoteka bank OTP Group 'Bank to‘laydi' aksiyasini boshladi. Aksiya doirasida bank 35 nafar mijozning mikroqarzi bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘ini — har bir shartnoma bo‘yicha 50 mln so‘mgacha miqdorni to‘liq so‘ndiradi.

“Bank to‘laydi” aksiyasi doirasida Ipoteka bank OTP Group 35 ta mikroqarzni o‘z mablag‘lari hisobidan qoplab beradi.
Aksiyada 20 yoshdan kichik bo‘lmagan va 70 yoshdan oshmagan, 2026-yil 17-avgustdan 13-dekabrgacha (shu kun ham kiradi) Ipoteka Mobile ilovasi orqali 8 million so‘mdan 50 million so‘mgacha miqdorda yangi mikroqarz olgan hamda aksiya shartlariga mos keladigan mijozlar avtomatik tarzda ishtirok etadi.
Ishtirok etish uchun alohida ariza berish, ro‘yxatdan o‘tish yoki qo‘shimcha to‘lovlar qilish shart emas. Har bir kredit shartnomasi mikroqarz berilgan haftaga tegishli qur’a o‘yinida avtomatik ravishda qatnashadi.
Bank jami 17 ta haftalik qur’a o‘yini o‘tkazadi. Dastlabki 16 ta qur’a o‘yinining har birida ikki nafardan, yakuniy qur’a o‘yinida esa uch nafar g‘olib aniqlanadi. Qur’a o‘yinlari har dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da bankning Instagram’dagi rasmiy sahifasida jonli efirda o‘tkaziladi. Birinchi qur’a o‘yini 2026-yil 7-sentabrda, yakuniy qur’a o‘yini esa 28-dekabrda bo‘lib o‘tadi.
G‘oliblar tasodifiy tanlov asosida aniqlanadi. Tanlangan ishtirokchilarning aksiya shartlariga muvofiqligi tekshirilgandan so‘ng, bank har bir g‘olibning mikroqarzi bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘ini — har bir shartnoma bo‘yicha 50 million so‘mgacha bo‘lgan summani so‘ndiradi. Hisoblangan foizlar, muddati o‘tgan to‘lovlar, jarimalar va boshqa qo‘shimcha to‘lovlar sovrin tarkibiga kirmaydi.
Har bir mijoz aksiya doirasida faqat bir marta g‘olib bo‘lishi mumkin.
Qur’a o‘yinlarining to‘liq jadvali, ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar va “Bank to‘laydi” aksiyasining batafsil shartlari Ipoteka bank OTP Group’ning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.

